Uslub eski, vazifa yangi: O‘zbekistonda minglab odamlar navbatdagi moliyaviy piramida qurboni bo‘ldi
O‘zbekiston dunyo firibgarlarining cho‘ntagini to‘ldiradigan “kassa”ga aylanib qolmoqda: OMD nomli yangi moliyaviy piramida odamlarni “kitob o‘qish orqali pul topish” bahonasida chuv tushirib, milliardlarni o‘mardi. To‘langan pullar turli shaxslar nomidagi bank plastik kartalariga P2P ko‘rinishida o‘tkazilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar yugurayotgan firibgarlarni hamon yurib quvishda davom etmoqda.

Foto: Kun.uz
Navbatdagi “qopqon”
O‘zbekistonda moliyaviy piramidalar va unga aldanayotganlar soni kamaymayapti: sodda va omi odamlar dunyo firibgarlarining o‘ljasiga aylanishda davom etmoqda.
Asosan vodiy viloyatlarida keng tarqalgan navbatdagi yangi moliyaviy piramidaga minglab odamlar aldandi. Jabrlanganlar millionlab pullaridan ayrilgan.
OMD nomi bilan tarqalgan ushbu moliyaviy piramida reklamasi ijtimoiy tarmoqlarda faol olib borilgan. Tayyorlangan videolavhalarning aksariyati o‘zbek tiliga tarjima qilingan va ovozlashtirish sun’iy intellekt yordamida amalga oshirilgan. Aslida sifatsiz tarjimaning o‘ziyoq bu moliyaviy piramida ekanini anglatib turibdi. Biroq odamlar negadir tarmoqlardagi bu kabi reklamalarga ishonishgan va “qopqon”ga tushishgan.
Tekshirilmagan axborot
OMD kompaniyasi 2017 yil yanvar oyida Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tkazilgani aytilgan. Bunga isbot sifatida esa maktab o‘quvchisi ham yasay olishi mumkin bo‘lgan soxta guvohnoma ko‘rsatilgan.
“Kompaniya ishsizlikni kamaytirish uchun O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikni amalga oshirmoqda. OMD kelgusi 5 yilda 6 mln nafar o‘zbekistonlikni ish bilan ta’minlaydi”, deyiladi odamlarni ishontirish uchun tarqatilgan xabarlarda.
Ammo bu ma’lumot rost yoki yolg‘onligini bilish uchun oddiygina yo‘llar bilan tekshirib ko‘rish kifoya edi. Agar O‘zbekiston hukumati bu nomdagi kompaniya bilan hamkorlik o‘rnatganida OAVda yoritilgan yoki hukumat rasmiy saytida ma’lumotlar berilgan bo‘lardi. Qolaversa, keltirilayotgan raqamlarning o‘zi loyihaga nisbatan shubha uyg‘otadi.
Kompaniya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgani hamda joylarda hududiy ofislari borligini ko‘rsatish uchun “Tagob OMD” xususiy korxonasining guvohnomasi tarqatib kelingan.
Mazkur oilaviy korxona 2025 yil 14 fevral kuni Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Nashriyotchilik faoliyatining boshqa turlari bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan oilaviy korxonaning ta’sischisi va rahbari Shalola Qo‘ldosheva hisoblanadi.
Eski uslubga “yangi to‘n”
OMD’ning ishlash uslubi boshqa moliyaviy piramidalarniki bilan deyarli bir xil. Faqat “qarmoqqa ilinganlar”ni ushlab turish metodi boshqacharoq: xuddi eski uslubga “yangi to‘n” kiydirilgani kabi.
Masalan, “Parker” powerbank ijarasi, Whats, Aif va HNK kabi moliyaviy piramidalar video tomosha qilish orqali pul ishlash taklifi bilan tanilgan. OMD ham ular kabi oddiy sxemaga asoslangan platformaga ega.
