FNQZni 100 mln dollarga xususiylashtirib olgan Saneg uning bir qismini 140 mln dollarga sotdi
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining bir qism aktivlari 140 mln dollar evaziga Saneg'dan Air Producs ixtiyoriga o‘tadi. O‘zbekiston hukumati bu zavodni ikki yil oldin Saneg'ga 100 mln dollarga sotgandi. Bugungi kunda ham korxonadagi ulushlarning nazorat paketi Davaktivda qolmoqda, avvalroq agentlik buni 100 mln dollarlik to‘lov hali to‘liq to‘lanmagani bilan izohlagandi.
Saneg kompaniyasi Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi aktivlarining bir qismi Air Producs kompaniyasiga sotayotganini ma’lum qildi. Bitim qiymati – 140 million dollar.
Saneg bu zavodni 2 yil avval 380 mln dollar investitsiya kiritish sharti bilan, 100 mln dollarga xususiylashtirib olgan edi.
Kompaniya axborotiga ko‘ra, aktivlarning bir qismi Air Producs'ga o‘tishi bilan, zavodda vodorod ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
“Vodorod yetkazib berish bo‘yicha jahonning yetakchi Air Producs kompaniyasi bugun Farg‘ona NQIZda ushbu turdagi xomashyoni ishlab chiqarish bo‘yicha Saneg aktivlarini sotib olishga qaror qilganini ma’lum qildi.
Ushbu strategik kelishuv korxonani modernizatsiya qilishning global jarayoniga muvofiq kelib, uning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va maqbullashtirishda muhim qadam hisoblanadi. Ta’kidlash joizki, loyiha O‘zbekistonning sanoat bozorlarida vodoroddan tijorat maqsadlarida kengroq foydalanish uchun imkoniyat eshiklarini ochadi”, deyiladi xabarda.
Saneg axborotida FNQZning qancha miqdordagi ulushi Air Producs ixtiyoriga o‘tayotganiga aniqlik kiritilmagan. Bitim 2024 yil 4-choragida yopilishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, oldi-sotdi metanni bug‘ bilan riforming qilish qurilmasini (SMR) o‘z ichiga oladi, qurilma 100 foizli tabiiy gazni ham, suyultirilgan gazni ham qayta ishlashga qodir. Bu aktivlar, Air Producs tomonidan 2021 yildagi kelishuv asosida yetkazib berilgan ikkita o‘zgaruvchan bosimli adsorbsiya qurilmalari (PSA) bilan birgalikda, vodorod ishlab chiqarish bazasini ta’minlab beradi.
FNQZning xususiylashtirilishi
Saneg kompaniyasi (sobiq Jizzakh Petroleum, Sanoat energetika guruhi) Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining ulushlariga 2 yildan buyon egalik qilib kelmoqda.
2022 yilning 22 may kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi zavodning 100 foiz ulushi 100 mln dollarga “Sanoat Energetika Guruhi” MChJga sotilganini e’lon qilgandi.
2024 yilning 21 avgust holatiga ko‘ra, zavodning 58,5 foiz ulushi Davaktivga, 41,5 foiz ulushi esa Saneg'ga tegishli. Ya’ni FNQZning to‘liq ulushi ayni vaqtga qadar ham Saneg ixtiyoriga o‘tmagan.
Oldinroq, bu holatni Davaktiv belgilangan to‘lovning to‘liq to‘lanmaganligi bilan izohlagandi. O‘z navbatida, kompaniya qolgan to‘lovni grafikka asosan to‘lashini bildirgan.
Xususiylashtirish bitimi doirasida Saneg'ga quyidagi majburiyatlar yuklatilgan:
- zavodni modernizatsiya qilish orqali zamonaviy va ekologik toza benzin, Yevro-5 talablariga javob beradigan dizel yoqilg‘isi, Jyet a-1 reaktiv yoqilg‘isi va suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirish;
- neft agregatlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, ishlab chiqarish quvvatini kamida 2 mln tonnaga oshirish;
- yuqoridagi maqsadlar uchun 380 mln dollardan ortiq investitsiya kiritish (Saneg iyul oyida Kun.uz'ga bergan izohida shu paytgacha 250 mln dollardan ortiq investitsiya kiritganini bildirgandi).
Ma’lumot uchun, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining sof foydasi 2022 yilda 19,3 mlrd so‘mni, 2023 yilda 469,6 mlrd so‘mni, 2024 yilning I choragida esa 68,4 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Zavod joriy yilning II choragida 96 mlrd so‘m zarar ko‘rgan.
Mavzuga oid
15:44 / 21.11.2024
Toshkentdagi International va Lotte mehmonxonalari xususiylashtirildi
13:52 / 21.11.2024
Britaniya O‘zbekistonda davlat kompaniyalarini xususiylashtirishda qatnashmoqchi
15:18 / 20.11.2024
Yoqilg‘i quyish va gaz to‘ldirish shoxobchalari bo‘yicha mobil ilova ishga tushirildi
10:56 / 20.11.2024