Jahon | 07:31 / 05.08.2024
5398
3 daqiqa o‘qiladi

RF TIV: Rossiya va AQSh keskinlashuvdan qochishga muvaffaq bo‘ldi 

Moskva va Vashington ikki davlat mudofaa vazirlari o‘rtasidagi suhbatdan so‘ng keskinlashuvning «yangi bosqichi»dan qochishga muvaffaq bo‘ldi, dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov.

Foto: Andrey Lyubimov / RBK

Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov va uning amerikalik hamkasbi Lloyd Ostin o‘rtasidagi telefon suhbatidan so‘ng Rossiya va AQSh keskinlashuvning «yangi bosqichi»dan qochishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda 4 avgust, yakshanba kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunga Rossiya Federatsiyasi va AQSh mudofaa vazirliklari rahbarlari o‘rtasidagi suhbat «ta’sir qilgan».

«Aytishim mumkinki, ba’zi belgilarga ko‘ra, Rossiya tomonidan Vashingtonga yuborilgan signal yetib borgan», - deya Ryabkovning so‘zlaridan iqtibos keltiradi RIA «Novosti» Rossiya davlat agentligi. 

Shu bilan birga, tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Rossiya Federatsiyasini ushbu «signal»ni uzatishga aynan nima undaganiga aniqlik kiritmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «juda bezovta qiluvchi» epizod Rossiyadagi «ichki voqealar» bilan bog‘liq. Ryabkov, shuningdek, Belousov va Ostin o‘rtasidagi qanday telefon suhbati haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmadi - ular iyun va iyul oylarida ikki marta qo‘ng‘iroqlashgan.

NYT: Belousov Ostin bilan Ukraina «maxfiy operatsiyasi»ni muhokama qildi

Ostin va Belousov birinchi marta iyun oyi oxirida Amerika tomonining tashabbusi bilan qo‘ng‘iroqlashgan. O‘sha suhbat chog‘ida Pentagon rahbari Rossiya va AQSh harbiy idoralari uchun «aloqa kanallarini saqlab qolish» muhimligini ta’kidladi va Belousov bu vaziyat fonida mamlakatlar o‘rtasida «keyinchalik keskinlashuv xavfi» borligini bildirdi. 

Vazirlar 12 iyul kuni Moskva tashabbusi bilan ikkinchi marta gaplashdi, deb yozadi The New York Times. Nashr manbalariga ko‘ra, Belousov Ostin bilan bo‘lajak «Ukrainaning Rossiyaga qarshi maxfiy operatsiyasi»ni muhokama qilgan, Kreml buni AQSh ma’qullagan deb hisoblagan. Ostin bunga javoban Oq uy bu «fitna» haqida bilmasligini aytdi. Suhbatdan keyin Vashington Kiyev bilan bog‘lanib, uni Rossiya Federatsiyasiga qarshi «operatsiya»dan qaytargan. 

Mavzuga oid