O‘zbekiston | 21:22 / 08.08.2024
4316
6 daqiqa o‘qiladi

8 avgustning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Prezidentning Qozog‘istonga davlat tashrifi, Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li qurilishining boshlanish sanasi, elektr energiyasi hisobini yurituvchi yangi billing tizimi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Prezidentning Qozog‘istonga davlat tashrifi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha davlat tashrifi bilan Qozog‘istonga borgan edi.

Bugun Ostona shahridagi Oqo‘rda qarorgohida O‘zbekiston prezidentini rasmiy kutib olish marosimi o‘tkazildi.

Oqo‘rda qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Tashrif arafasida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, biznes forumi va qator madaniy tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 2034 yilga qadar strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturi tayyorlandi, tashqi siyosat idoralari rahbarlari raisligidagi kengash tashkil etilmoqda.

Oqo‘rda qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

“Bugun biz Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisini o‘tkazmoqdamiz. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari rivojida tarixiy voqea hisoblanadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonning «Oltin Qiron» ordeni bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston prezidenti Qozog‘iston Respublikasining oliy davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Qardosh mamlakatning oliy davlat mukofotini O‘zbekiston yetakchisiga prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev tantanali ravishda topshirdi.

«Oltin Qiron» oliy ordeni bilan davlat arboblari Qozog‘iston bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun taqdirlanadi.

Ikki tomonlama muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Olmaota shahrida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Chirchiq shahrida M.Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universitetining filiallarini tantanali ravishda ochdi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari «Sian-Xorg‘os-Olmaota-Sariog‘och-Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha birinchi yuk poyezdining yetib kelishiga bag‘ishlangan marosimda ham ishtirok etdilar.

Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisi yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qo‘shma bayonot hamda Oliy davlatlararo kengashning 2024-2034 yillarda strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturini tasdiqlash va Tashqi ishlar vazirlari kengashini tuzish to‘g‘risidagi qarorlarini imzoladi.

Xitoyga temiryo‘l qurilishi qachon boshlanadi?

«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘li qurilishi qachon boshlanishi ma’lum qilindi. Qurilishi shu yilning oktyabr oyida boshlanadigan temiryo‘l «Qashg‘ar–Torugart–Maqmal–Jalolobod–Andijon» yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi.

«Qirg‘iz temir jolu» kapital qurilish boshqarmasi boshlig‘i Risqulbek Jumaboyevga ko‘ra, amalga oshirilayotgan xalqaro loyiha Qirg‘izistonni geografik boshi berk ko‘chadan chiqaradi.

«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘li Trans-Yevrosiyo transport yo‘lagi janubiy qismining tarmoqlaridan biriga aylanadi.

Rejalashtirilgan temiryo‘lning yillik yuk tashish hajmi 15 million tonnaga yetishi, iste’molchilarga tovarlarni yetkazib berish muddati yetti kunga qisqarishi kutilmoqda.

Qirg‘iziston «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘li qurilishi uchun Xitoy banklaridan kredit olish niyatida. Loyihaning umumiy qiymati 4 milliard 700 million dollarga baholangan.

Toshkent aeroportidagi qulaylik

Toshkent xalqaro aeroportida yo‘lovchilar uchun kutish hududi kengaytirildi. Loyihaga ko‘ra, yana 2 ming kvadrat metrga kengaytirilgan uchish zalining «steril» hududi o‘rindiqlar bilan jihozlangan keng kutish hududi hamda «fud-kort» tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlanishicha, qo‘shimcha zalning qurilishi umumiy jo‘nash zalini B5-B6-B7 chiqish yo‘laklari bilan ulash imkonini berdi. Bundan tashqari, keyinchalik kelayotgan va ketayotgan yo‘lovchilar oqimini ajratib turuvchi alohida galereya va pastki zaldan bortga chiqish yo‘laklarini ochish mumkin bo‘ladi.

HET” AJdan yangi billing tizimi

Elektr energiyasi hisobi uchun yangi HET Billing dasturiy kompleksi to‘liq ishga tushirildi.

Yangilangan tizim orqali iste’mol qilingan elektr energiyasi hisobi, xususan, to‘lov ma’lumotlari, kunlik elektr energiya iste’moli va boshqa har qanday ma’lumotni onlayn tarzda kuzatib borish mumkin.

Avvalroq, yangi billing dasturiy kompleksi ishga tushirilishi munosabati bilan 31 iyuldan 5 avgustgacha elektr energiyasi uchun onlayn to‘lovlarni amalga oshirish hamda shaxsiy hisob raqamdagi mavjud ma’lumotlarni olishda texnik uzilishlar bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tizimni joriy etishdagi kechikishni bir qancha texnik jarayonlarni o‘z ichiga olgani, bosqichma-bosqich ishga tushirilgani bilan izohladi va noqulaylik uchun iste’molchilardan uzr so‘radi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid