Jahon | 00:55 / 19.08.2024
3025
2 daqiqa o‘qiladi

Afrika g‘arbida 7,3 mln odam harbiy mojarolar tufayli qochqinga aylandi

BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining ma’lum qilishicha, 2023 yilda butun dunyoda majburiy ko‘chirilganlar soni rekord darajadagi 117,3 mln kishiga yetgan.

G‘arbiy Afrikaning 7,3 milliondan ortiq aholisi qurolli mojarolar va tabiiy ofatlar oqibatida qochqinlarga aylandi, deb xabar beradi The Guardian.

G‘arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy hamjamiyati komissiyasi (ECOWAS) raisining o‘rinbosari Damten Chinchibijaga ko‘ra, mojarolar, zo‘ravonlik va tabiiy ofatlar oqibatida 7 million 337 ming fuqaro ko‘chishga majbur bo‘lgan.

«Ularning 6 million 526 ming nafari ichki ko‘chirilganlar bo‘lsa, 811 ming nafari qochqinlardir», — deydi u.

Chinchibijaning ta’kidlashicha, G‘arbiy Afrika mamlakatlaridagi hozirgi vaziyatga harbiy mojarolar to‘xtamayotgani tufayli gumanitar muammolarning keskinlashgani sabab bo‘lmoqda. Bularning barchasi, ayniqsa, Sahel zonasi va Chad ko‘li havzasida ommaviy qochqinlarga hamda oziq-ovqat yetishmovchiligiga olib kelyapti.

Komissiya raisi o‘rinbosari jahon hamjamiyatini qochqinlar va fuqaroligi yo‘q shaxslarga 9 million dollarga yaqin mablag‘ ajratgan ECOWAS rahbariyati sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining (UNHCR) ma’lum qilishicha, 2023 yil oxiriga kelib majburiy ko‘chirilganlar soni rekord darajadagi 117,3 million kishiga yetgan.

Ko‘chirilganlar sonining ko‘payishiga Sudan, Kongo DR, Myanma va G‘azo sektoridagi mojarolar ta’sir ko‘rsatgan. BMT Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil oxiriga kelib, «halokatli zo‘ravonliklar 1,7 millionga yaqin odamni G‘azo sektorini tark etishga majbur qilgan».

Mavzuga oid