O‘zbekiston | 17:13 / 12.08.2024
4428
5 daqiqa o‘qiladi

Muqobil energiya manbalaridan foydalanishni rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi

Hozirgacha Buxoro viloyatida 2 ming xonadon va 750 ta tadbirkor panellar o‘rnatgan bo‘lsa-da, tarmoqqa berilgan elektr uchun bor-yo‘g‘i 292 tasiga puli to‘langani tanqid qilindi. Oqibatda panel o‘rnatganlar rag‘bat sezmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligidagi videoselektorda Buxoro viloyati misolida tadbirkorlarga ko‘proq sharoit yaratish, har bir tumanni ixtisoslashtirish, energiyadan oqilona foydalanish, yashil manbalarni ko‘paytirish, tuman idoralarini samarali ishlashga o‘rgatish ko‘rib chiqildi.

Ikki oy oldin Buxoroga tashrifda hamma muammolar yechimi ko‘rsatib berilgan edi. Tashrifdan keyin viloyatga 1,4 trillion so‘m ajratildi. Bugun Prezident tomonidan imzolangan qarorlarga muvofiq viloyatga tadbirkorlik uchun qo‘shimcha 60 million dollar, infratuzilmaga 40 million dollar ajratiladi. 

Viloyat hokimi, uni o‘rinbosarlari, tuman hokimlari shunga munosib ishlab, joylardagi tashkilotlar oldiga aniq vazifa, xodimlariga KPI belgilab, har kuni aniq natijaga ishlashi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. 

Kelgusida har bitta tarmoq va viloyatdagi haqiqiy ahvol shunday tahlil qilinib, muhokama o‘tkazilishi belgilandi.

Buxoroda eng asosiy masala – xizmatlarni rivojlantirish ekani ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, sohani rivojlantirish muhandislik va farmatsevtikada 23 foiz, elektrotexnikada 30 foiz o‘sishni ta’minlaydi.

Buxoroda 584 ta mehmon uylari, 122 ta umumiy ovqatlanish, 18,5 mingta savdo, 30 ta salomatlik va fitnes markazlari bor. Lekin har ming kishiga oshxona va restoranlar soni Samarqanddan 10 karra kam.

Shofirkon aholisi 200 mingga yaqinlashib, viloyatda uchinchi o‘ringa chiqdi. Shunday bo‘lsa-da, tuman xizmat ko‘rsatish bo‘yicha viloyatda eng oxirgi o‘rinda.

Vobkent, Romitan, Jondor tumanlarida olib borilayotgan namunali ishlarni qayd etib, Prezident boshqa tumanlarda tashabbuskorlik ko‘rinmayotgani, markaziy ko‘chalar va massivlarga yangi qiyofa olib kirish sustligi bo‘yicha qat’iy e’tiroz bildirdi.

Xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish maqsadida viloyatdagi 62 ta massiv va 54 ta ko‘chani rivojlantirish chora-tadbirlari tasdiqlandi.

Bu ko‘chalar ovqatlanish, salomatlik, mehmonxona, hunarmandchilik, savdo va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtiriladi, ularda 4 ming nafar tadbirkor uchun sharoit yaratiladi va 6 ming aholi bandligi ta’minlanadi. Ularda kamida 5 ta xalqaro mehmonxona hamda ovqatlanish tarmoqlarini joylashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, Prezident sanoat zonalarida yer ajratishni yengillashtirish, bunga xizmat ko‘rsatishni ham qo‘shish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Har bir tumandan sanoat va xizmat ko‘rsatishga 20 gektardan yerlarni belgilab, loyihalarni amalga oshirishga ko‘rsatma berildi. 

Bundan buyon qurilgan xizmat ko‘rsatish joylarini sotib olish uchun alohida kredit turi yo‘lga qo‘yiladi. Mutasaddilarga “xizmat ipotekasi”ni joriy qilib, kredit ajratishni boshlash topshirildi.

Buxoroda 900 million kilovatt elektr va 400 million kub metr gazni iqtisod qilish imkoni borligi qayd etildi. Bu umumiy iste’molning 20 foiziga teng.

Yirik korxonalarda uskunalarni yangilash va audit o‘tkazish orqali 25 foizigacha elektr va gazni iqtisod qilish mumkin. 

Buxoroda 200 ming ko‘chmas mulk obektida kamida 3 kilovattli quyosh paneli o‘rnatib, 600 megavatt quvvat yaratish mumkin. Bu bilan viloyat elektr iste’molining yana 20 foizi iqtisod bo‘ladi.

Lekin, hozirgacha 2 ming xonadon va 750 ta tadbirkor panellar o‘rnatgan bo‘lsa-da, tarmoqqa berilgan elektr uchun bor-yo‘g‘i 292 tasiga puli to‘langani tanqid qilindi. Oqibatda panel o‘rnatganlar rag‘bat sezmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga xonadon, mahalla, panel o‘rnatuvchini bir-biriga bog‘lab, aholiga tushuntirish, panel qo‘yganlarga to‘lovlarni o‘z vaqtida tushirish ishlarini tashkil qilib, yil yakunigacha keskin o‘zgarish qilish topshirildi.

Muqobil energiya manbalaridan foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida Prezident qator topshiriqlar berdi.

Iqtisodiy kompleks rahbariyatiga aholi va tadbirkorlarga energiya tejamkor uskunalar hamda quyosh panellarini sotib olish imkoniyatlarini kengaytirish topshirildi.

Soliq qo‘mitasiga quyosh paneli o‘rnatgani uchun yer va mulk solig‘i imtiyozini qo‘llashdagi cheklovni olib tashlash vazifasi qo‘yildi.

Suyultirilgan gazni aholiga xususiy sektorni keng jalb qilgan holda yetkazib berish masalasini o‘rganib, tegishli takliflar kiritishga ko‘rsatma berildi.

Mavzuga oid