Rossiya Mudofaa vazirligi: uchta viloyat uzra dronlar urib tushirildi
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 12 avgustga o‘tar kechasi Kursk, Belgorod va Voronej viloyatlari uzra samolyot tipidagi 18 ta UUA yo‘q qilingan.
12 avgust, dushanbaga o‘tar kechasi Rossiyaning uchta viloyatida uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) urib tushirildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
«Havo hujumidan mudofaa tizimlari 18 ta samolyot tipidagi uchuvchisiz uchoqlarni yo‘q qildi: 11 tasi Kursk ustida, 5 tasi Belgorod va ikkitasi Voronej viloyatida», - deya ma’lumot qildi Rossiya mudofaa idorasi. Materialni chop etish vaqtida ma’lumotni tezda tekshirish imkoni mavjud emas.
Gubernator: Kursk viloyati uzra uchta raketa yo‘q qilindi
Kursk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnovning so‘zlariga ko‘ra, mintaqa osmonida uchta raketa yo‘q qilingan. Smirnovning aytishicha, harbiylar UUA hujumi xavfi haqida xabar bergan va keyinroq u bekor qilingan.
Voronej viloyatida uchuvchisiz uchoqlar urib tushirildi
Voronej viloyati gubernatori Aleksandr Gusevning so‘zlariga ko‘ra, «tunda havo hujumidan mudofaa kuchlari navbatchilik vaqtida bir qancha Ukraina dronlarini topib, yo‘q qilgan». Qurbonlar va vayronalar yo‘q, deya qo‘shimcha qildi Gusev.
Belgorod viloyati tumanlaridan birining aholisi evakuatsiyasi e’lon qilindi
Belgorod viloyatida, gubernator Vyacheslav Gladkovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari tomonidan «yana ikkita aholi punkti hujumga uchragan». Shu tariqa, Grayvoron shahar okrugidagi Mokraya Orlovka qishlog‘ida ikkita kamikadze dronining portlashi natijasida xususiy uy va yo‘lovchi avtomobili shikastlangan, dedi Gladkov. Uning so‘zlariga ko‘ra, okrugda elektr energiyasi favqulodda uzilib, bir qator aholi punktlari elektr ta’minotisiz qolgan.
Krasnoyarujskiy tumanidagi Vyazovoye qishlog‘i ikki marta minomyotdan o‘qqa tutildi, deya ta’kidladi gubernator. Uning qo‘shimcha qilishicha, «turar joy bo‘lmagan binoning tomiga zarar yetgan» va «elektr liniyasi shikastlangan», elektr quvvati zaxira liniyalar orqali yetkazib berilyapti.
Ayni paytda, rasmiylar Krasnoyarujskiy tumani aholisini «xavfsizroq joylarga» ko‘chirishni boshladilar, dedi Gladkov. Uning so‘zlariga ko‘ra, tuman chegarasida «dushman harakati» kuzatilmoqda.
Kursk viloyatida janglar
Ukraina Qurolli kuchlari 2024 yil 6 avgustdan buyon Kursk viloyatida harbiy operatsiya o‘tkazmoqda. Korenev va Sudja tumanlarida faol janglar ketmoqda. 10 avgust kuni Belgorod, Bryansk va Kursk viloyatlarida aksilterror operatsiyasi rejimi joriy etildi.
Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kursk viloyatidan 76 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilingani haqida xabar bergan edi. So‘nggi 24 soat ichida viloyatning chegaradosh hududlaridan 8 mingdan ortiq aholi mustaqil ravishda va «uyushgan kolonnalar»da chiqib ketdi, deb xabar qildi 11 avgust kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
Kursk viloyatidagi harbiy amaliyotda «minglab» ukrainalik harbiylar ishtirok etmoqda. Bu haqda Ukraina xavfsizlik sohasidagi ismi oshkor etilmagan yuqori martabali xodimga tayanib, AFP xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumning maqsadi - Rossiya kuchlarini «cho‘zish» va mamlakatni «beqarorlashtirish».
Mavzuga oid
13:30
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
15:10 / 09.11.2024
Rossiyada kartoshka va sariyog‘ narxi ko‘tarilishda davom etmoqda
14:30 / 09.11.2024
Zelenskiy RF bilan xavfsizlik kafolatlarisiz sulh tuzishni rad etdi
13:49 / 09.11.2024