Jahon | 20:31 / 06.08.2024
10553
8 daqiqa o‘qiladi

Kamala Harris prezidentlik kampaniyasidagi sherigini tanladi

Amerika nashrlari Kamala Harris Minnesota shtati gubernatori Tim Uolsni AQSh prezidentligi saylovlaridagi sherigi sifatida tanlagan, saylovda demokratlar g‘alaba qozongan taqdirda, u vitse-prezident lavozimini egallaydi.

Foto: Getty Images

Dam olish kunlarida Harris Vashingtonda bir necha nomzodlar bilan suhbat o‘tkazgan. U asosiy siyosiy janglar kechadigan muhim shtatlarda o‘z kampaniyasini faollashtirib, yettita shahar bo‘ylab besh kunlik tur boshlaganida Tim Uols unga qo‘shiladi.

CBS tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi so‘rovlar ko‘rsatishicha, Harris Trampni atigi bir punktga ortda qoldirmoqda. Yakshanba kuni e’lon qilingan boshqa bir so‘rovga ko‘ra, Bayden hali poygadan chiqishni istamaganida respublikachilar nomzodi besh punktlik ustunlikka ega bo‘lib turgan shtatlarda Tramp va Harrisning imkoniyatlari tenglashgan.

Demokratik partiya o‘z nomzodini rasman 19-22 avgust kunlari o‘tkaziladigan partiya qurultoyida e’lon qilsa-da, Harris allaqachon, qurultoyni kutmasdan o‘zini partiyaning prezidentlikka nomzodi deb hisoblash uchun yetarli miqdorda delegatlar (99 foiz) tomonidan qo‘llovga ega bo‘lgan.

Sherikni tanlash — uning shaxsiy qarori, bunda qurultoydagi delegatlar ovoz berish huquqiga ega bo‘lmaydi.

Tim Uols kim o‘zi?

Vitse-prezidentlikka nomzod tanlash qarori — bu katta ehtimol bilan Kamala Harrisning nomzodini ilgari surishdan keyingi eng muhim qarori edi. Tahlilchilar bu odam azaldan demokratlar ham, respublikachilar ham yaqqol ustunlikka ega bo‘lmagan ikkilanuvchi shtatlarga mansub va oq tanli kishi bo‘lishini kutayotgandi.

Jo Bayden saylovoldi poygasidan chiqib, Kamala Harrisni qo‘llab-quvvatlagach, saylovchilarning alohida toifalari yana demokratlarga ishonch bilan qaray boshladi — masalan, 30 yoshgacha bo‘lganlar va lotin amerikaliklarning jamoalari. Ammo shu o‘rinda Harrisning zaif nuqtasi ko‘rinib qoldi — Baydenni faolroq qo‘llagan keksa yoshli saylovchilar.

Vitse-prezidentlikka nomzodlar bir qancha edi, ammo u Tim Uolsni — Minnesota gubernatorini tanladi. Bu shtat azaldan demokratlarga moyillik bildirib keladi va saylovlar natijasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi, ammo 60 yoshli Uols tanlangani ko‘plab saylovchilarni qoniqtirishi tayin.

Uols — siyosiy muhorabalarda pishgan yetakchi bo‘lib, 2018 yilda Minnesotaga gubernator bo‘lishidan oldin 12 yil davomida Kongressda ishlagan. Uning oddiy nutqi va O‘rta g‘arbdagi kichik shaharchaga mansubligi mustaqil va konservativ saylovchilarni jalb qilishi mumkin.

Uols Nebraskadagi kichik shaharchada tug‘ilib o‘sgan. U Amerikaning taraqqiy etgan hududidagi nufuzli universitetda ta’lim olganiga qaramay, uni mamlakatning qishloq hududlari aholisi «o‘zimizniki» deb qabul qilishadi. U — o‘qituvchi hamda futbol murabbiyi yordamchisi sifatida tajribaga ega, shuningdek 24 yoshida AQSh milliy gvardiyasida xizmat qilgan. Sobiq senator Haydi Haytkemp Uols haqida shunday degandi: «U qishloq hududlarda yashovchi ko‘plab amerikaliklarnikiga juda o‘xshab ketadigan hayot tajribasiga ega odam».

Uols 2020 yilda, Minneapolisda Jorj Floyd o‘limidan keyin avj olgan tartibsizliklar vaqtida Minnesotani boshqargan. U tartibsizliklarni bostirish uchun Milliy gvardiyani yuborgandi.

Uols shuningdek o‘z shtatida ilg‘or qonunlar qabul qilish va ularni mo‘’tadil hamda mustaqil saylovchilar tushunadigan tarzda himoya qilish tajribasiga ega.

