Jahon | 10:45 / 17.08.2024
1217
2 daqiqa o‘qiladi

Misr: G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar jiddiy, konstruktiv va ijobiy muhitda o‘tdi

Qatar poytaxti Dohada AQSh, Misr, Qatar va Isroil rasmiylari ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Foto: AP

Qatar poytaxti Dohada G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni almashish bo‘yicha muzokaralar jiddiy, konstruktiv va ijobiy muhitda o‘tdi.

Bu haqda Misr prezidenti ma’muriyati xabar berdi.

Misr prezidenti ma’muriyati matbuot kotibi Ahmad Fahmiy tomonidan berilgan qo‘shma yozma bayonotda, Qatar poytaxti Dohadagi muzokaralarda AQSh, Misr, Qatar va Isroil rasmiylari ishtirok etgani aytiladi.

«So‘nggi 48 soat ichida hukumatlarimizning yuqori martabali vakillari G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish, mahbuslar va qo‘lga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha jadal muzokaralar olib borishdi. Bu muzokaralar jiddiy va konstruktiv ruhda, qulay muhitda o‘tdi». 

Bayonotda Qo‘shma Shtatlar Qatar va Misrning ko‘magida tomonlar o‘rtasidagi kelishuvda «bo‘shliqlarni kamaytirishga qaratilgan taklifni taqdim etgani», uning AQSh prezidenti Jo Bayden tomonidan mart oyida e’lon qilingan taklifga hamda BMT Xavfsizlik kengashining 2735-rezolyutsiyasiga mos kelishi qayd etilgan.

Hujjatda ta’kidlanishicha, taklif «oxirgi haftalarda kelishilgan masalalarga asoslanadi» va «kelishuvning kamchiliklarni bartaraf etish orqali tez amalga oshirilishini ta’minlaydi». 

Kelishuvni amalga oshirish tafsilotlari yaqin kunlarda muhokama qilinadi hamda texnik guruhlar uning gumanitar jihatini, jumladan, mahbuslar va qo‘lga olinganlarni almashishni to‘liq ko‘rib chiqadi. 

Mavzuga oid