Sport | 09:30 / 06.08.2024
23344
7 daqiqa o‘qiladi

40 yoshli Assakalov, ilk ayol kurashchi, Abdurahmonov o‘rniga dog‘istonlik - O‘zbekiston kurash jamoasining Parijdagi tarkibi va raqiblar haqida

Foto: MOQ

Parij Olimpiadasida sport kurashlari bo‘yicha bahslar ham boshlandi. Musobaqaga O‘zbekiston 7 nafar kurashchi bilan kelgan.

Yunon-rum kurashi

Yunon-rum kurashida 5-8 avgust kunlari erkaklar o‘rtasida 6 ta vaznda bellashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. O‘zbekistondan 3 ta vaznda ishtirokchi bor edi:

-60 kg: Islom Bahromov

-77 kg: Aram Vardanyan

-97 kg: Rustam Assakalov

Bellashuvlarni -60 kg vaznda Islom Bahromov boshladi. Rio Olimpiadasi sovrindori Elmurod Tasmuratovning shogirdi bo‘lgan samarqandlik kurashchi 1/8 finalda qochoqlar jamoasi vakili Jamol Valizodani 9:0 hisobida yengdi, ammo chorakfinalda KXDR a’zosi Se Ung Riga mag‘lub bo‘ldi va musobaqani medalsiz yakunladi.

6 avgust kuni -77 kg vaznda Aram Vardanyan Olimpiadadagi debyutini o‘tkazadi. Yerevanda tug‘ilgan kurashchi 2010 yildan beri O‘zbekiston jamoasi nomidan musobaqalarda qatnashadi. Aram 2019 yilgi jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritgan, ikki bor Osiyo chempionatida bronza medaliga sazovor bo‘lgan.

Vardanyan 1/8 finalda misrlik Mahmud Abdulrahmonga qarshi gilamga chiqadi. Agar chorakfinalga chiqsa, 1-raqamda saralangan, yaponiyalik Osiyo chempioni Nao Kusakaga duch kelishi mumkin. Bu vaznda jahon va uch karra Yevropa chempioni Malxas Amoyan (Armaniston), Tokio Olimpidasi kumush medali sohibi Akjol Mahmudov (Qirg‘iziston), Yevropa chempioni Sanan Sulaymanov (Ozarboyjon) ham bor.

-97 kg vaznda jamoa «oqsoqoli» Rustam Assakalov uchinchi Olimpiadasida ishtirok etadi. Krasnodarda tug‘ilgan sportchi 2012 yildan beri O‘zbekiston kurash jamoasi a’zosi. U qit’a chempionatlarida 3 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medallariga ega chiqqan. Jahon chempionatlarida esa kumush va bronza medallari sohibi bo‘lgan. Katta ehtimol bilan Parij-2024 40 yoshli kurashchi uchun so‘nggi yirik musobaqa bo‘ladi.

Assakalov 6 avgust kuni gilamga chiqadi va uning dastlabki raqibi honduraslik Kevin Mexiya bo‘ladi. 1/4 finalda esa jiddiy raqib — to‘rt karra jahon va yetti karra Yevropa chempioni, Rio Olimpiadasi g‘olibi Artur Aleksanyan qarshi olishi mumkin. Bu vaznda jahon va Osiyo chempioni, Tokio-2020 sovrindori Muhammadhodi Saravi (Eron), jahon chempioni Gabriel Rosillo (Kuba) ham bor.

Erkin kurash

Bellashuvlar 6 avgustdan boshlanadi va 11 avgustgacha davom etadi. Erkaklar va ayollarda 6 tadan — jami 12 ta vazn toifasi bor. O‘zbekiston 4 nafar kurashchi bilan qatnashadi.

-50 kg: Aktenge Keunimjayeva

-57 kg: G‘ulomjon Abdullayev

-74 kg: Razambek Jamalov

-86 kg: Javrail Shapiyev

O‘zbekiston tarixida Olimpiadada ilk bor ayol kurashchi — Aktenge Keunimjayeva (-50 kg) ishtirok etadi. Qoraqalpoq qizi 2017 yildan beri milliy jamoa a’zosi. Aktenge — yoshlar o‘rtasida Osiyo chempioni, kattalar o‘rtasidagi qit’a birinchiliklarida esa uch marta bronza medalini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, 24 yoshli sportchi Osiyo o‘yinlarida sovrindor bo‘lgan birinchi o‘zbekistonlik ayol kurashchi sanaladi.