U xuddi Harris kabi ayollar abort huquqiga ega bo‘lishini yoqlaydi. Uning shtatdagi yutuqlari qatorida — maktab o‘quvchilarini bepul ovqatlantirish ta’minlangani keltiriladi. Jurnalistlar bu haqda so‘rashganida, u kinoyali tarzda javob qaytargandi:

«Mana [men] qanday zo‘rman! Qorni to‘q bolalar yaxshiroq o‘qishi mumkin. Ayollar o‘z salomatligi to‘g‘risida o‘zi qayg‘urishi mumkin. Qolaversa, biz biznes yuritish borasida eng yaxshi shtatlar beshligidamiz va aholining baxtiyorligi bo‘yicha uchinchi o‘rinni egallaymiz».

U o‘z vaqtida qishloq aholisi va respublikachi saylovchilar ko‘p yashaydigan okrugda g‘alaba qozonib, Kongressga saylangandi.

Siyosiy raqiblari uni pandemiya va 2020 yilgi namoyishlar vaqtidagi harakatlari uchun tanqid qilishadi.

Vitse-prezident qanday tanlanadi?

AQShda prezidentlikka nomzodlar doimo saylovda, g‘alaba qozonadigan bo‘lsa vitse-prezidentga aylanadigan sherigi bilan qatnashadi — Kamala Harrisning o‘zi Oq uyga aynan shunday yo‘l bilan kelgandi, u 2020 yilgi saylovlarda Jo Baydenning sherigi bo‘lgandi.

Vitse-prezidentlikka ehtimoliy nomzod FQB tekshiruvidan o‘tmaydi, ammo bu uni sinchiklab o‘rganishmasligini anglatmaydi.

«Siz qachondir jinsiy aloqa uchun pul to‘laganmisiz? Siz qachondir abort uchun to‘lov qilganmisiz? Sizda gomoseksual aloqalar bo‘lganmi?» Bular Kamala Harrisga Oq uy uchun jangda hamroh bo‘lishni istovchilarga beriladigan 200 savoldan faqat uchtasi.

Tekshiruvchilarda — saylovoldi shtabi xodimlari va huquqshunoslar, darvoqe, ular tekinga, muloqot va nufuzga erishish uchun ishlaydi, — qoidaga ko‘ra, barcha ehtimoliy kompromatlarni qidirib topish uchun bir oyga yaqin vaqt bo‘ladi. Ular bo‘lg‘usi nomzodlarning soliq deklaratsiyalari va kasallik tarixlarini o‘rganishadi. Ular nafaqat nomzodlarning, balki ularning farzandlarining ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalariga kirishi mumkin.

Oiladagi xiyonatga kichik ishora paydo bo‘lsa — ular ehtimoliy nomzodning qachondir aytgan yoki yozgan har bir so‘zini tekshirib chiqishadi.

Ba’zida tekshiruvchi hech kimning xayoliga kelmaydigan savolni berishi va ehtimoliy muammoni aniqlashi mumkin — garchi u katta bo‘lmasa va nomzodni diskvalifikatsiya qilish uchun yetarli bo‘lmasa ham.

Vitse-prezident nima qiladi?

AQSh Konstitutsiyasida vitse-prezident lavozimi hokimiyatning qaysi tarmog‘iga mansub ekani aniq ko‘rsatilmagan, bu esa olimlar orasida u qaysi tarmoqqa mansub ekani haqida bahslar tug‘diradi — ijrochi, qonunchi, ikkisi yoki ulardan hech biri. Ammo bu faqat akademiklarning nazariy tadqiqotlari, amalda esa vitse-prezident lavozimi doimo bo‘lmasa ham anchagina vakolatlarni ko‘zda tutadi.

AQShning yangi tarixida vitse-prezidentlar prezidentning asosiy maslahatchisi, boshqaruvdagi hamkor va prezident vakili sifatida namoyon bo‘ladi. Shuningdek, vitse-prezident vazirlar kabineti va AQSh Milliy xavfsizlik kengashi a’zosi sanaladi, shu tariqa, ijro hokimiyati va milliy xavfsizlik masalalarida muhim rol o‘ynaydi.

Vitse-prezident Senat raisi sifatida hokimiyatning qonunchilik tarmog‘idangi lavozim ham hisoblanadi. Bu lavozimda vitse-prezident Senatda raislik qilish huquqiga ega, ovozlar teng kelib qolganida esa hal qiluvchi ovozga ega bo‘ladi.

Shuningdek, vitse-prezident davlat rahbari vafot etgan yoki lavozimidan chetlatilgan taqdirda navbatdan tashqari saylovlargacha vaqtincha uning o‘rnini egallaydi. Prezident vaqtincha lavozimiga layoqatsiz bo‘lib qolganida, masalan, narkoz ostida jarrohlik amaliyoti o‘tkazganida ham vitse-prezident mamlakat boshqaruvini qo‘lga oladi.

Mamlakat prezidentidan farqli o‘laroq, vitse-prezident uchun muddat cheklanmaydi, nazariy jihatdan u turli davlat rahbarlari davrida ushbu lavozimni egallashi mumkin — buning uchun faqat uni sherik sifatida tanlash va saylovda g‘alaba qozonish kifoya.

Mavzuga oid