Ham vaqtni, ham pulni o‘g‘irlash usuli – sodda odamlar “video tomosha qilish orqali pul ishlash”ga ishontirilmoqda
Bugungi davrda ko‘p va oson pul topish ishtiyoqi aldanishga moyil kishilarni bir necha soniyada bor-budidan ayirishi mumkin. Buning uchun maxsus ishlab chiqilgan yuzlab firibgarlik platformalari yoki dasturlardan birining “to‘riga ilinish” kifoya. Maqolada so‘nggi bir necha oyda O‘zbekistonda targ‘iboti kuchaytirilgan shunday platformalar haqida so‘z yuritiladi.
So‘nggi oylarda respublikaning turli hududlarida pul tikish va ma’lum bir topshiriqni bajarish – video tomosha qilish orqali daromad ko‘rishni taklif qiluvchi platformalar targ‘iboti kuchaydi. Hatto viloyatlarda ularning filiallari tashkil etila boshlandi. Ko‘plab odamlar ushbu platformalarga pul tikib, vaqtini video ko‘rish bilan o‘tkazmoqda. Bu navbatdagi moliyaviy piramida bo‘lishi mumkin.
Whats: parda ortida nima bor?
O‘zbekistonda ommalashayotgan xavfli dasturlardan biri bu Whats hisoblanadi. Ushbu dastur ijtimoiy tarmoqlardagi bir nechta guruhlar orqali faol targ‘ib qilinmoqda. Unda ma’lum miqdorda pul tikib, kunlik topshiriqlarni bajarish orqali daromad ko‘rish taklif etiladi. Topshiriqlar esa turli videolarni ko‘rish va ularga layk bosishdangina iborat.
Dasturda bir nechta darajalar bor. Masalan, W1 darajada 180 ming so‘m pul tikib, kuniga 6 ta vazifani bajarish orqali oyiga 180 ming so‘m daromad olish taklif qilinadi. Shartnoma muddati bir yilni tashkil etadi. Ya’ni 180 ming so‘m tikish orqali kunlik topshiriqlarni bajarib, oyiga 180 ming so‘mdan bir yil davomida 2 mln 160 ming so‘m daromad olish mumkinligi aytiladi.
Shu tariqa, darajaga qarab depozit qilinadigan summa, kunlik topshiriq va oylik daromad oshib boradi. W4 darajada 2,8 mln so‘m qo‘yish orqali har kuni 40 vazifani ado etib, oyiga 3 mln 840 ming so‘m, yiliga 46 mln 80 ming so‘m topish taklif qilinadi.
Guruhlarda “Whats Group” kompaniyasi bosh direktori Pit ismli shaxs ekanligi aytiladi. Biroq biror guruhda ushbu shaxsning fotosurati, videosi yoki boshqa aniq ma’lumotlarini uchratish qiyin.
Kompaniya bosh ofisi AQShning Kaliforniya shtatida joylashgani, u Whatsapp messenjerining bo‘limi ekanligi, taxminan 1 mln onlayn xodimlarga egaligi, uning global biznesi dunyoning ko‘plab davlatlarini qamrab olgani aytiladi.
Ushbu dastur navbatdagi moliyaviy piramidalardan biri xolos. Buni anglash uchun bir nechta jihatlarga e’tibor qaratishning o‘zi yetarli.
Masalan, Whats guruhida kompaniyaning O‘zbekiston hukumati bilan aloqasi borligi aytiladi. Ya’ni daromad pulini yechib olishda go‘yoki O‘zbekiston hukumati 15 foiz daromad solig‘i ushlab qolishni talab qilmoqda ekan. Ushbu soliqdan qochish uchun esa “Binance” platformasi orqali USDT (kriptovaluta)dan foydalanish taklif etilgan.
Aslida bu soliqdan qochishga emas, “to‘ppa o‘marish” oson bo‘lishi, qolaversa, noqonuniyligi bois erkin pul o‘tkazmalari “yopiqligi” uchun tanlangan yo‘l. Qolaversa, O‘zbekistonda daromad solig‘i 15 foiz emas, 12 foizni tashkil etadi. Shuningdek, ta’riflangani kabi global darajadagi kompaniya O‘zbekiston hukumati bilan kelishuvga erishadi-yu, buni rasmiy OAV yoritmasligi ehtimoldan ancha yiroq.