Platformada “kitob o‘qish orqali” pul ishlash taklif etiladi. Buning uchun esa ma’lum bir darajalar ishlab chiqilgan. Bunda daraja yuqorilagan sayin unga “tikiladigan” pul miqdori va topshiriqlar soni oshib boradi. Masalan, i2 darajada 750 ming so‘m pul tikib, 25 ta topshiriqni bajarish orqali kunlik 62 500 so‘m, yillik esa 22 mln 500 ming so‘m “ish haqi” topish mumkinligi aytilgan. i8 darajada esa 99 mln so‘m pul tikib, 220 ta topshiriqni bajarganlik uchun yillik 1,3 mlrd so‘m va’da qilingan.
Shuningdek, “ish beruvchi” niqobidagi firibgarlar ayrimlarni “lavozimga tayinlab” ham kelishgan. Bu aldanganlar orasida ishonchni mustahkamlashga va lavozimga tayinlanganlar orqali moliyaviy piramidani faolroq targ‘ib etish hamda ko‘proq mablag‘ jalb etishga xizmat qilgan.
P2P orqali “oson o‘marish”
OMD platformasining yana bir farqli tomoni loyihaga tikilayotgan pullarni ochiqchasiga P2P orqali boshqa shaxslar nomidagi bank kartalariga tushirib olishgan.
Sxema juda oddiy: platformada telefon raqamni ko‘rsatgan holda ro‘yxatdan o‘tiladi. So‘ngra biror daraja tanlanadi. Unga pul tikish jarayonida esa mablag‘ o‘tkazish uchun turli bank kartalari biriktirilgan.
Bank kartalari turli odamlarning nomida.
Ushbu shaxslar nomidagi bank kartalari firibgarlar qo‘liga qanday tushib qolgani ham qiziq. Bu borada turli taxminlarni ilgari surish mumkin. Masalan, ushbu ishlarga aloqador bank xodimi kredit olgan, SIM karta sotish joylaridan sizdirilgan shaxsiy ma’lumotlarga bank kartasi ochgan bo‘lishi mumkin. Yoki faol holatda bo‘lgan, biroq ishlatilmaydigan bank kartalari egasidan sotib olingani bo‘lish ehtimoli ham bor.
“Kredit olib pul tikkandim”
OMD platformasiga pul tikib aldanganlar orasida turli soha vakillari bor. Masalan, o‘qituvchilar.
“Bu narsaga aldanganimni o‘zim ham sezmay qoldim. Ijtimoiy tarmoqlarda reklamalariga ko‘zim tushgandi. O‘zim ham ishlab, ham o‘qiyman. O‘qishim to‘lov-kontrakt asosida. Balki rost bo‘lsa, kontrakt pulimga qo‘shimcha bo‘lar degan o‘yda kredit olib, pul tikkandim.
Topshiriqlarni bajarib bordim. Birinchi haftada pul yechish kuni qandaydir bayramga to‘g‘ri keldi. Shuni bahona qilishdi. Keyingi haftasida soliq tekshiruvi bo‘layotganini aytishdi va yana pul yechib bo‘lmadi. Uchinchi hafta boshqa narsani bahona qilishdi. Shunda bu yolg‘onligini sezib qoldim. Tikkan pullarimni ham qaytara olmadim”, deydi Kun.uz’ga murojaat qilgan va ismi sir qolishini istagan o‘qituvchi.
Kun.uz ushbu moliyaviy piramidaga aldangan o‘nlab fuqarolar bilan suhbatlashib ko‘rdi. Ular orasida 40-50 mln so‘m mablag‘ini firibgarlar qo‘liga tutqazganlar ham bor. Demak, bu safar ham odamlarga yetkazilgan zarar bir necha milliardlarni tashkil qilishi mumkin.
“Ko‘proq odam – ko‘proq pul”
