Fan-texnika | 14:26 / 23.08.2024
2799
3 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Xitoy devorida sayyohlarga dronlar bilan ovqat yetkazish xizmati yo‘lga qo‘yildi

Buyurtmani yetkazib bergan dronlar ortga qaytishda o‘zi bilan chiqindilarni olib ketadi

Buyuk Xitoy devorida sayohat qilayotgan turistlar endi yegulikni havo orqali olishi mumkin. Pekin chetidagi istehkomning eng gavjum Badalin qismida dronlar yordamida innovatsion yetkazib berish tizimi joriy etildi.

Ilgari yetkazib berish piyoda kurerlar tomonidan amalga oshirilar va kutish deyarli bir soatga cho‘zilardi. Endi dronlar buyurtmani besh daqiqada yetkaza oladi. Buyurtma berish uchun turistlar maxsus QR-kodni skanerlashi kerak.

Tovarlar orasida nafaqat suv, oziq-ovqat va muzqaymoq, balki zarurat tug‘ilganda dori-darmonlar ham mavjud. Qizig‘i shundaki, ortga qaytishda dronlar bo‘sh shishalar va qadoqlarni tashib, hududni tozalashga yordam beradi. Bu xodimlarning ishini osonlashtiradi va obektda tozalikni saqlashga hissa qo‘shadi.

Yangi dron xizmati Xitoy oziq-ovqat yetkazib berish giganti Meituan tomonidan e’lon qilindi. Unga ko‘ra, dronlar mo‘’tadil shamol va yomg‘irda ham ucha oladi, bir parvozda 2,3 kilogramgacha yuk tashishi mumkin.

Dron orqali yetkazib berish narxi atigi 4 yuanni (56 sent) tashkil qiladi. Buyurtmalar soat 10:00 dan 16:00 gacha qabul qilinadi, shundan so‘ng dronlar chiqindilarni qayta ishlash stansiyalariga yetkazib beradi, deyiladi xabarda.

Biroq dronlar hanuz inson yordamiga muhtoj.

Ovqatga buyurtma kelib tushgandan keyin, Meituan xodimi mahsulotni eng yaqin mehmonxona tomiga olib chiqadi va dronga mahkamlaydi. So‘ng operator dronni Badalindagi qo‘riqlash xizmati minorasiga qarab uchiradi. Minorada boshqa xodimlar dronni kutib oladi va yegulikni buyurtmachiga olib beradi.

Uchar biznes

So‘nggi yillarda Xitoyda dronlar orqali yetkazib berish xizmati jadal rivojlanmoqda.

2016 yilda elektron tijorat giganti JD qishloq joylarda yetkazib berish uchun uchuvchisiz uchar apparatlarning birinchi sinovini boshlagandi. Ushbu dronlar 15 kilogrammgacha yukni maksimal 20 kilometr masofaga tashish orqali egri-bugri tog‘ yo‘llari bo‘ylab mashinada yetkazib berish vaqtini to‘rt soatdan 20 daqiqagacha qisqartirgan.

Qishloq joylarida logistikani yaxshilashdan tashqari, dronlardan Xitoy megapolislari aholisiga oziq-ovqat mahsulotlarini qisqa vaqtda yetkazib berish uchun ham keng foydalanilmoqda.

Meituan kompaniyasi dronlar xizmatini 2021 yilda boshlagan. Hozirda kompaniya bir nechta shaharlarda 30 dan ortiq dron yo‘nalishlarini boshqaradi, ular bo‘yicha 300 000 dan ortiq buyurtmalar oladi. Aholi zich joylashgan shaharlarda kurer dronlar oldindan belgilangan marshrutlar bo‘yicha uchish maydonchalaridan (odatda tomlar) maxsus kioskalargacha boradi.

Mavzuga oid