Keunimjayeva 6 avgust kuni 1/8 finalda 8-raqamda saralangan, Yevropa chempioni Oksana Livachga (Ukraina) qarshi to‘qnash keladi. Chorakfinalga chiqa olsa, katta ehtimol bilan Tokio-2020 g‘olibi va to‘rt karra jahon chempioni Yui Susaki (Yaponiya) raqib bo‘ladi. Aktengeni og‘ir yo‘l kutmoqda.

-57 kg vaznda gilamga chiqadigan G‘ulomjon Abdullayev uchun bu ikkinchi olimpiada bo‘ladi. Xorazmda tug‘ilgan 25 yoshli kurashchi 2018 yilda milliy jamoaga qo‘shilgan. U yoshlar o‘rtasida ikki karra qit’a chempioni hisoblanadi.

Bu vaznda hozircha qur’a tashlanmagan. Favoritlar — Rio-2016 kumush medali sohibi, Osiyo va jahon chempioni Rei Higuchi (Yaponiya), aslida dog‘istonlik bo‘lgan, ikki karra jahon chempioni Zelimxan Abakarov (Albaniya), to‘rt karra Yevropa chempioni Arsen Arutyunyan (Armaniston).

-74 kg vazndagi Razambek Jamalov Olimpiadaga Bekzod Abdurahmonov qo‘lga kiritgan litsenziya orqali kelgan. Erkin kurashda litsenziyalar sportchiga emas, jamoaga beriladi. Abdurahmonov aprel oyida Qirg‘izistonda o‘tgan lisenzion turnirda yo‘llanma taqdim etgandi. Ammo murabbiylar shtabi atletlarning sport formasiga qarab, Bekzodni Razambekka almashtirishdi. Bu aslida Rossiyadan bo‘lgan va shu yili O‘zbekiston tarkibiga qo‘shilgan 26 yoshli kurashchiga katta mas’uliyat yuklaydi. Agar u sovrindor bo‘lolmasa, Tokio-2020da bronza medalini qo‘lga kiritgan Abdurahmonovning olib ketilmagani muhokamalarga sabab bo‘ladi.

Jamalov Dog‘istonda tug‘ilgan. U — kattalar o‘rtasida 2020 yilgi jahon chempionati g‘olibi, yoshlar o‘rtasida esa jahon va Yevropa chempionidir. Kurashchi iyun oyida O‘zbekiston nomidan Budapeshtdagi reyting turnirida qatnashib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. U turnirda Parij-2024 lisenziati Entoni Montero (Venesuela), Giorgi Elkabidze (Gruziya), Ali Abbos (Eron) va Murad Kuramagomedovni (Vengriya) mag‘lubiyatga uchratishni uddaladi.

Olimpiadada Jamalovning vaznida ikki karra jahon va to‘rt karra Yevropa chempioni, aslida kubalik bo‘lgan Frank Markes (Italiya), to‘rt karra jahon chempioni, Tokio-2020 bronza medali sovrindori Duglas Kayl (AQSh), Tokio-2020 kumush medali sohibi, Yevropa chempioni Magomedhabib Kadimagomedov (AIN — neytral), Shimoliy Osetiyada tug‘ilgan, to‘rt karra Yevropa chempioni Taymuraz Salkazanov (Slovakiya) g‘oliblikka da’vogarlardir.

-86 kg vaznda O‘zbekiston nomidan Javrail Shapiyev ishtirok etadi. Dog‘istonlik sportchi 2017 yildan beri tarkibda. U Rossiya safida o‘smirlar o‘rtasidagi Yevropa chempionatida g‘olib bo‘lgan. O‘zbekiston nomidan esa Osiyo chempionatida kumush, Osiyo o‘yinlarida bronzaga sazovor bo‘lgan. Shapiyev Tokio Olimpiadasida ham qatnashgan va beshinchi natijani qayd etgan.

Parijda Shapiyevning vaznida Olimpiya o‘yinlari oltin va kumush medallari sohibi, uch karra jahon hamda ikki karra Osiyo chempioni Hasan Yazdoni (Eron), ikki karra Yevropa chempioni, dog‘istonlik Dauren Kurugliyev (Gretsiya), uch karra Osiyo chempioni Azamat Dauletbekov (Qozog‘iston) bor.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston kurash jamoasi olimpiadalardan doim medal(lar) bilan qaytgan. Eng yaxshi natija Afina-2004ga to‘g‘ri keladi — 2 ta oltin, 1 ta kumush.

A’zamjon Izzatillayev

Mavzuga oid