Jahon | 22:30 / 22.08.2024
13329
2 daqiqa o‘qiladi

Alisher Usmonov rossiyaliklarga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar teskari samara berganini aytdi

Uning aytishicha, avval transmilliy kompaniyalarga faol sarmoya kiritgan rossiyalik tadbirkorlar endi Rossiya bozoriga sarmoya kiritishni boshlagan.

Foto: Corriere Della Sera

Siyosiy sabablarga ko‘ra Yevropa Ittifoqining rossiyalik ishbilarmonlarga qarshi sanksiyalarini joriy etishi «katta xato», dedi USM Holding kompaniyasi asoschisi Alisher Usmonov. Uning qayd etishicha, avvallari transmilliy kompaniyalarga faol sarmoya kiritgan rossiyalik tadbirkorlar endi Rossiya bozoriga sarmoya kiritishni boshlagan. Bu haqda milliarder Italiyaning Corriere Della Sera nashriga bergan intervyusiga gapirdi.

Tadbirkorning fikricha, Yevropaning Rossiyaga qarshi sanksiyalaridan eng katta zararni yevropaliklarning o‘zi ko‘tarmoqda. U cheklovlarni «zaiflik belgisi» deb atadi va ularning yordami bilan teskari maqsadlarga erishilganini ta’kidladi.

«Ular biznes elitasini jazolamoqchi bo‘lishdi, rossiyaliklar esa pullarni uyiga qaytardi. Rossiya iqtisodiyoti sanksiyalarga moslashmoqda, qo‘shni bozorlar esa zarar ko‘rmoqda. Yevropa Rossiya energetika resurslarini rad etdi va ularni ancha qimmatroq narxda sotib olishga majbur. Men oq-qora tasvirni chizmoqchi emasman – sanksiyalar, shubhasiz, hamma uchun zararli, ammo hozircha yevropaliklar uchun ko‘proq», dedi Usmonov.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar va savdo to‘siqlari kuchayib borayotgan dunyoda «imkoniyatlar transmilliy kompaniyalar uchun kamroq, mintaqaviy va milliy korxonalar uchun esa ko‘proq bo‘ladi».

Alisher Usmonov 2022 yil 28 fevralida, Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan so‘ng, Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolgan edi. Shuningdek, unga qarshi AQSh sanksiyalari ham joriy etildi. Usmonov ushbu sanksiyalarning bekor qilinishi uchun bir qancha sudlarda kurashmoqda.

Mavzuga oid