O‘zbekiston | 21:26 / 22.08.2024
4149
7 daqiqa o‘qiladi

22 avgustning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Ozarboyjon prezidentining tashrifi, start olgan “Openbudjet”ning ikkinchi mavsumi, maxsus unvonlarda xizmat muddati, maymunchechakka qarshi jamoaviy immunitet — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Ozarboyjon prezidentining tashrifi

Ozarboyjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyev 22-23 avgust kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keldi.

Tashrif davomida Toshkent shahrida O‘zbekiston va Ozarboyjon yetakchilari raisligida oliy darajadagi muzokaralar va Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Sammit kun tartibidan O‘zbekiston-Ozarboyjon strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish masalalari o‘rin olgan.

O‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, kooperatsiya loyihalarining yangi portfelini shakllantirish, ishbilarmonlik aloqalarini, shu jumladan hududlararo almashinuvni rivojlantirish, transport-kommunikatsiya salohiyatini ro‘yobga chiqarish, madaniy-humanitar aloqalarni faollashtirish va boshqa masalalar diqqat markazida bo‘ladi.

Prezidentlar ikki mamlakat biznesi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazishi, qator ishbilarmonlik va madaniy tadbirlarda ishtirok etishi ham ko‘zda tutilgan.

Openbudjet” yana start oldi

“Tashabbusli budjet”ning joriy yilgi 2-mavsumiga start berildi. Ma’qullashdan o‘tgan tashabbuslar ovoz yig‘ishi mumkin. Ikkinchi mavsum 31 avgust soat 23:59 ga qadar davom etadi.

Fuqarolar o‘zlariga qulay bo‘lgan usullardan biri orqali ovoz to‘plashadi. Bunda:

  • «Ochiq budjet» portalining veb-sahifasi;
  • portalning mobil ilovasi;
  • Telegram’ dagi rasmiy bot yordamida ovoz berishi mumkin.

Joriy mavsumda ilgari surilgan loyihalarni amalga oshirish uchun davlat budjetidan 3 trillion so‘m ajratilishi belgilangan. Bunda har bir loyiha uchun eng yuqori qiymat 1 milliard 360 million so‘mni tashkil etadi.

2024 yil mart oyidan tashabbusli budjetlashtirish jarayonida ovoz berishda sog‘lom raqobat muhitini yaratish maqsadida «bir fuqaro – bir ovoz» tizimi joriy etilgan.

Yer uchastkalarining yagona klassifikatori

Hozir yer fondi doirasida bir faoliyatdan boshqasiga o‘zgartirish tartibi aniq belgilanmagan. Masalan, bog‘ o‘rnida issiqxona qilaman, degan tadbirkor ishni nimadan boshlashni, kimga murojaat qilishni bilmaydi.

2025 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda yer uchastkalari va kapital qurilish obektlarining yagona klassifikatori joriy etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 20 avgust kuni Nukus shahrida tadbirkorlar bilan muloqotda ma’lum qildi.

Klassifikator joriy etish bilan har bir yer uchastkasi uchun asosiy faoliyat turini qaysilariga almashtirish mumkinligi, qanday yordamchi inshootlarni joylashtira olishi aniq belgilab berilishi reja qilinmoqda.

Bundan tashqari, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik, pilla yetishtirish, shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari uchun ular joylashgan bino va inshootlar ostidagi yerlar uchun yer solig‘i endilikda sanoat toifasi stavkasi bo‘yicha hisoblab chiqiladi. Klassifikator joriy etilgandan so‘ng ular qishloq xo‘jaligi yerlaridagi kabi yer solig‘ini to‘lashga ham o‘tadi.

Maxsus unvonlarda xizmat muddati

Prezident qarori bilan ichki ishlar organlarida maxsus unvonda xizmat o‘tash muddatlari belgilandi.

Ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish kiritilib, maxsus unvonda xizmat o‘tash muddatlarining ayrimlari quyidagicha belgilanadi:

  • “katta leytenant” – 3 yil;
  • “kapitan” – 4 yil;
  • “mayor” – 5 yil;
  • “podpolkovnik” – 6 yil”.

Shuningdek, bu unvonlarda xizmat qilish muddati Milliy gvardiya, bojxona organlarida hamda harbiy xizmatchilar uchun ham taalluqli ekani belgilandi.

IIO xodimlarining xizmat muddati 25 yilga uzaytirilishiga doir xabarlar yolg‘on — IIV

Mavzu bilan bog‘liq yana bir xabar: Ichki ishlar vazirligi tarmoqlarda tarqalgan IIO xodimlarining pensiyaga chiqish uchun xizmat muddati 25 yilga uzaytirilishiga doir xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

Vazirlikka ko‘ra, amaldagi «Harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonun hamda 3413-sonli prezident qaroriga muvofiq, ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimning xizmat muddati kalendar hisobda 20 yilga yetganidan so‘ng o‘tagan xizmat muddati uchun pensiya olish huquqiga ega bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Maymunchechakka qarshi jamoaviy immunitet

Sanepidqo‘mitaga ko‘ra, O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan 1980 yildan avval tug‘ilgan katta yoshdagilar chechak (xalq tilida — chinchechak) kasalligiga qarshi to‘liq emlangan.

Aynan shu qatlamda jamoaviy immunitet mavjud, boisi chinchechakka qarshi emlashdan keyin hosil bo‘lgan immunitet maymunchechakka qarshi ham ishlaydi va kasallikning keng tarqalish xavfini pasaytiradi.

Maymunchechak – virusli infeksiya bo‘lib, organizmning umumiy zaharlanishi hamda terida o‘ziga xos toshmalar toshishi bilan kechadi.

Shuningdek, maymunchechak kasalligi respublika hududiga kirib kelishi ehtimoli juda kamligi ma’lum qilingan. Kasallik aniqlangan Yevropa mamlakatlarida bemorlar va muloqotda bo‘lganlarga nisbatan alohidalash choralari olib borilmoqda, epidemiyaga qarshi amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar esa to‘liq samara bermoqda.

JSST Yevropa ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra, maymunchechak epidemiyasi COVID-19 pandemiyasi darajasida global muammo tug‘dirmaydi. Chunki kasallik havo-tomchi yo‘li bilan emas, kasal bilan bevosita kontakt natijasida yuqadi.

O‘zbekiston aholisi

Dasturimiz so‘ngida O‘zbekiston aholisi bilan bog‘liq ayrim qiziq statistik ma’lumotlar.

2024 yil 1 iyul holatiga respublikamizning doimiy aholisi 37 mln 134 ming 200 kishini tashkil etgan. O‘zbekistonda doimiy aholi aholi kuniga o‘rtacha 1800 kishiga ko‘paymoqda, deb xabar beradi Statistika agentligi.

Respublikamiz aholisining o‘rtacha yoshi 28,5 da. Doimiy aholisi eng ko‘p bulgan hudud Samarqand viloyati — 4 mln 249 ming. Keyingi o‘rinda Farg‘ona viloyati — 4,1 mln va Qashqadaryo viloyati — 3,6 mln kishi.

Mavzuga oid