O‘zbekiston | 15:51 / 12.08.2024
6508
4 daqiqa o‘qiladi

“Aholi bilan kelishilgan” - poytaxt hokimligi bolalar maydonchasi joylashgan hudud sotuvga qo‘yilganiga izoh berdi

Ta’kidlanishicha, Olmazor tumanidagi bu hudud bosh rejasi aholi bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, bolalar maydonchasi xavfsizroq joyga ko‘chirilib, yangilanadi.

11 avgust kuni Kun.uz'da Toshkent shahar hokimiyati va “Tashkent Invest” AJ tomonidan e-auksion.uz platformasiga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun mo‘ljallangan yer uchastkalari joylashtirilgani, ular qatorida Olmazor tumanidagi yashil hudud va bolalar maydonchasi joylashgan bo‘lgan 2 ta yer uchastkasi ham sotuvga qo‘yilgani xabar qilingandi.

Ushbu vaziyat yuzasidan shahar hokimiyati rasmiy izoh berdi. Qayd etilishicha, bolalar maydonchasi joylashgan Yangi Sebzor mahallasi "Obod mahalla" dasturiga kiritilgan bo‘lib, shu asosda yangilanmoqda.

Mahallaning yangi bosh rejasi bevosita aholi istaklari va ular bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan. Jumladan, bolalar maydonchasi joylashuvini o‘zgartirish, ya’ni uni transport qatnovi qismidan ichkariroqqa ko‘chirish ham aholi istagi edi. Shuningdek, loyiha hududdagi daraxtlar kesilishini istisno qiladi.

Rasmdan ko‘rinib turibdiki, maydonchaga eskirgan qurilmalar o‘rnatilgan, ularning ayrimlari buzilgan, shuningdek, u to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l yoqasida joylashgan bo‘lib, bu aholi hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diradi”, – deyiladi rasmiy munosabatda.

Qo‘shimcha qilinishicha, shu sababli "Obod mahalla" dasturi doirasida maydonchani xavfsizroq joyga ko‘chirish, qoplamasini yangilash va yangi arg‘imchoqlar hamda jihozlar bilan to‘ldirish rejalashtirilgan.

Hokimiyat matbuot xizmati Sebzor mahallasidagi ko‘p yillik daraxtlar bor yer masalasida ham Kun.uz yuborgan so‘rovga javob berdi. Unga ko‘ra, sog‘lom ko‘p yillik daraxtlarning barchasi saqlanib qolinadi, kamiga qo‘shimcha ekiladi.

Agar imkonsiz darajada halal qilsa, Ekologiya boshqarmasidan ruxsat olingan holda ko‘chirilishi mumkin.

Bu joy hali ijaraga berilmadi, shu sababli u yerda nima bo‘lishi hali aniq emas”,– deydi matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, sotuv amalga oshirilayotgan platforma (projecs.toshkentinvest.uz sayti )— e-auksion tizimi bilan integratsiyalangan shaffof auksion tamoyilidagi maydoncha hisoblanadi. Obektlarni sotish yoki ijaraga berishdan olingan barcha mablag‘lar mahalla va tuman rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

Bunday obektlarni sotib olish tadbirkorga mas’uliyat yuklaydi va natijada aholi farovonligiga xizmat qiladi: yangi ish o‘rinlari yaratiladi, infratuzilma yaxshilanadi, ijtimoiy-iqtisodiy samara beradi”, – deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avgust boshida auksionga 110 dan ortiq yer uchastkalari tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun qo‘yilgandi.

Muhokamalarga sabab bo‘lgan Olmazor tumani Yangi Sebzor mahallasida qurilgan 2,5 sotixli bolalar maydonchasi 1 mlrd 219 mln so‘mga, Sebzor mahallasidagi 1 sotixli ko‘p yillik daraxtlarga ega joy esa 512 mln 246 ming so‘mga baholangandi.

Ko‘p qavatli uylar ro‘parasida joylashgan bu ikki yer uchastkasi 2 qavatli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish binosi qurishga ixtisoslashgani bildirilgandi.

Mavzuga oid