29 avgustning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Yangi maktablar qurish narxini ochiqlagan ta’lim vaziri, YPX bayonnomasi ustidan arz qilish uchun yangi usul, tasdiqlangan “super kontrakt” narxlari va paqildoqlarga qarshi choralar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Hilola Umarovaning matbuot anjumani
Joriy yilda maktablarni 398 ming o‘quvchi bitirsa, 1-sinfga qabul qilinayotgan bolalar bundan ikki barobar ko‘proq — 700 ming bo‘lishi kutilmoqda.
Yangi o‘quv yili oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida soha vaziri Hilola Umarova yuklamani kamaytirish uchun yil davomida qo‘shimcha 180 ming o‘quvchi o‘rni yaratilishi reja qilinganini aytdi.
“Hozirgi kunda vazirlik tizimida har bir hudud kesimida 5 yilga qadar qancha maktablarga qo‘shimacha bino qo‘shish kerakligiga oydinlik kirituvchi alohida tahliliy guruh tashkil qilingan”, – dedi Umarova.
Hilola Umarova tipovoy maktablarni qurish qanchaga tushishini ham ochiqladi
“Masalan, 330 o‘rinli maktab 13 mlrddan oshiqroqqa, 528 o‘rinligi 18,5 mlrd so‘mga, 660 o‘rinli maktab 19,5 mlrd so‘mga tushadi. Eng katta sig‘imligi 1680 o‘rinlisi esa 58 mlrd so‘mga yaqin”, degan u.
YPX bayonnomasi ustidan ariza berish osonlashmoqda
Endi fuqarolar yo‘l harakati qoidalari buzilishi bilan bog‘liq chiqarilgan qaror va xabarnomalar bo‘yicha o‘z e’tirozlarini rasmiy ariza ko‘rinishida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali onlayn yuborishi mumkin.
Hukumat Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga elektron murojaat qilish tartibi tasdiqladi. Unga ko‘ra, Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda my.gov.uz portalida «Yo‘l harakati qoidalari buzilishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan chiqarilgan qaror va yuboriladigan xabarnomalar haqida murojaat yuborish» xizmati ishga tushirildi.
Ushbu xizmat jismoniy va yuridik shaxslarga 10 kun muddatda bepul ko‘rsatiladi. Buning uchun e’tirozni asoslovchi ma’lumotlarni kiritish va yuborish tugmasini bosish kifoya.
Raqamli texnologiyalar vazirligiga ko‘ra, mazkur xizmat hozircha sinov tariqasida ishlamoqda, 1 sentabrdan to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.
“Super-kontrakt” narxlari tasdiqlandi
Oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun yetarli ball to‘play olmagan abituriyentlar “super kontrakt”, ya’ni oshirilgan to‘lov orqali o‘qishga qabul qilinishi mumkin. Tabaqalashtirilgan kontrakt tuzilishi uchun abituriyentning to‘plagan balli qabul chizig‘iga 4,05 balldan ortiqroq yetmagan hamda 56,7 balldan ko‘proq bo‘lishi lozim.
2024/2025 o‘quv yili qabulida bakalavriat kirish imtihonlaridan yiqilgan abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan kontrakt narxlari tasdiqlandi.
Juda ko‘p yo‘nalishlarda narxlar belgilangan to‘lov miqdorining o‘rtacha 6-7 barobarini tashkil etmoqda.
Eng “qimmat” yo‘nalishlar yurisprudensiya hamda davlat va jamiyat boshqaruvi yo‘nalishlarida — standart kontrakt summasining 19 barobari miqdorida.
Shuningdek, stomatlogiya, davolash ishi, pediatriya ishi yo‘nalishlarida “superkontrakt” miqdori 15 barobar, farmatsevtika yo‘nalishida esa 13 barobar.
Xo‘sh, siz super kontrakt bilan o‘qishga kirib, diplom olgan vrachga o‘zingiz va bolalaringiz sog‘lig‘ini ishonib topshirgan bo‘larmidingiz?
Paqildoqlarga qarshi choralar
Pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarganlik, tayyorlaganlik, saqlaganlik, tashiganlik, jo‘natganlik va O‘zbekistondan olib chiqqanlik uchun javobgarlik kuchaytirildi.
Bu prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritayotgan o‘zgartirishlarda o‘z aksini topgan.
Kodeksga pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarganlik, tayyorlaganlik, saqlaganlik, tashiganlik, jo‘natganlik va O‘zbekistondan olib chiqqanlik, shuningdek pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda o‘tkazganlik yoki O‘zbekistonga olib kirganlik uchun mazkur huquqbuzarliklarning ijtimoiy xavflilik xususiyati va darajasidan kelib chiqqan holda javobgarlik choralari kuchaytirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Termizda xalqaro savdo markazi ochildi
29 avgust kuni Termiz shahrida «Termiz xalqaro savdo markazi»ning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, Afg‘oniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Abdulg‘ani Barodar, Ozarboyjon bosh vazirining o‘rinbosari Shohin Mustafoyev, Qirg‘iziston iqtisodiyot va savdo vazirining o‘rinbosari Nazarbek Malayev, Qozog‘iston Respublikasi savdo va integratsiya vazirining o‘rinbosari Qayrat To‘rabayev va boshqalar ishtirok etdi.
Markazni barpo etishdan ko‘zlangan maqsad qulay ishbilarmonlik muhiti va logistikani yaratish, ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish va tadbirkorlar uchun zarur sharoit yaratish ekani aytilmoqda.
«Mazkur Markaz mintaqamizda savdo aloqalarini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda muhim platformaga aylanishiga ishonch bildirildi. Markazda Afg‘oniston fuqarolariga savdo-sotiq qilishlari, ta’lim, tibbiyot hamda boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishlari uchun shart-sharoitlar yaratilgan», – deyiladi rasmiy press relizda.
Mavzuga oid
21:41 / 22.11.2024
22 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:40 / 21.11.2024
20 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
19:49 / 20.11.2024
20 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:05 / 19.11.2024