Jahon | 11:46 / 24.08.2024
11269
12 daqiqa o‘qiladi

Dengiz bag‘ridan yoqilg‘i “so‘rayotgan” qurilmalar: ​​​​​​​jahonning eng yirik neft platformalari

Dunyodagi neftning bir qismi dengiz va okeanlar tubidan qazib olinmoqda. Bu uchun neft kompaniyalari 500 mlndan 1 mlrd dollargacha narxlanadigan platformalar yasatadi. Dunyodagi eng yirik platformalarning og‘irligi bir necha o‘n ming tonnaga yetadi.

Bugun insoniyat o‘z ehtiyoji uchun Yer qa’rida joylashgan barcha boylikni “so‘rib” olmoqda. Ular orasida ayniqsa neftga talab katta bo‘lmoqda. “Qora oltin”ni insoniyat hattoki dengizlar va okeanlar tubidan ham qazib olmoqda.

Quruqlikda joylashgan neftni olish birmuncha oson. Burg‘ilash yo‘li bilan neft joylashgan yergacha quduq qaziladi. So‘ng so‘rib oluvchi uskunalar yordamida neft yer yuzasiga chiqarilib, quvurlar yoki tankerlar bilan qayta ishlash zavodlariga haydab beriladi.

Dengiz va okeanlarda joylashgan konlardan neft olish boshqacharoq. Bunda eng avval neft topilgan joyda platforma qurish kerak bo‘ladi. So‘ng barcha ishlar ana shu platformalardan turib bajariladi.

Platforma to‘lqinlarga bardoshli bo‘lishi uchun beton ustunlar ustiga o‘rnatiladi va ularni asosan kemasozlik kompaniyalari tayyorlab beradi.

Bugungi kunda eng yirik platformalarning og‘irligi bir necha o‘n ming tonna, balandligi bir necha yuz metr chiqadi.

Dunyodagi ilk neft platformasi 1949 yilda Kaspiy dengizida, Ozarboyjonning Apsheron yarimorolidan 40 km uzoqlikda quriladi. U eng birinchi qurilgan platforma sifatida Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilgan.

Keyinchalik, yoqilg‘iga talab oshib boravergach, dunyoning boshqa davlatlari ham dengizlar va okeanlar ostidan neft qazib olishga o‘tishadi. Bugun dunyoning juda ko‘plab hududlarida neft platformalari bor.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda dunyoda qazib chiqarilayotgan neftning 30 foizga yaqini neft platformalari yordamida suv tubidan olinmoqda.

Kemasozlik kompaniyalari bitta neft platformasini yasab, belgilangan joyga o‘rnatishi uchun milliard dollardan ham ziyod mablag‘ oladi. Shu sababli ularni dengiz ostida juda katta neft zaxiralari aniqlangan joylarga o‘rnatishadi.

Quyida neft platformalarining eng yiriklari haqida so‘z yuritamiz.

Draugen

Norvegiya qirg‘oqlari yaqinidagi ilk neft koni 1967 yilda topilgan. Keyinchalik geologik qidiruvlar natijasida hududda juda yirik neft konlari borligi aniqlandi.

Shundan so‘ng Norvegiya ko‘plab neft platformalari o‘rnatdi va ko‘p o‘tmay dunyodagi neft qazib oluvchi davlatlar ro‘yxatining yuqori qismidan joy oldi.

Norvegiyaga tegishli Draugen dunyodagi eng yirik neft platformasi hisoblanadi. Uni o‘rnatish ishlari 1984 yilda boshlangan. 1993 yilda ishga tushirilgan.

Draugen’ning suv ustidagi og‘irligi 22 ming tonna bo‘lib, u ulkan beton konstruksiya ustiga o‘rnatilgan. Platforma Norvegiya qirg‘oqlaridan 150 km uzoqlikda joylashgan. U qurilgan yerda dengizning chuqurligi 250 metrni tashkil etadi.

Platforma to‘liq quvvat bilan ishlasa bir sutkada 140 ming barrel neft qazib chiqarish imkoniyatiga ega. Bu platformadan qazib olinadigan neft tankerlar bilan, gaz esa quvurlar orqali tashiladi.

Perdido

Perdido neft platformasi Karib havzasida, Meksika ko‘rfazida joylashgan bo‘lib, uni Britaniyaning Shell, Amerikaning Chevron va Britaniyaning British Petroleum kompaniyalari hamkorlikda ishlatadi.

Uni Finlandiyaning Technip SA kompaniyasi qurgan. So‘ng 22 ming tonna og‘irlikdagi platformani barja Boltiq dengizidan 13 200 km masofaga, Meksika ko‘rfazigacha shatakka olib sudrab keladi.

Platforma ishlayotgan hududda uchta yirik - Great White, Tobago va Silvertip neft va gaz konlari aniqlangan. Ularning jami zaxirasi 3-15 mlrd barrel deb baholangan.

