Iqtisodiyot | 14:29 / 20.08.2024
23605
5 daqiqa o‘qiladi

«Bundan buyon hech kimda alohida huquq bo‘lmaydi» – prezident teng raqobat va JSTga kirish haqida

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda 2026 yilda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish maqsadlari va teng raqobat muhitini yaratish haqida gapirdi. «Iqtisodiyotimizga oldinlari proteksiya qaysidir ma’noda kerak edi. Yana shu yo‘lda davom etsak, imkoniyatlarimiz cheklanib qoladi», – dedi prezident. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ichki bozorda teng raqobat muhitini yaratish, tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ko‘tarilgan uchinchi yo‘nalish bo‘ldi.

Avvalo, O‘zbekistonning yetti oylik eksporti 13 foizga o‘sib, 10 milliard dollardan oshdi, avval eksport qilmagan 1 ming 610 ta korxona tashqi bozorlarga chiqqani ta’kidlandi.

Davlat rahbari Jahon savdo tashkilotiga 2026 yilda a’zo bo‘lish bo‘yicha katta qadamlar qo‘yilganini aytdi.

«Ushbu tashkilotga kirish – chuqur o‘ylangan va uzoqni ko‘zlagan tanlov, qolaversa, islohotlarimizning ajralmas bir qismi. Lekin ayrimlar bunga shubha bilan qarayapti, boshqalar “korxonalar sinadi, import bosib ketadi” degan xavotir bilan yuribdi.

Bir narsani tushunish zarur, import bojlari ishlaydi. Shuning uchun, tashkilot a’zolari bilan muzokaralar o‘tkazyapmiz.

Ertangi kunimiz – bu teng raqobat muhiti va eksportga qaratilgan sanoat va savdo siyosati. Iqtisodiyotimizga oldinlari proteksiya qaysidir ma’noda kerak edi. Yana shu yo‘lda davom etsak, imkoniyatlarimiz cheklanib qoladi. Chunki, xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga kirmasak, iqtisodiy o‘sish biz kutgandek bo‘lmaydi», – dedi davlat rahbari.

Prezident Jahon savdo tashkilotiga a’zolik xalqaro tranzit yuk tashishda ortiqcha to‘lov yoki cheklovlardan xalos qilishini qayd etdi.

«Albatta, bu – raqobatdosh bo‘lishimizga yana bir turtki beradi», – deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Umuman, mahsulot va xizmatlar sifatini oshirish, tashqi bozorlarda munosib o‘rin topish uchun xalqaro standartlarga o‘tish kerakligi ta’kidlandi.

«Masalan, pestitsidlar nazorati yo‘lga qo‘yilmas ekan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini 2030 yilgacha 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha belgilagan marralarga erishib bo‘lmaydi. Yetishtirayotgan mahsulotlarimiz bozorini topolmasdan nobud bo‘laveradi», – dedi Mirziyoyev.

Shu bois, bu yil oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha katta o‘zgarishlar rejalashtirilgan. Bu orqali karantin, veterinariya, sanepidemnazorat va standart tashkilotlarining takrorlovchi vakolatlari qisqaradi, tadbirkorlarni qayta-qayta tekshirishga chek qo‘yiladi.

Shuningdek, prezident yon qo‘shnilarning yillik importi 90 milliard dollar bo‘lgani bilan O‘zbekistonning undagi ulushi atigi 4 foiz ekani, yoki MDH doirasida erkin savdo rejimi o‘rnatilgani bilan, Hamdo‘stlikdagi 500 milliard dollarlik importda mamlakatimiz hissasi 2 foizga ham bormasligini misol qilib keltirdi.

«Demak, raqobat borasida hali ancha ishlashimiz zarur. Bu borada katta islohot boshlanib, ikki oy oldin alohida farmon bilan metallurgiya, kimyo, energetika va telekommunikatsiya tarmog‘ida eksklyuziv huquqlar bekor qilindi.

Korporativ xaridlarda ishlab chiqarish uchun olinadigan mahsulotlarga ham narx ustuvorligi bekor qilinishi qayd etildi.

Bundan buyon, hech kimda alohida huquq bo‘lmasligi, xoh davlat strategik korxonasi bo‘lsin, xoh xususiy korxona yoki xorijiy investor bo‘lsin, iqtisodiyotda barcha teng sharoitda ishlashi ta’kidlandi», – deyiladi rasmiy relizda.

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish sari qadamlari

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni 2005 yilda to‘xtab qolgan, 2020 yil iyul oyiga kelib jarayon ishchi guruhning 4-uchrashuvi bilan rasman qayta boshlangan edi. Undan keyin 2022 yil iyun, 2023 yil mart va 2023 yil noyabr oylarida, shuningdek, 2024 yil may oyida ishchi guruh yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Shu bilan jami O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha 8ta yig‘ilish o‘tkazdi.

May oyidagi yig‘ilishda O‘zbekistonda ilk bor tashkilotga a’zo bo‘lish muddati borasidagi maqsadini e’lon qildi. 2026 yil O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotining 2026 yil Kamerunda bo‘lib o‘tadigan vazirlar konferensiyasiga qadar ushbu tashkilotga a’zo bo‘lib kirishni rejalashtirmoqda.

Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lida O‘zbekiston bilan 30 dan ortiq mamlakat ikki tomonlama muzokara o‘tkazish xohishini bildirgan bo‘lib, hozirda ulardan 11 tasi bilan o‘zaro bozorlarga kirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. So‘nggi bir yil ichida O‘zbekistondagi 40 ga yaqin hujjatlar JST normalariga moslashtirildi.

3 iyun kuni JStga a’zo bo‘lish bo‘yicha prezident muhim hujjatni imzoladi. Unga muvofiq, bir nechta yirik korxonalarga berilgan eksklyuziv huquqlar bekor qilinadi.

4 iyun kuni Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala Toshkentga tashrif buyurib, O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatladi. 

Mavzuga oid