Jahon | 12:00 / 04.08.2024
9735
2 daqiqa o‘qiladi

“Hizbulloh” o‘nlab raketalar bilan Isroil shimoliga hujum qildi

Galiley yarimoroli uzra ko‘plab raketalar Isroilning “Temir qubba” havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan urib tushirilgani aytilmoqda.

Foto: The Times of Israel

The Times of Israel nashrining xabariga ko‘ra, “Hizbulloh” guruhi Livandan turib Isroil hududiga yopirilma raketa zarbasi uyushtirgan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Galiley yarimoroli uzra “Temir qubba” havo hujumidan mudofaa tizimi uchirilgan raketalarning katta qismini tutib olgan. Kiryat-Shmona va unga yaqin bir necha aholi punktlarida havo hujumidan ogohlantirish signallari chalingan.

Bir qator OAVlar Isroilga qarata o‘nlab raketalar uchirilganini yozayotgan bo‘lsa, ayrimlar ularning soniga aniqlik kiritib, raketalar 50 ta bo‘lganini aytishmoqda.

Bungacha, 3 avgust kuni kechqurun TsAHAL “Hizbulloh”ning Livan janubidagi Kfarkela tumanidagi obektlariga zarba berganini xabar bergan edi. Zarbalar infratuzilma obektlari va harbiy tuzilmalarga qarata berilgani xabar qilinmoqda.

“Bugun Isroil HHK samolyotlari Dayn Saryan hududida “Hizbulloh” terrorchisini yo‘q qilgan. Bundan tashqari Isroil mudofaa armiyasi artilleriyasi Udayssa hududidagi obektlarga zarba bergan”, — deyiladi TsAHAL xabarida.

Sky News Arabiaʼning g‘arb razvedkasidagi manbalariga tayanib bergan xabariga ko‘ra, Eron Isroilga 12-13 avgust kunlari hujum qilishni mo‘ljallamoqda.   

Mavzuga oid