19 avgustning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Prezidentga Qoraqalpog‘istonda namoyish etilgan investitsiya loyihalari, Navoiyda tamal toshi qo‘yilgan yangi shaharcha, yangi o‘quv yilining yangi talabalari va 7,5 yilga qamalgan viloyat hokimi o‘rinbosari — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga tashrifi
Bugun, 19 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi. 20 avgust kuni Nukus shahrida O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlar bilan muloqoti bo‘lib o‘tishi kutilmoqda
Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, safar davomida sanoat korxonalari, IT va ijtimoiy soha obektlarini ko‘zdan kechirish, mahallalarda aholi hayoti bilan tanishish rejalashtirilgan.
Prezident Qoraqalpog‘istonga tashrifini sanoat salohiyati bilan tanishishdan boshladi.
Nukus Elestroapparat qo‘shma korxonasi 2017 yilda ishga tushgan, unda elektr energiyasi tarmog‘i uchun kuchlanish qurilmalari ishlab chiqariladi. Bu yerda 10 mln dollardan ziyod mablag‘ evaziga joriy yilning iyun oyida quyosh panellarini yasash loyihasi ishga tushirildi. Uskunalar Koreya Respublikasidan keltirib o‘rnatildi. Ishlab chiqarish jarayoni 100 foiz avtomatlashtirilgan. Loyihaning yillik quvvati 273 ming donani tashkil etadi.
Shavkat Mirziyoyevga Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar ham taqdimot qilindi.
Loyihalarga Xitoy, Saudiya Arabistoni, Germaniya, Rossiya, Ispaniya kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda. Ular energetika, issiqlik ta’minoti, tog‘-kon va kimyo sanoati, qurilish materiallari, xizmat ko‘rsatish va boshqa tarmoqlarni qamrab olgan.
Qoraqalpog‘istonda xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 9,5 milliard dollarlik 124 ta loyiha shakllantirilgan. Shundan qariyb 1 milliard 800 million dollarlik 10 tasi davlat rahbariga taqdimot qilindi.
Qayd etilishicha, tashrif davomida Qoraqalpog‘istonda yangi majmualar ishga tushirilib, navbatdagi loyihalar boshlanadi.
Sobiq hokim o‘rinbosari 7,5 yilga qamaldi
Namangan viloyati hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan Saidahmad Sultonov firibgarlik va juda ko‘p miqdordagi budjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda aybli deb topildi.
Hukmda keltirilishicha, Saidahmad Sultonov viloyat hududidagi bir nechta ichki yo‘llarni qurish ishlarini og‘zaki ko‘rsatmalar bilan “Namangan qurilish dizayn savdo” MChJga topshirgan. Jumladan, jinoiy sheriklar tomonidan 4 ta holatda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish orqali qariyb 15,5 mlrd so‘m miqdordagi budjet mablag‘lari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan. Bu “xizmati” uchun u MChJ rahbaridan 2021 yil dekabr oyida 10 ming dollar, 2022 yil noyabr oyida 20 ming dollar, 2023 yil mart oyida 20 ming dollar pulni ulush sifatida olgan.
Saidahmad Sultonovning qilmishlari orasida tadbirkorlardan “Navbahor” futbol klubiga homiylik uchun pul olib, o‘zi uchun ishlatib yuborish holatlari ham uchraydi. Jumladan, u 2023 yil avgust oyida go‘yoki «Navbahor» futbol klubiga homiylik qilish maqsadida xususiy korxonalardan 30 ming AQSh dollari mablag‘ yig‘ishni buyurib, bu pullarni shaxsiy ishlariga sarflab yuborgan.
Saidahmad Sultonov sud hukmi bilan Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. U 3 yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etilib, 7 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Navoiyda yangi shaharcha
Navoiyda Yangi Navoiy shaharchasi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Qariyb 1,1 ming gektar maydonda yangi shaharcha barpo etish bo‘yicha amalga oshiriladigan qurilish ishlari 2040 yilgacha davom etadi.
Shaharchada “Yangi O‘zbekiston” bog‘i va madaniy dam olish sayilgohlari, Navoiy davlat pedagogika institutining kampus tipidagi yangi binolari, ijtimoiy soha obektlari, ko‘p qavatli turar joylar, maishiy xizmat ko‘rsatish va servis obektlari, kutubxona, sun’iy ko‘l va hunarmandchilik ustaxonalari quriladi.
Loyiha Karmana tumanidan Navoiy shahriga o‘tkazilgan hudud – Yoshlik mahallasida amalga oshirilmoqda. Shaharchaning umumiy maydoni 1100 gektarni tashkil etib, birinchi bosqichda 450 gektar yer maydonida qurilish ishlari bajarilishi rejalashtirilgan.
Qurilish ishlari Xitoy, Turkiya va mahalliy qurilish kompaniyalari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Yangi o‘quv yilidagi yangi talabalar
Yangi o‘quv yilida qancha abituriyent talabalikka tavsiya etilgani ma’lum qilindi. Imtihon natijalariga ko‘ra, 186 ming 871 nafar abituriyent bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga talabalikka tavsiya etilgan.
Ularning 41 153 nafari davlat granti, 145 718 nafari esa to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan. Talabalikka tavsiya etilganlarning 120 ming 845 ming nafarini maktabni shu yil tugatganlar tashkil etgan.
Shuningdek, talabalikka tavsiya etilganlarning 14 ming 230 nafari imtiyozli qabul parametrlari doirasida qabul qilingan.
Bu yilgi imtihonlarda davlat granti asosida o‘rtacha o‘tish balli – 121,7 ni, to‘lov-kontrakt asosida o‘rtacha o‘tish balli – 94,7 ni tashkil qilgan.
Mavzuga oid
20:43 / 08.11.2024
8 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:04 / 07.11.2024
7 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:35 / 06.11.2024
6 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:18 / 05.11.2024