Jahon | 09:36 / 09.08.2024
2602
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil Norvegiya elchixonasining 8 diplomati akkreditatsiyasini bekor qildi

Isroil Tashqi ishlar vazirligi Norvegiyaning Falastin mustaqilligini tan olish qarorini tanqid qildi. FMM bilan aloqalar uchun mas’ul elchixona xodimlarining akkreditatsiyasi bekor qilindi.

Foto: Beate Oma Dahle/NTB/REUTERS

Isroil Norvegiyaning mamlakatdagi elchixonasida Falastin milliy ma’muriyati (FMM) bilan aloqalar uchun mas’ul bo‘lgan sakkiz nafar diplomatning akkreditatsiyasini bekor qildi. Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats bu qaror haqida Skandinaviya qirolligini xabardor etdi, deb xabar berdi 8 avgust, payshanba kuni Isroil TIV.

Bayonotda bu qarorga «Norvegiya hukumatining Isroilga qarshi va bir tomonlama qadamlari» sabab qilib ko‘rsatilgan. 2023 yil 7 oktyabr kuni Hamas hujumidan keyin Falastin terroriga qarshi kurashish va Isroilni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, «Norvegiya Hamasning qotillari va zo‘rlovchilarini Falastin davlatini tan olish bilan mukofotlashga qaror qildi», dedi Kats.

«Kim bizga hujum qilsa va bizga qarshi bir tomonlama siyosat yuritsa, buning uchun narx to‘laydi», - deya qo‘shimcha qildi Isroil vaziri. Norvegiya elchisi tegishli nota topshirish uchun Isroil Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi.

Norvegiya Falastin davlatini tan oldi

May oyining oxirida Norvegiya Ispaniya va Irlandiya bilan birgalikda Falastinni mustaqil davlat sifatida tan oldi. «Ushbu e’tirof tufayli biz Oslo kelishuvlari bilan (Isroil va Falastin o‘rtasida) boshlangan jarayonga yangi dastur taqdim etmoqdamiz», dedi Norvegiya tashqi ishlar vaziri Espen Bart Eyde. Uning fikricha, bu qaror, agar boshqa davlatlar Norvegiyadan o‘rnak olsa, Yaqin Sharqda vaziyat «tinch yo‘l bilan yechim topishiga ko‘proq turtki berishi» mumkin.

Norvegiya 1993 yilda Isroil va Falastin o‘rtasida Falastin milliy ma’muriyatini tashkil etish to‘g‘risidagi Oslo kelishuvlari imzolanganidan buyon mintaqada muhim rol o‘ynadi.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi. 

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 40 mingga yaqin falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid