O‘zbekiston | 11:23 / 23.08.2024
3573
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda sodir bo‘lgan YTHda ikki kishi halok bo‘ldi

Hodisaga avtomaktab o‘qituvchi-instruktorining yo‘l harakati qoidalarini buzishi sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Foto: Videodan kadr / MY5

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida to‘rtta transport vositasi ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Markaziy studiya” informatsion dasturida ma’lum qilindi.

Ma’lum qilinishicha, viloyatlararo qatnovchi Cobalt haydovchisi M-37 xalqaro avtomobil yo‘lining Paxtachi tumani hududidan o‘tgan qismida boshqaruvni yo‘qotgan.

Mashina o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanib kelib qayrilib olayotgan Trekerga urilgan. So‘ng qarama-qarshi tomonga o‘tib Nexia-3 va avtobus bilan to‘qnashgan.

Oqibatda og‘ir tan jarohatlari olgan Cobalt yo‘lovchisi hodisa joyida, haydovchisi shifoxonada vafot etgan.

Telekanalda berilgan lavhada avtomaktab o‘qituvchi-instruktori yo‘l-transport hodisasi sodir etib hodisa joyidan qochib ketgani aytiladi.

Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan Paxtachi tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid