Jamiyat | 18:22 / 16.08.2024
18219
3 daqiqa o‘qiladi

Bola maktabga nega yetti yoshdan borishi kerak?

Vazirlik ularni nega 7 yoshga yetgach maktabga yuborish kerakligi haqida tushuntirish berdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Aksariyat ota-onalar farzandi olti yoshga to‘lishi bilan uni maktabga berishni xohlaydi. Tibbiy nuqtai nazardan, bunday bolalar o‘quv jarayonida qiynalib qolmaydimi? Ushbu savollarga Sog‘liqni saqlash vazirligining o‘quv-tarbiya muassasalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Inobat Ahmedova javob berdi.

«Albatta, bu savol bugun ko‘pchilik ota-onalarni qiziqtiradi. Bilasizmi, bobo-buvisi bilan birga yashaydigan aksariyat bolajonlarni kuzatsak, ular tengdoshlariga nisbatan ancha aqlli va ziyrak bo‘ladi. Hatto ayrim olti yoshdagi bolalarning yetti yoshli o‘g‘il-qizlarga nisbatan birmuncha uquvli ekaniga ham guvoh bo‘lamiz», — deydi mutaxassis. «Shu bois ko‘pchilik ota-onalar yetti yoshga to‘lmasa ham, „farzandim maktabga borsin“ deydi».

«Vaholanki, olti yoshda bola har qancha aqlli bo‘lmasin, ularda fikrlash qobiliyati to‘liq shakllanib ulgurmaydi. Chunki yetti yoshgacha uning miyasi o‘sish jarayonida bo‘lib, ayni shu yoshdan keyin takomillashadi. Ya’ni bu fiziologik holat hisoblanadi», — deb so‘zlarini tushuntirdi Inobat Ahmedova.

Qolaversa, bola hayotining yettinchi yilida undagi harakatlar ko‘lami kengayib, aniqlashadi va o‘zaro moslashuv boshlanadi. Ular o‘zini idora etish, harakatlarini nazorat qilish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Yetti yoshda diqqatni jamlash, vaziyatni baholash va qiyinchiliklarga duch kelganda, to‘g‘ri qaror qabul qilishni o‘rganadi.

Shuningdek, bu yoshda bola ham jismonan, ham ruhan chiniqadi, qiziquvchanligi ortadi. Uning idrok kuchi va tafakkuri jadal rivojlanadi. Moddiy borliqni anglashga intiladi. Shuningdek, bu yoshda ularda gigiyenik malakalar shakllanadi.

Shu bois «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunda ham umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining birinchi sinfiga bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinishi belgilangan.

Bir so‘z bilan aytganda, o‘g‘il-qizlarning maktabga yetti yoshdan borishi nafaqat ularning shaxsiy rivojlanishi, balki kelajagi uchun ham muhimdir, deya xulosa qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili.

Mavzuga oid