Jamiyat | 11:46 / 14.08.2024
6950
6 daqiqa o‘qiladi

“Aholi bilan kelishilmagan” - Sebzordagi bolalar maydonchasi sotilishidan odamlar norozi

Toshkent shahar hokimligi Olmazor tumanidagi bolalar maydonchasi yangi joyga ko‘chirilishi, bu masala aholi bilan kelishilganini ma’lum qilgandi. Lekin Kun.uz'ga murojaat qilgan fuqarolar buning aksini aytmoqda. “Aholi nafas olishi mumkin bo‘lgan joylarni olib qo‘yishyapti”, deydi boshqa bir fuqaro.

Toshkent shahar hokimligi Olmazor tumani Sebzor dahasida bolalar maydonchasi joylashgan joyni 2 qavatli tijorat binosi qurish uchun sotuvga qo‘ygan. Bu holatga Kun.uz e’tibor qaratgach, hokimlik izoh berib, avtomobil yo‘li yaqinida joylashgan bolalar maydonchasi xavfsizroq joyga ko‘chirilishi va zamonaviy ko‘rinishga keltirilishini ma’lum qildi.

Rasmiy bayonotda “mahallaning yangi bosh rejasi bevosita aholi istaklari va ular bilan kelishilgan holda” ishlab chiqilgani aytilgan. “Bolalar maydonchasi joylashuvini o‘zgartirish, ya’ni uni transport qatnov qismidan ichkariroqqa ko‘chirish ham aholi istagi edi”, deyiladi poytaxt hokimligi axborotida.

Lekin Kun.uz'ga murojaat qilgan bir guruh sebzorliklar buning aksini: odamlardan rozilik olinmagani, “Obod mahalla” dasturining bosh rejasi ularga ko‘rsatilmaganini aytmoqda.

Hududdagi 9-uyda yashovchi Asal Rajabova mahallada 5,5 ming aholi yashashi, maydoncha haqiqatan ham bolalar uchun xavfsiz emasligini ta’kidladi.

“[Maydonchamiz] og‘ir ahvolda, yaxshi emas, iflos, yaxshi ta’mirlanmagan. Xullas, biz bu maydonchaga bolalarimizni ishonishga ham qo‘rqamiz. Chunki ikki tomoni yo‘l, o‘rtada bolalar [bo‘ladi]. O‘zimiz chiqib, o‘rindiqlarda o‘tirib, qarab turamiz, qarolmaganimizda esa bolalar qarovsiz qolishyapti.

Salkam 50 yildan beri shu yerda yashaymiz. Ko‘chib kelganimizdan beri 4-5 ta hokim… Hatto Baxtiyor Hakimovich degan hokimimiz shu yerdan o‘tayotgan vaqtida shaxsan o‘zlarining oldiga bordim. “Qilamiz, qilamiz, bajaramiz”, deb ketib yuborishdi. Bir hokim kelib ko‘rib, buzib ketyapti. Ikkinchisi tepaga chiqib ketyapti”, – deydi Rajabova.

Uy boshqaruvchisi Abdukomil Toshpo‘latov esa poytaxt hokimiyatining izohini rad etib, maydonchani ko‘chirish masalasida aholi bilan kelishilmaganini bildirdi.

“Aholi bilan hech kim gaplashgan emas. Bu yerda mahallaning o‘ziga (MFY nazarda tutilmoqda – tahr.) kirib, hal qilib ketishadi. Lekin mahallaning biz bilan aralashib, gaplashayotgan joyi ham yo‘q. Buni ochiq aytish kerak. Oldingi raisimiz o‘lib ketgan, undan keyingi odamlar vaqtinchalik turibdi, ular nima xohlasa qilyapti. Iloji bo‘lsa [maydonchamizni] ko‘chirishmasin, ko‘chirish bahonasida joyini suradi-da, ertaga bir binoni qurib, davom etaveradi. Bosh rejasi bilan [shu holatga] sekin-sekin olib borishyapti. Iloji bo‘lsa, tegishmasin. Bolalar yayraydi, hech bo‘lmasa uylarga havo kirib turadi.

Sekin-astalik bilan [uy yonidagi] do‘konni, chiroyli kafeni quritdi (buzib tashladi – tahr.), undan oldin bizning [boshqa] binolarimizni ham buzgan. Har hokim almashishiga bular o‘ziga moslab, joy tayyorlab, pul qilishyapti. Qayer bo‘sh bo‘lsa, o‘zlariga moslab, tadbirkorni yo‘naltirib, yaxshi ish qilyapman deb o‘ylashyapti. Lekin aholi nafas olishi mumkin bo‘lgan joylarni olib qo‘yishyapti.

Chilla vaqtida daraxtlarni [yuqorisidan] kesib ketishdi. Daraxtni o‘zi kuzda yoki bahorda kesish kerak. Kesdimi, ertaga daraxt o‘z-o‘zidan quriydi, bular sekin-sekin daraxt quridi deb yaylov qilib, [yashillikni] o‘ldirib boradi”, – deydi Abdukomil Toshpo‘latov.

Yashovchilardan yana birining aytishicha, bir necha oy avval Olmazor tumani hokimiyati vakillari ishtirokida “Obod mahalla” dasturi bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tgan va dastur doirasida nimalar qilinishi odamlarga tushuntirilgan. Lekin o‘sha vaqtda bosh reja taqdim etilmagan.

“Olmazor tumani hokimining o‘rinbosari keldi, majlisiga chiqdik. Bir chetdan tushuntirib ketdi. “Hozir buzamiz, buzishdan oldin sizlarga bosh rejasini ko‘rsatamiz. Rozi bo‘lsanglar qilamiz”, dedi. Bosh rejasining hali o‘zi yo‘q. Shu paytgacha ko‘rsatilmadi. Har o‘tganda mahalla raisidan so‘rab qo‘yaman, lekin hali chiqmaganini aytadi.

[...] Ikki tomonimiz 9 qavatli uy, qayerdan shamol kelsin? Eski vaqtda “shamol atirguli” degan narsa bo‘lardi, shunga qarab to‘g‘rilanardi. Shunga qarab qayerdan havo kirishi aniqlanardi. Agar bu yer yopilsa bo‘ldi, bizning uylarimizda havo bo‘lmaydi”, – deydi mahalliy aholidan biri Abduvahob Majidov.

Ma’lumot uchun, Yangi Sebzordan tashqari, Sebzor mahallasidagi 1 sotixli ko‘p yillik daraxtlarga ega joy ham auksionga qo‘yilgan. Shahar hokimiyati sog‘lom ko‘p yillik daraxtlarning barchasi saqlanib qolinishi, agar imkonsiz darajada xalal qilsa, Ekologiya boshqarmasidan ruxsat olingan holda ko‘chirilishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid