Jahon | 13:56 / 29.08.2024
2957
4 daqiqa o‘qiladi

Kursk AES joylashgan Kurchatov shahriga kirish cheklandi

Kursk viloyatining Kurchatov shahrida yo‘l to‘siqlari o‘rnatilib, kirishga ruxsat berish tizimi joriy etilmoqda, dedi gubernator vazifasini bajaruvchi.

Foto: RIA Novosti

Rasmiylar Kursk atom elektr stansiyasi joylashgan Rossiyaning Kursk viloyati Kurchatov shahriga kirishni cheklamoqda. Bu haqda 28 avgust, chorshanba kuni mintaqa gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov ma’lum qildi. 

Unga ko‘ra, nazorat uchun maxsus o‘tkazish punktlari tashkil etiladi va navbatchilik mahalliy vaqt bilan soat 07:00 dan 17:00 gacha (Moskva bilan bir xil) bo‘ladi. Ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar Kurchatovga erkin kirishlari mumkin. Ishlayotgan, lekin propiskasi bo‘lmaganlarga shahar va tuman hokimliklari ruxsatnoma beradi. 

AES va qurilayotgan 2-AESning barcha xodimlari rahbariyatga ruxsat olish uchun ariza berishlari kerak. Tranzit transport vositalari muqobil aylanma yo‘llardan foydalanishi shart. 

Smirnovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari shaharga bostirib kirish urinishlaridan voz kechmayapti. 

AEXA rahbari Kursk AESga keldi

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) bosh direktori Rafael Grossi Kursk atom elektr stansiyasi (AES)ga yetib keldi va uni ko‘zdan kechirishni boshladi, deb xabar berdi TASS 27 avgust kuni. 

Bir kun avval Grossi mintaqadagi jangovar harakatlar tufayli vaziyatning jiddiyligini inobatga olgan holda Kursk yaqinidagi stansiyani tekshirishga shaxsan o‘zi rahbarlik qilishini aytdi. «Barcha atom elektr stansiyalarining xavfsizligi AEXA uchun markaziy va asosiy ahamiyatga ega», dedi u va missiyaning maqsadi yadroviy inshoot xavfsizligi va xavfsizligini mustaqil baholash ekanligini ta’kidladi. 

AEXA rahbari, shuningdek, Rossiya qo‘shinlari tomonidan egallab olingan Zaporijjya AESda xavfsizlikni ta’minlash zarurligini eslatib, xuddi shunday talablar boshqa barcha atom elektr stansiyalariga ham tegishli ekanligini ta’kidladi. 

Rossiya yana Ukrainani Kursk AESga hujum qilishga urinishda aybladi

Ukraina qurolli kuchlari 22 avgustga o‘tar kechasi Kursk atom elektr stansiyasiga uchuvchisiz uchoq bilan hujum qilishga urindi. Bu haqda 23 avgust kuni TASS Rossiya davlat agentligi huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga tayanib ma’lum qildi. «2024 yil 22 avgustga o‘tar kechasi Kiyev rejimi AESda kamikadze dron yordamida yadroviy terrorchilik aktini amalga oshirishga urindi», — deya ismini oshkor etmagan suhbatdoshining so‘zlarini keltiradi agentlik.

«Dron Army of Drones deb belgilangan - bu Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi, Mudofaa vazirligi va Ukrainaning boshqa idoralarining qo‘shma loyihasi bo‘lib, UUA ishlab chiqish va ularni Ukraina qurolli kuchlariga taqdim etish uchun yaratilgan», - deya aniqlik kiritdi TASS. 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham avvalroq Ukrainani Kursk atom elektr stansiyasiga hujum qilishga uringanlikda aybladi. «Dushman bugun tunda AESga zarba bermoqchi bo‘ldi», — deya uning Ukraina qurolli kuchlarining 22 avgust kuni Kursk viloyatidagi hujum operatsiyasiga bag‘ishlangan yig‘ilishdagi so‘zlaridan iqtibos keltirgan TASS davlat agentligi.

Mavzuga oid