Janubiy Koreya va KXDR sportchilari birgalikda selfi qilishdi
Sportchilar stol tennisi bo‘yicha turnirning taqdirlash marosimidan keyin dushmanlikni unutib, do‘stona suratga tushishgani kadrlari internetda keng tarqalmoqda.
Sport — siyosatdan xoli ekani haqidagi gaplar bot-bot takrorlansa-da, Olimpiadalar vaqtida milliy nizolar bo‘y ko‘rsatib turadi. Kutilmagan joyda mojaro paydo bo‘lishi mumkin. KXDR va Janubiy Koreyadan bo‘lgan tennischilar uchrashuvi ham avvaliga porox bochkasidek ko‘rilayotgandi. Bu ikki mamlakat o‘n yillar mobaynida nizolashib keladi va bu boshqa sohalarga ham ko‘chadi. Ammo taqdirlash marosimidagi sportchilar ikki mamlakat o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni unutgan holda bir-biriga hurmat ko‘rsatishdi.
Stol tennisi bo‘yicha aralash juftlik bahslarida Shimoliy Koreya vakillari — Ri Chon Sik va Kim Kum Yen — kumush medallarga ega bo‘lishdi. Bu shimoliy koreyaliklar uchun 2016 yildan beri ilk olimpiya medali bo‘ldi, KXDR delegatsiyasi koronavirus tufayli Tokio olimpiadasiga bormagandi. Finalda bu juftlik yaqqol favorit bo‘lgan Xitoy vakillari bilan tengma-teng kurashishdi, lekin yakunda kumush bilan kifoyalanishdi. Bronza esa Lim Chon Hun va Shin Yu Bin juftligidan iborat Janubiy Koreya jamoasiga nasib etdi. Taqdirlash marosimidan keyin OAV va ijtimoiy tarmoqlarda janubiy koreyalik tennischi Lim Chon Hun KXDR vakili Ri Chon Sikning qo‘lini siqib qo‘ygani aks etgan fotosurat virus kabi tarqaldi. Sportchilar birgalikda selfi ham olishgan va bir-birini tabriklashgan.
Koreya yarimorolidagi ikki mamlakatning siyosiy ziddiyati Olimpiadaning ochilish marosimi vaqtida ham avj olgandi. Janubiy koreyalik sportchilar chiqqan qayiq sohildagi tribunalar qarshisidan o‘tayotganida suxandonlar ularni KXDR delegatsiyasi sifatida tanishtirdi. Janubiy Koreya sport vazirligi Xalqaro olimpiya qo‘mitasidan va mahalliy tashkiliy qo‘mitadan tushuntirish berishni so‘radi. Shundan so‘ng qo‘mita ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali uzr so‘radi.
Stol tennisi bo‘yicha turnirda ayollar va erkaklar o‘rtasidagi yakkalik bahslar ham o‘tkaziladi. Tez orada muxlislar KXDR va Janubiy Koreya sportchilarining yangi uchrashuvlariga guvoh bo‘lishadi.
Mavzuga oid
18:54 / 09.11.2024
Seul: Shimoliy Koreya GPS-signallarni uzib, kemalar va aviatsiyaga xalaqit bermoqda
13:49 / 09.11.2024
Rossiyaga o‘qish maqsadida rekord darajada KXDR fuqarolari kirib keldi
10:48 / 09.11.2024
O‘zbekiston va Janubiy Koreya yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni muhokama qildi
10:08 / 09.11.2024