Jahon | 09:31 / 12.08.2024
11473
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Mudofaa vazirligi: Kurskda Ukrainaning chuqur kirib borishga urinishi oldi olindi

Ukraina harbiylarining Kursk viloyati Belovskiy tumaniga kirishga urinishi to‘xtatildi, deb xabar berdi Rossiya Mudofaa vazirligi.

Foto: Anatoliy Zhdanov/Kommersant/Sipa USA/picture alliance

Rossiya Mudofaa vazirligi 11 avgust, yakshanba kuni bergan xabarga ko‘ra, Rossiya qurolli kuchlari Ukrainaning Kursk viloyatiga chuqur kirib borishga urinishini to‘xtatdi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, Korenev tumanida joylashgan Tolpino, Juravli va Obshchiy Kolodez aholi punktlari hududlarida faol harbiy harakatlar olib borilgan.

Bundan tashqari, «Ukraina qurolli kuchlarining Kursk viloyati Belovskiy tumaniga bostirib kirishga urinishi to‘xtatildi», — deyiladi Mudofaa vazirligi xabarida. Avvalroq mahalliy hokimiyat organlari yakshanbaga o‘tar kechasi Ukraina harbiylari seshanba kunidan beri jangovar harakatlar davom etayotgan Sudja bilan yonma-yon joylashgan Belovskiy tumaniga kirishga uringani haqida xabar bergan edi.

Bu haqda, xususan, tuman ma’muriyati rahbari Nikolay Volobuyev gapirdi. U mintaqadagi vaziyatni «barqaror, ammo tarang» deb atadi. «Kecha Ukrainaning Belovskiy tumani hududiga kirib borishi qayd etildi, bizning himoyachilarimiz vaziyatni barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘lishdi, hozirda Belovskiy va Oboyanskiy tumanlarida harbiy to‘qnashuvlar yo‘q», deb yozdi Kursk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov. 

Kursk viloyatida janglar

Ukraina Qurolli kuchlari 2024 yil 6 avgustdan buyon Kursk viloyatida harbiy operatsiya o‘tkazmoqda. Korenev va Sudja tumanlarida faol janglar ketmoqda. 10 avgust kuni Belgorod, Bryansk va Kursk viloyatlarida aksilterror operatsiyasi rejimi joriy etildi. 

Ukraina hukumati UQKning Kursk viloyatidagi harbiy harakatlariga rasman izoh bermayapti. Ukraina xavfsizlik xizmatining yuqori martabali mulozimi AFP agentligiga aytishicha, operatsiyada «minglab» ukrainalik harbiylar ishtirok etyapti. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumning maqsadi - Rossiya kuchlarini «cho‘zish» va mamlakatni «beqarorlashtirish».

Mavzuga oid