Sport | 16:46 / 15.08.2024
28277
5 daqiqa o‘qiladi

«Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shning afzal». Qirg‘izistonda qahramonga aylangan Akmal Hasanov bilan intervyu

Parijda o‘tgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida qirg‘izistonlik bokschiga sekundantlik qilgan o‘zbekistonlik murabbiy Akmal Hasanov ko‘pchilikning olqishiga sazovor bo‘ldi. Fransiyadagi qahramon hammasi qanday boshlanganini Kun.uz bilan suhbatda aytib berdi.

Qo‘shni mamlakat jamoasiga yordam

- 7 iyul kuni mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun Fransiyaning Nansi shahriga yetib bordik. U yerda o‘ndan ortiq mamlakat sportchilari bor edi. Ular bilan Olimpiadagacha birgalikda mashg‘ulotlar o‘tkazdik. 20 iyul kuni Olimpiya shaharchasiga    joylashdik.

22 yoki 23 iyul kuni qirg‘izistonlik bokschi va murabbiy ham qarorgohimizga joylashishdi va biz bilan tayyorgarlikni davom ettirishdi. Ular menga hazilomuz tarzda «jangda bizga yordam berasan», deyishgandi. Men rahbariyat qarorisiz hech narsa qila olmasligimni bilardim. Keyin bosh murabbiyimizdan ularga yordam berishimni iltimos qilib so‘rashdi va ruxsat berishdi.

Qo‘shni mamlakatlar bilan yaqin ekanligimizni yana bir marta isbotladik. «Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shning yaxshi» degan maqol bor.

«Bu men uchun katta sharaf»

- O‘zim O‘zbekiston milliy jamoasining murabbiyiman. Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, A’loxon Abdullayev, Shohjahon Abdullayev, Dilshod Abdumurodov, Jasur Yo‘ldoshev kabi shogirdlarim bor. To‘lqin Qilichevga ham yordamchi murabbiyman.

Nansi shahrida qiziq holat ro‘y berdi. Dunyoning eng kuchli bokschilari — La Krus, Lopes kabi yulduzlar ishtirokidagi mashg‘ulot o‘tashni yigirmadan ortiq mamlakatning taniqli murabbiylari orasida menga ishonib topshirishdi. Va men buni chiroyli tarzda bajardim. Bu men uchun katta sharaf.

Munarbekning o‘zbek tilini bilishi haqida

- Munarbekning dastlabki jangida biroz tortindim. Har holda qo‘shni mamlakat vakili. Ammo birinchi raundda kubalik bokschiga yengildi. Keyin undan «o‘zbekchani bilasanmi?» deb so‘radim. U «ha, o‘shlikman tushunaman, gapiravering» dedi. Keyin chin dildan o‘z shogirdimdek unga o‘zimdagi bor narsa berdim. «Kubalik bokschi raqib tempni ko‘tarsa, charchab qolishini» aytdim. U ko‘rsatmalarni bajardi va 2-3 raundni o‘z foydasiga hal qila oldi.

Olimpiadaga borganimda — Alloh ringda sekundantlik qilishimni nasib qilsin deb niyat qilgandim. Murabbiylar shtabida eng yoshi menman. Bunday turnirda ringda sekundantlik qilish katta baxt.

Munarbek yarimfinalga chiqqanidan keyin ertalab «instagram»ga kirib qarasam, minglab qirg‘izistonlik muxlislar menga minnatdorchilik bildirib, xabarlar yozishibdi.

Final va Chingiz Aytmatov unvoni bilan taqdirlanishi

Qirg‘izistonlik bokschining tarixga kirishiga, oz bo‘lsa-da hissamni qo‘sha olganimdan xursandman. U yarimfinalga yo‘l olgach, yelkamdan 50 foiz yuk tushgandek bo‘ldi.

Final esa boshimni qotirib qo‘ydi. Bu borada menga juda ko‘p savollar kela boshlagandi. 2-3 kun hech kimga javob bermadim. Holatdan chiroyli chiqib ketish yo‘lini izladim. Indamay keta olmasdim. O‘zbekistondan olib borilgan chopon, do‘ppi bor edi. Milliy liboslarimizni topshirdim, u ham menga rahmat aytdi. U ham xursand bo‘ldi.

Chingiz Aytmatov medali? Yarimfinalga chiqqanimizdan keyin menga «Zoom» orqali bog‘lanishdi. 5 avgust kuni Chingiz Aytmatov medalining berilishi tasdiqlangan ekan. O‘shanda hali ishimizni tugatmadik, finalga chiqib olgach gaplashib olishimiz mumkin edi, degandim. Yaqinda ham suhbatlashganimizda, 22 avgust kuni tadbir doirasida menga medal topshirishar ekan.

«Qirg‘izistondan taklif tushsa...»

- Qirg‘izistondan taklif bo‘lsa? Hozir qabul qilmagan bo‘lardim. Chunki O‘zbekistonda ko‘plab shogirdlarim bor. Nafaqat Qirg‘izistondan balkim, boshqa mamlakatlar taklifini qabul qilmas edim.

Hali yoshmiz, shogirdlarimdan umidim katta, ularni tashlab ketolmayman. Hozir vatanimiz uchun ishlashimiz kerak. Balkim keyinchalik kelajakda bu haqda o‘ylab ko‘rarman.

Yarimfinaldan so‘ng qirg‘izistonlik jurnalistlar, muxlislar ham meni tabriklab, tashakkur aytishdi. O‘zbek xalqi mehribon, istalgan yurtdoshimiz bu ishni bajonidil bajargan bo‘lardi, deb o‘ylayman. Biz qo‘shnilarimiz bilan qanchalik yaqin munosabatda ekanligimizni ko‘rsatib qo‘ya oldik, deb o‘ylayman.

Hasan Yusupov suhbatlashdi.
Tasvirchi — Asror Almuradov
Montaj ustasi — Sherzod Egamberdiyev.

Mavzuga oid