Bundan tashqari, Whatsapp’ning rasmiy sayti va boshqa manbalarida Whats loyihasi haqida biror ma’lumot yo‘q. Agar bu haqiqatdan Whatsapp bo‘limi bo‘lganida o‘z tarmoqlari orqali loyiha reklama qilingan bo‘lar edi.
Guruhlarda “Whats” nomidagi xususiy korxona guvohnomasi ham e’lon qilinib, bu orqali odamlarni Whats loyihasi faoliyatiga O‘zbekistonda qonuniy ruxsat berilganligiga ishontirishga urinish bo‘lmoqda.
Aslida biroz huquqiy tushunchasi bor bo‘lgan odam istalgan nomda xususiy korxona ochish mumkinligini anglar hamda uning faoliyat turini tekshirib ko‘rgan bo‘lardi. Masalan, “Whats” xususiy korxonasi 2024 yil 28 mart kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. 10 mln so‘m ustav kapitaliga ega bo‘lgan xususiy korxonaning faoliyati “to‘lovlarni yig‘ish bo‘yicha agentliklar va kredit byurolari faoliyati” sifatida ko‘rsatilgan.
Korxona ta’sischisi va rahbari Whats loyihasining Xatirchi tumanidagi filialini tashkil qilgan.
Umuman olganda, hududlarda loyihaning ko‘plab filiallari tashkil etilmoqda. Bu orqali dasturga ko‘proq odam jalb etishga harakat qilinyapti.
Aif: vaqtingizni behuda o‘tkazmang
Ham pul, ham vaqtingizni o‘g‘irlash uchun maxsus ishlab chiqilgan dasturlardan navbatdagisi Aif hisoblanadi. Ushbu dasturning ham ishlashi Whats’niki bilan deyarli bir xil: ro‘yxatdan o‘tasiz, pul tikasiz, berilgan videolarni ko‘rish va layk bosish orqali kunlik topshiriqni bajarasiz.
Aif dasturida “stavka”lar quyidagicha: 50 USDT (1 USDT taxminan 1 AQSh dollariga teng) tikib, 150 USDT, 21 ming USDT tikib, 63 ming USDT ishlab topish mumkinligi aytiladi. Qo‘yilgan summa miqdoriga qarab daromad miqdori ham oshirib borilgan.
Odamlarning loyihaga qo‘shilish jarayoni sustlashganda turli aksiyalar ham o‘tkazilib turiladi.
Keyingi vaqtlarda “Videoga layk bosganim uchun menga to‘lashayotgan bo‘lsa, nega boshida pul tikishim kerak?” deya o‘ylab ko‘rmaganlar Aif bilan uxlab, Aif bilan uyg‘onmoqda.
To‘r birdan tortiladi
Whats yoki Aif kabi dasturlarning “umri” nari borsa 1 yil bo‘lishi mumkin. Negaki, ommaviy jalb qilishlardan so‘ng tikilgan pullar ma’lum bir darajaga yetganida “to‘r birdan tortiladi”, hududlarda ochilayotgan filiallar yopilib, dasturning o‘zi esa qumga tomgan tomchi kabi bir necha daqiqada g‘oyib bo‘ladi. Boshlanishiga berilgan biroz mablag‘ esa har doimgi kabi shunchaki ishonchga kirish uchun ishlatilgan xo‘rak bo‘lib chiqadi. Buni Parker misolida ham ko‘rgandik.
Bu kabi dasturlarning yana bir shubhali tomoni shundaki, ularda ro‘yxatdan o‘tish uchun karta raqamini kiritish ham talab etilmoqda. Bu esa kiberfiribgarliklar turi kunora ko‘payib borayotgan bugungi davrda xavfli bo‘lishi mumkin.
Kun.uz yana bir bor yurtdoshlarimizni bunday dasturlarga ishonmaslikka, pullari va vaqtlarini sarflamaslikka chaqirib qoladi.
Ruslan Saburov,
Kun.uz
Mavzuga oid
19:44 / 19.11.2024
Yo‘l qurilishi bo‘yicha buyurtma olib berish evaziga 50 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
20:20 / 13.11.2024
Toshkentda EKU markazi ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
07:46 / 07.11.2024
IIBB internetda firibgarlikning yangi ko‘rinishi avj olgani haqida ogohlantirdi
19:06 / 01.11.2024