Perdido suzuvchi platforma hisoblanadi va u turgan joyda dengizning chuqurligi 2 450 metrga yetadi. Platforma 2010 yildan boshlab neft qazib ola boshlagan. U sutkasiga 100 ming barrel neft olish imkoniyatiga ega.

Platformada qariyb 200 kishi 12 soatlik navbat bilan ishlaydi. Ular bir oyda 15 kun mehnat qiladi, 15 kun quruqlikda dam oladi.

Perdido’da turli uskunalardan tashqari ishchilar uchun dam olish va yotoqxonalari bor. Shuningdek, uning eng tepa qismida ikkita vertolyot qo‘nish maydonchasi ham bor.

Mars B

Mars B platformasi ham Meksika qo‘ltig‘ida joylashgan. Uning egasi Britaniyaning Shell kompaniyasi hisoblanadi. Shell platformani Britaniyaning yana bir kompaniyasi British Petroleum bilan hamkorlikda ishlatadi.

1993 yilda Shell kompaniyasi Mars platformasini yaratish loyihasini e’lon qiladi. Oradan uch yil o‘tgach platforma qurib bitkaziladi va ishga tushiriladi. Uning suv ustidagi qismi 36,5 ming tonna og‘irlikka ega.

Platforma o‘rnatilgan joyda dengiz chuqurligi 896 metrni tashkil etadi. Mars bir sutkada 220 ming barrel neft va 6,2 mln metr kub gaz qazib olish quvvatiga ega.

Mars platformasida qazib olingan neft va gaz 180 km uzunlikdagi quvurlar orqali Luiziana shtatiga yetkaziladi. 2005 yilda Karib havzasida yuz bergan Ketrin to‘foni tufayli platforma jiddiy shikastlanadi.

Uni ta’mirlashga bir yil vaqt sarflanadi va 2006 yilda platforma yana to‘laqonli ishlay boshlaydi.

Hibernia

Hibernia aslida Kanadaga tegishli Nyufaundlend oroli yaqinida joylashgan neft konining nomi. Keyinchalik kon tepasida qurilgan platformaga ham shu nom berilgan.

Kon orolning janubiy-sharqida joylashgan Sent-Jons shahridan 315 km uzoqlikda joylashgan va u 1979 yilda topilgan. Platforma qurilishi 1986 yilda boshlangan va u 1997 yilda ishga tushirilgan.

Hibernia dunyodagi eng yirik platformalardan biri hisoblanadi va uning og‘irligi qariyb 40 ming tonnani tashkil etadi.

Platforma Kanadaning o‘zida, Nyufaundlend va Labrador orollarida yasalgan. So‘ng shatakka olib kon tepasigacha tortib borilgan. Platforma jami og‘irligi 550 ming tonna og‘irlikdagi uchta yirik beton ustun ustiga o‘rnatilgan.

Hibernia neft konini ExxonMobil Canada (33,125 foiz), Chevron Canada Resources (26,8 foiz), Suncor (20 foiz), Canada Hibernia Holding Corporation (8,5 foiz), Murphy Oil (6,5 foiz) va Equinor Canada kompaniyalari hamkorlikda ishlatadi.

Troll

Troll gaz platformasi hisoblanib, u Norvegiyaning g‘arbiy sohillari yaqinida joylashgan shu nomdagi gaz koni ustiga o‘rnatilgan. Platformani qirg‘oqda yasab, so‘ng 200 km masofada joylashgan kon tepasiga shatakka olib tortib borishgan.

U 1991 yilda qurila boshlangan va 1995 yilda o‘rnatilgan. O‘sha paytda buyurtmachi Troll uchun 650 mln dollar to‘lagan. O‘rnatilgandan boshlab undan Norvegiyaning Equinor davlat kompaniyasi foydalanib kelmoqda. Platforma o‘rnatilgan joyda dengiz chuqurligi 303 metrga yetadi.

Troll platformasining umumiy uzunligi (suv ostida qolgan beton qismi bilan birga) 483 metrni tashkil etadi. Og‘irligi 683,6 ming tonna. Suv ostidagi qismi bilan 1,2 mln tonna.

Platformani to‘rtta beton tayanch ko‘tarib turadi. Uning balandligi 303 metr bo‘lib, Troll dunyodagi eng baland platforma hisoblanadi. 1996 yilda u Ginnesning rekordlar kitobiga dunyodagi eng yirik gaz platformasi sifatida kiritilgan. Keyinchalik Petronius platformasi undan o‘zib ketgan.

Berkut

Berkut platformasi Rossiyaga tegishli bo‘lib, u Oxota dengizida, Saxalin orolidan 25 km uzoqlikka o‘rnatilgan. Bu yerda dengizning chuqurligi 33,6 metrni tashkil etadi.

Platformaning og‘irligi 42 ming tonnani, balandligi 75 metrni tashkil etadi. Undan 2014 yilda foydalanishni boshlashgan. Berkut “Rosneft” va Amerikaning ExxonMobil kompaniyalari tomonidan tiklangan.

