Iqtisodiyot | 18:32 / 06.08.2024
4280
3 daqiqa o‘qiladi

Qalbaki markirovkali tovarlar savdosi uchun jinoiy javobgarlik joriy etilishi mumkin

O‘zbekistonda qalbaki raqamli markirovkalangan yoki kontrafakt mahsulotlarni import qiluvchi, ishlab chiqaruvchi, ulgurji va chakana sotuvchilarga nisbatan jinoiy javobgarlik joriy etish, bunday holatlarda mahsulotlarni musodara qilish rejalashtirilmoqda. Raqamli markirovkalanadigan mahsulotlarning ulgurji savdosi naqdsiz shaklga o‘tkaziladi.

Foto: zdrav.expert

Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Majburiy raqamli markirovkalash lozim bo‘lgan tovarlarning chakana savdosini tartibga solish to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.

Unda belgilanishicha, Soliq qo‘mitasi 2024 yil 1 sentabrga qadar alkogol, tamaki va pivo mahsulotlari, maishiy texnika va dori vositalari chakana savdosi bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarning «Asl belgisi» milliy axborot tizimidan ro‘yxatdan o‘tgani hamda raqamli markirovkalash talablariga rioya etilayotganini nazoratga oladi.

Qaror bilan Soliq qo‘mitasiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026 yil 1 avgustga qadar qalbaki raqamli markirovkalangan yoki kontrafakt mahsulotlarni import qiluvchi, ishlab chiqaruvchi hamda ulgurji va chakana realizatsiya qiluvchilarga nisbatan jinoiy javobgarlik joriy etishni nazarda tutuvchi hujjat loyihasini ishlab chiqish topshirilgan. Bunda ushbu mahsulotlar musodara qilinishi ham rejalashtirilgan.

Shuningdek, Soliq qo‘mitasi alohida tuzilma tashkil etiladi. U raqamli markirovkalash qoidalariga rioya etilishini nazorat qilishi, yashirin ishlab chiqarish faoliyati va qalbaki tovarlar tarqalishiga qarshi kurashish orqali soliq tushumlarini to‘liq ta’minlashi zarur.

Bundan tashqari, 2024 yil 1 noyabrga qadar raqamli markirovkalanadigan mahsulotlarning ulgurji savdosini faqat naqd pulsiz shaklda sotish talabini belgilaydigan hujjat loyihasi ishlab chiqish topshirilgan.

Qarorda belgilanishicha, Raqobat qo‘mitasi onlayn nazorat-kassa mashinasi va virtual kassaga ulangan shtrix-kodlar va raqamli markirovka kodlarini to‘g‘ri o‘qishni va aniqlashni ta’minlovchi maxsus qurilmalarning narxlari sun’iy ravishda oshib ketishining oldini olishi shart bo‘ladi.

Shu bilan birga, marketpleyslar uchun markirovka qoidalari buzilganda javobgarlik choralarini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Maqsad birjalar va elektron savdo maydonchalarida sotuvchilar uchun «Asl belgisi» tizimida ro‘yxatdan o‘tishni majburiy qilishdan iborat. Yanvar oyidan boshlab mazkur tizimda sotuvchi ishtirokini tekshirishni joriy etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, markirovkalanadigan mahsulotlarni sotish vaqtida skanerdan o‘tkazilgandan keyingina xarid chekini chop etish tizimini joriy qilish, tadbirkorliklarning barqarorlik reytingi bo‘yicha baholashda markirovkalash talablarining bajarilishini inobatga olish, import qilinayotgan va markirovkalanadigan mahsulotlarni bojxonada markirovkalangan holda erkin muomalaga chiqarishga ruxsat berish, bojxona deklaratsiyasida tovarlar va xizmatlarning identifikatsiya kodini (MXIK) ko‘rsatish ham taklif etilmoqda.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasiga 1 dekabrga qadar «Savdo to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatilgan.

Mavzuga oid