O‘zbekiston | 20:42 / 11.08.2024
11887
6 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyo integratsiyasini urg‘ulagan maslahat uchrashuvi. Ekspertlar bilan suhbat

Ostonaga yig‘ilgan Markaziy Osiyo yetakchilari jipslashish zarurati haqida gapirishdi. Xo‘sh, mintaqa davlatlarini bunga undayotgan omillar qaysilar? To‘siqlar-chi? KXShTga a’zo Qozog‘istonning MOda umumiy mudofaa siyosatiga chorlovi nimadan darak beradi? “Geosiyosat”da bu kabi savollarni siyosatshunoslar Farhod Tolipov va Oybek Sirojov tahlil qildi.

Oybek Sirojovning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlariga birlashuv boshqa davlatlar, masalan Rossiya yoki Xitoy ta’siridan masofa saqlash uchun ham kerak.

“E’tibor beradigan bo‘lsangiz, mintaqada xavfsizlik masalasi dolzarblashsa, integratsiya masalasi ham oldinga suriladi: 1992 yil, 1997 yildagi voqealar yoki Afg‘oniston voqealari ham bunga misol bo‘la oladi”, deydi u.

Sirojov 1990-yillarda ham Markaziy Osiyo birligi bo‘yicha bir nechta platformalar tuzilgani, lekin bular ham ichki, ham tashqi sabablar bilan muvaffaqiyatli bo‘lmaganini eslaydi. “Bu yerda mintaqa davlatlari birlashsa, kim boshliq bo‘ladi degan muammo borligi uchun ham bu jarayon sustlashmoqda. Shuningdek, boshqa yirik tashqi dunyo davlatlari o‘z ichimizdan turli muammolar qo‘zg‘ashga harakat qilishdi. Bu chegara va suv muammolarida ko‘rinadi. Bu esa boshqa davlatlarga qo‘l keldi”, deydi tahlilchi.

Farhod Tolipovga ko‘ra, o‘sha vaqtlarda OAVda va ilmiy davralarda Markaziy Osiyo integratsiyasiga go‘yoki boshliq bo‘lish borasida O‘zbekiston va Qozog‘istonning imkoniyatlari taqqoslangan, bu borada raqobat ketmoqda degan fikrlar aylantirilgan. “Lekin bu shunchaki afsona ekani ayon bo‘lgan. Hattoki bir sammitda Karimov va Nazarbayevlarga bir jurnalist shunday mazmundagi savolni berganda, ular juda qiziq javobni berishgan edi. “Biz raqobat hech qanday foyda keltirmasligini tushunib turibmiz, bizdan keyin xalqimiz qay ahvolda qolishi mumkinligini ham bilamiz va shunga ko‘ra izchil harakat qilmoqdamiz”, deb javob berishgan. Agar boshqa geosiyosiy masalalarga aralashmasdan faqat Markaziy Osiyo integratsiyasini ustuvor qo‘yadigan bo‘lsa istalgan mintaqa davlatlari boshliqlari bunga munosib, albatta”, – dedi Farhod Tolipov.

Shu hafta Ostonada o‘tgan navbatdagi maslahat uchrashuvida Shavkat Mirziyoyev milliy ID kartalarni o‘zaro tan olishga chaqirdi. Tahlilchilarga ko‘ra, bu tashabbusning amalga oshishi integratsiya yo‘lida juda katta qadam bo‘lgan bo‘lardi.

“Men doim Yevropa integratsiyasini boshqa davlatlarga namuna sifatida ko‘rsatish kerak deb ta’kidlayman. Yevropa ham kichik harakatlar orqali umumiy siyosiy jarayonni amalga oshirgan va bu ularga bir ruhlantiruvchi ham bo‘lgan. Va mana bu biz ko‘rib turgan Yevropa Ittifoqi shakllandi. Markaziy Osiyoda ID-karta orqali chegaradan o‘tish amalga oshirilganining o‘zi ham integratsiyaning rivojlanayotganidan dalolat beradi, bu Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida amalga oshirilmoqda. Beshala davlat orasida erkin harakatlanish imkoniyatining vujudga kelishi integratsiyaning muhim asoslaridan biri bo‘ladi”, deydi Farhod Tolipov.

Oybek Sirojov jiplashuv xalqlar o‘rtasidagi yaqinlikni mustahkamlashi kerakligiga urg‘u berdi. “Yagona shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan butun Markaziy Osiyoda yurish nafaqat turizm sohasida, balki barcha jabha uchun muhim. Masalan, ta’lim sohasida ham buning rivojini ko‘rishimiz mumkin. Bu yerda integratsiya siyosiy elita yoki rahbarlarning yaqinlashuvi emas, butun jamiyatning birdek yaqinlashuvi hisoblanadi. Yagona Markaziy Osiyo jamiyatini shakllantirishning muhim omillaridan biri – erkin harakatlanishni ta’minlash, erkin harakatlanishni ta’minlashning huquqiy asosi esa ID-kartalarni o‘zaro tan olish bo‘ladi. Ammo xavfsizlik arxitekturasining yemirilishi va notinchlik hukm surayotgan bir davrda, bu jarayonni amalga oshirish birmuncha sekinroq kechishi mumkin. Lekin hozir – butun Markaziy mintaqa uchun unikal payt, biz bundan unumli foydalanishimiz zarur”, dedi u.

Qosim-Jo‘mart To‘qayev maslahat uchrashuvidan oldin e’lon qilgan maqolasida mintaqa davlatlari mudofaa va xavfsizlik siyosati doirasida birlashishi kerakligini ta’kidladi. Bu haqda so‘z yuritgan Farhod Tolipov bir vaqtlar Markaziy Osiyo bataloni tuzilganini yodga oldi.

“Bu yerda markaziy batalonni rivojlantirish borasida tajriba bor avvaldan. NATOning tinchlik yo‘lida hamkorlik loyihasida barcha Markaziy Osiyo davlatlari birdek qatnashdi. Zamonaviy standartlarga moslashish, qurol-yarog‘, aloqa, qo‘mondonlik, ularni tatbiq qilish masalalarini o‘rganish bo‘yicha tajribaga erishdik. Mana, oxirgi yillarda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarboyjon harbiy qo‘shinlari birgalikda harbiy mashqlarni bajarishdi. Sekin-sekin bir-biriga moslashish, bir-birini tanish, ijtimoiy mudofaa shakllantirilmoqda”, deydi tahlilchi.

Oybek Sirojovga ko‘ra, mintaqa davlatlari avvalo iqtisodiy integratsiyaga asosiy urg‘u berishi, harbiy integratsiya esa turkiy davlatlar tashkiloti doirasida bo‘lishi maqsadga muvofiq. “Ozarboyjon va Turkiyaning bosib o‘tgan yo‘li bizga o‘rnak bo‘la oladi. Hozirda ikki davlat yagona armiya masalasini ilgari surishmoqda. Keyingi davrdagi Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi to‘qnashuvda Ozarboyjon va Turkiyaning birlashuvi muhim rol o‘ynadi”, deydi u.

Suhbat bilan to‘liq shaklda video orqali tanishishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid