Jahon | 22:19 / 28.08.2024
2150
2 daqiqa o‘qiladi

Berkshire Hathaway kapitallashuvi birinchi marta 1 trillion dollardan oshdi

Amerika investitsiya giganti shunday marraga yetgan sakkizta kompaniyaning biri bo‘ldi.

Foto: Reuters

28 avgust kuni birja savdolari ochilganidan keyin Uorren Baffetning Berkshire Hathaway investitsiya fondi aksiyalari 1,2 foizga qimmatlashdi. Shunday qilib, kompaniyaning kapitallashuvi o‘z tarixida birinchi marta 1 trillion dollardan oshdi.

Berkshire Hathaway qiymati ushbu ko‘rsatkichdan oshgan yettinchi AQSh kompaniyasi va texnologiya sektoridan tashqarida birinchi bo‘ldi.

Kapitallashuvi 1 trilliondan oshgan AQSh kompaniyalari orasida Apple, Nvidia, Microsoft, Alphabet, Amazon va Meta ham bor. Dunyoda ushbu «klub» tarkibiga kiruvchi yana bitta kompaniya Saudiya Arabistoniga tegishli – Saudi Aramco neft va gaz kompaniyasi.

Berkshire Hathaway aksiyalari qiymati yil boshidan buyon 28 foizga oshdi. Kompaniya Apple korporatsiyasiga kiritgan investitsiyalari bilan tanilgan bo‘lsa-da, uning portfelida ko‘proq texnologik bo‘lmagan aksiyalar (Coca-Cola, American Express, Wells Fargo va boshqa ko‘plab kichik kompaniyalar) ko‘proq. So‘nggi paytlarda investitsiya fondi o‘zining Apple aksiyalarini sotish va AQSh qisqa muddatli davlat obligatsiyalarini sotib olishda ancha faol bo‘ldi.

Mavzuga oid