Jahon | 15:10 / 10.08.2024
2317
3 daqiqa o‘qiladi

Kataloniya separatistlari yetakchisi Puchdemon Ispaniyani tark etdi

Barselonadagi mitingda to‘satdan paydo bo‘lganidan so‘ng, qidiruvga berilgan Kataloniyaning sobiq rahbari Karles Puchdemon yana Ispaniyani tark etdi.

Foto: Lorena Sopena/REUTERS

Ispaniya rasmiylari tomonidan qidiruvga berilgan kataloniyalik ayirmachilar yetakchisi Karles Puchdemon Barselonada paydo bo‘lgach, yana mamlakatni tark etdi. Bu haqda 9 avgust, juma kuni uning advokati Gonsalo Boyye ma’lum qildi. «Puchdemon Ispaniyadan tashqarida», - deya advokatdan iqtibos keltiradi RAC1 katalon radiostansiyasi. Kataloniya sobiq rahbari Belgiyaning Vaterloo shahriga borib, u yerda yetti yillik majburiy muhojirlikni o‘tkazgan, dedi uning «Kataloniya uchun birga» partiyasi bosh kotibi Jordi Turul.

«U o‘z siyosiy ishlarini bajardi va uni tugatib, hamma kabi uyiga ketdi», dedi Puchdemonning advokati jurnalistlarga siyosatchi kutilmaganda Barselonada paydo bo‘lishiga ishora qilib. Puchdemon 8 avgust kuni minglab tarafdorlari oldida nutq so‘zladi, shundan so‘ng yana g‘oyib bo‘ldi. Politsiya uni qo‘lga ololmadi.

Kataloniyani Ispaniyadan ajralib chiqishga qarshi bo‘lgan siyosatchi boshqaradi

2010 yildan beri Kataloniyani birinchi marta bu hudud Ispaniyadan ajralib chiqishiga qarshi bo‘lgan siyosatchi boshqaradi. Kataloniya parlamenti Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanchesning ishonchli vakili bo‘lgan sotsialist Salvador Ilyani viloyat ma’muriyati rahbari lavozimiga tasdiqladi, deb yozadi AFP 8 avgust kuni.

Ertasi kuni, 9 avgustda «Kataloniya uchun birga» partiyasi bosh kotibi Jordi Turul o‘z fraksiyasi Ispaniya parlamenti quyi palatasida hukumatni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi mumkinligini tan oldi. Turulning so‘zlariga ko‘ra, uning pozitsiyasi o‘zgarishiga Salvador Ilyaning Kataloniya rahbari etib tasdiqlanishi, shuningdek, Madridda parlament tomonidan tegishli qonun qabul qilinganiga qaramay, Ispaniya Oliy sudi Puchdemonga amnistiyani ma’qullashdan bosh tortgani ta’sir ko‘rsatgan.

Puchdemon hibsga olinishi mumkin

Kataloniya sobiq rahbari qo‘lga olinishi mumkin, chunki Ispaniya adliya tizimi uni talon-toroj qilish yo‘li bilan shaxsiy boyib ketishda ayblab hibsga olish uchun order bergan. OAV xabarlariga ko‘ra, u politsiyaning muvofiqlashtirilgan va maxfiy hibsga olish taklifini rad etgan.

Iyul oyi boshida Ispaniya Oliy sudi 2017 yilda ushbu avtonom viloyat mustaqilligi bo‘yicha referendum o‘tkazishda aybdor deb topilgan Puchdemonga nisbatan amnistiyani tasdiqlashdan bosh tortgan. Sud qaroriga ko‘ra, u va Kataloniyadagi ayirmachilik harakatining boshqa ba’zi yetakchilari davlat pullaridan foydalanib, noqonuniy referendum o‘tkazib, boyib ketishgan. Shu munosabat bilan amnistiya to‘g‘risidagi qonun ularga nisbatan qo‘llanmaydi.

Avvalroq, Karles Puchdemon amnistiya kuchga kirgach, Ispaniyaga qaytishga tayyorligini bildirdi. U saylovlardan keyin yana Kataloniya hukumatiga rahbarlik qilmoqchi edi. 

Mavzuga oid