Moliyaviy piramidalarda parda ortida turganlar imkon qadar qisqa vaqtda ko‘proq odamni yolg‘on to‘riga tortishga urinishadi. Buning uchun targ‘ibotning turli ko‘rinishlaridan faol foydalaniladi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalardan tashqari xizmat jamoalariga borib, turli tadbirlar o‘tkazish ko‘rinishida odamlar jalb etiladi. Masalan, HNK nomi ostida ishlagan firibgarlar ta’lim muassasalari, xususan, maktablar va bog‘chalarga qadar kirib borgandi.
OMD ham ana shu uslubdan foydalangan: turli mehnat jamoalariga borilib, targ‘ibot ishlari amalga oshirilgan. Buni saytga yuklangan fotolardan ham bilish mumkin.
Biroq mehnat jamoalaridagi bu kabi targ‘ibotlar tegishli mas’ullar e’tiborini tortmagan.
Odamlar aldanishda davom etmoqda
2024 yilning boshida “Parker” nomli moliyaviy piramida avj oldi. Kun.uz loyiha avj olgan palladayoq bu moliyaviy piramida ekani haqida surishtiruv e’lon qilgandi. Ammo viloyatlarda ham filiallari ochilganini, hatto shu yo‘nalishda MChJlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganini ko‘rgan odamlar topganini shu loyihaga – powerbank ijarasiga tikdi. Oxir-oqibat esa ko‘plab insonlar aldanib qoldi.
Shundan so‘ng internetda “Sun Eco” nomli yana bir shubhali loyiha paydo bo‘ldi. Unda odamlar quyosh panellariga pul tikishga chaqirildi.
Odamlarning pulini o‘marishga qaratilgan “Blue culture”, “Dari poluchay”, “Charoit”, “Ubuntu”, “Imalliance” va “New Millenium” kabi moliyaviy piramidalar, shuningdek, “pulingizni bir soatda 10 baravarga ko‘paytirib berishni” va’da qilganlar haqida ham yozildi.
Kun.uz avvalroq ikki platforma – Aif va Whats moliyaviy piramida ekanini aytib, odamlarni ularga pul tikmaslikka va aldanib qolmaslikka chaqirgandi. Biroq bunga quloq solmagan sodda xalq yana aldandi.
Yugurayotgan firibgarlar yurib quvilmoqda
Bu safar ham “poyezd ketib ulgurdi”: ko‘plab odamlar OMD’ga chuv tushib, pulidan ayrildi. Endi huquqni muhofaza qiluvchi organlar “agar jabrlanuvchilardan murojaat tushsa” holat yuzasidan jinoyat ishi ochadi.
O‘zbekistonda so‘nggi 1-2 yilda ko‘plab moliyaviy piramidalar minglab odamlarni chuv tushirdi. Ularning barchasida pul o‘marib bo‘lingach jinoyat ishi ochilgan. Masalan, Aif’ga aldangan xorazmliklar viloyat Ichki ishlar boshqarmasini o‘rab olib, murojaat qilgachgina platformaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tegishli nazorat organlari minglab odam firibgarlar to‘riga ilinib, bor-budlaridan ayrilgunicha kuzatuvchi maqomida turishi hamon tushunarsiz qolmoqda. Bunday vaziyatda jinoyatning ketidan quvish emas, oldini olish muhimroq emasmi?
Kun.uz yana bir bor yurtdoshlarimizni turli shubhali dasturlarga ishonmaslikka va pullarini sarflamaslikka chaqirib qoladi.
Ruslan Saburov,
Kun.uz
Mavzuga oid

20:15 / 05.05.2025
Kartadan pul o‘g‘rilash va internetdagi “piramida”larga qarshi kurash kuchaytiriladi

14:13 / 25.03.2025
Firibgarlar tuzog‘iga eng ko‘p tushadigan odamlar toifasi ma’lum qilindi

10:51 / 11.02.2025
150 ming kishini chuv tushirgan bank – Rossiyadagi shov-shuvli moliyaviy piramida tarixi

21:52 / 10.02.2025