Berkut “Saxalin-1” loyihasining bir qismi bo‘lib, u Chayvo, Odoptu va Arkutun-Dagi neft konlarini o‘zlashtirish uchun qurilgan. So‘ng Arkutun-Dagi koni tepasiga o‘rnatilgan. Unda bir sutkada 90 ming barrel neft qazib olinadi.

“Saxalin-1” loyihasida ExxonMobil’dan tashqari yana bir nechta xorijiy kompaniyalar ishtirok etayotgandi. Ularning aksariyati Rossiya 2022 yil 24 fevral kuni Ukrainaga bostirib kirgandan so‘ng loyihadagi ishtirokini to‘xtatdi.

Petronius

Petronius platformasi 1997 yilda qurila boshlangan va 2000 yilda ishga tushirilgan. U ham Meksika qo‘ltig‘ida, Nyu-Orlean shahridan 210 km uzoqlikda o‘rnatilgan.

Platforma Rim yozuvchisi Petronis sharafiga nomlangan neft va gaz koni ustiga o‘rnatilgan. Platformaga ham konning nomini berishgan. Unga Amerikaning Chevron energetika kompaniyasi egalik qiladi.

Petronius dunyodagi eng yirik platforma hisoblanadi. Uning suv ostidagi qismi 640, suv ustidagi balandligi esa 75 metrni tashkil etadi. 2010 yil Dubayda Burj Xalifa osmono‘par binosi qurilguncha Petronius platformasi dunyodagi eng baland qurilma edi.

Petronius’ning og‘irligi esa 50,5 ming tonna. Uning tepasidagi palubaning o‘lchami 64 ga 43 metr. Platformada 21 ta quduq bo‘lib, ulardan bir sutkada 60 ming barrel neft va 3 mln kubometr gaz qazib olinadi.

Neft va gaz platformalari haqida qiziqarli ma’lumotlar

Dunyodagi birinchi statsionar neft platformasi. 1938 yilda Meksika qo‘ltig‘ida, Luiziana shtati qirg‘oqlaridan 1,5 km uzoqlikda qurilgan. Platforma qurilgan joyda dengiz chuqurligi 4,3 metr bo‘lgan. Platformani ExxonMobil) va Chevron kompaniyalari hamkorlikda ishlatgan. Keyinchalik u buzib tashlangan.

Hozir ham ishlab turgan eng keksa platforma. 1949 yilda Kaspiy dengizida, Ozarboyjonning Apsheron yarimorolidan 40 km uzoqlikda quriladi. U eng birinchi qurilgan platforma sifatida Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilgan.

Eng shimoliy platforma. 2015 yilda Janubiy Koreyaning Hyundai kompaniyasi tomonidan Norvegiya uchun Shimoliy Muz okeanidagi Barens dengizida qurib berilgan. Bu platforma Goliaf deb nom berilgan kon tepasiga o‘rnatilgan. Platformani Eni (65 foiz) va Statoil (35 foiz) hamkorlikda ishlatadi.

Arktikadagi yagona platforma. Rossiyaning Nenets avtonom okrugidagi Varandey qo‘rg‘onidan 55 km shimolda Arktika shelfida qurilgan. “Prirazlomnaya” deb nom berilgan bu platforma 2013 yilda ishga tushirilgan.

Yonib ketgan platforma. 1988 yilda Shotlandiya qirg‘oqlari yaqinida qurilgan va Amerikaning Occidental Petroleum Corporation kompaniyasiga tegishli Piper Alpha platformasida yong‘in yuz beradi.

Oqibatda platforma to‘liq yonib ketadi va unda bo‘lgan 165 kishi va ikki qutqaruvchi halok bo‘ladi. 61 kishi qutqariladi. Ushbu hodisa tufayli kompaniya 1,7 mlrd dollar zarar ko‘radi va tarixdagi eng qimmat texnogen halokat hisoblanadi.

Deepwater Horizon yonib ketishidan avval
Deepwater Horizon platformasi yonayotganda

Eng katta ekologik zarar keltirgan platforma. 2010 yilda Meksika qo‘ltig‘ida Deepwater Horizon platformasida kuchli portlash va yong‘in sodir bo‘ladi. Oqibatda 152 kun davomida dengiz sathiga neft oqadi va 75 ming kilometr kvadrat hududni egallaydi. Bu Meksika qo‘ltig‘ining 5 foiz hududi hisoblanadi. Bu hodisa AQSh tarixidagi eng yirik ekologik halokat hisoblanadi. Deepwater Horizon platformasini R&B Falcon kompaniyasi buyurtmasiga ko‘ra 2010 yilda Hyundai qurib bergan.

Eng uzun platforma. Shell buyurtmasi bilan Finlandiya kompaniyasi tomonidan qurib berilgan Perdido dunyodagi eng uzun (chuqur) platforma hisoblanadi. Uning suv ostidagi qismi 2 450 metrni tashkil etadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid