Xitoy Ukraina tashqi ishlar vazirining tashrifidan keyin dronlar eksportiga qo‘yilgan cheklovni kengaytirdi
Xitoy Savdo vazirligiga ko‘ra, eksporti taqiqlangan mahsulotlardan «ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatish, terrorizm yoki harbiy maqsadlarda» foydalanmaslik kerak.
Xitoy ikki maqsadli mahsulotlar eksportiga qo‘yilgan taqiqni kengaytirdi. Ular orasida yuqori aniqlikda o‘lchash qurilmalariga ega uchuvchisiz boshqariladigan uchish apparatlari, lazerlar, infraqizil tasvirlarni olishga mo‘ljallangan uskunalar va boshqa texnikalar mavjud. Xitoy Savdo vazirligiga ko‘ra, ushbu mahsulotlardan «ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatish, terrorizm yoki harbiy maqsadlarda» foydalanmaslik kerak.
Mazkur o‘zgartirish bir oydan keyin, ya’ni 1 sentabrdan kuchga kiradi. U ilk bor 2023 yilning 31 iyul kuni e’lon qilingan hujjatga qo‘shimcha sifatida kiritilgan. O‘tgan bir yil davomida idora milliy xavfsizlikni himoyasini va Xitoy manfaatlari hamda xalqaro majburiyatlarini yanada samarali ta’minlash maqsadida «turli manfaatdor tomonlarning» takliflarini yaxshilab muhokama qilib chiqqan.
«Xitoy doim ilmiy-texnik rivojlanish barcha mamlakatlar xalqlariga foyda keltirishi kerak deb hisoblagan. Xitoy hukumati xitoylik kompaniyalarning fuqarolik uchuvchisiz uchish apparatlari sohasida xalqaro savdo va hamkorlikni amalga oshirishlarini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi hamda fuqarolik uchuvchisiz uchish apparatlaridan tinchlik o‘rnatishga qaratilmagan maqsadlarda noqonuniy foydalanishga qarshi», — deyiladi Savdo vazirligi bayonotida.
Bir hafta oldin, 24 iyul kuni Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Xitoyga tashrif buyurgan edi. U 2022 yil 24 fevraldan beri Ukrainaning Pekinga kelgan eng yuqori amaldori hisoblanadi. Tashrif davomida Xitoy tomoni mojaro mana uch yildan beri davom etayotgani va eksalatsiya xavfi mavjudligini qayd etgan.
Joriy yozda Bloomberg manbalari Xitoy va Rossiya kompaniyalari Eronning Shahed apparatlariga o‘xshash, zarba beruvchi dronlarni yaratish ustida ish olib borayotganini yozgandi. AQSh hukumatining hisoblashicha, Xitoy to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurol yetkazib berishdan tiyilib turibdi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga ko‘ra, Xitoy yetakchisi Si Tszinpin Rossiyaga qurol yetkazib bermaslik bo‘yicha so‘z bergan.
Mavzuga oid
22:21 / 11.11.2024
Reuters: Toyota Xitoydagi biznes strategiyasini o‘zgartiradi
22:18 / 11.11.2024
Xitoy 15 ta sun’iy yo‘ldoshga ega tijoriy raketani uchirdi
16:03 / 11.11.2024
Xitoydagi daryoda dunyodagi birinchi qutqaruvchi robot patrullik qilishni boshladi
10:47 / 11.11.2024