O‘zbekiston | 19:23 / 31.08.2024
2378
5 daqiqa o‘qiladi

So‘xda bozor, Sariosiyoda kichik GES va Navoiyda sport inshootlari – bayram arafasida qanday obektlar foydalanishga topshirildi?

Mustaqillikning 33 yilligi munosabati bilan respublikaning turli hududlarida ko‘plab ijtimoiy va ishlab chiqarish obektlari ish boshladi. Ular orasida ta’lim maskanlari, turli korxonalar, trikotaj fabrikalaridan tortib neftni qayta ishlash zavodigacha bor. Foydalanishga topshirilgan ishlab chiqarish obektlari minglab yangi ish o‘rinlari ochilgani bilan ham ahamiyatli.

O‘zbekistonda mustaqillik bayrami arafasida yangi obektlarni foydalanishga topshirish an’ana tusiga kirgan. Mustaqillikning 33 yilligi bayrami arafasida ham respublikaning turli hududlarida yuzlab obektlar ochildi va ish boshladi. Ularning ayrimlari haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Chegaradagi bozor

Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida Do‘stlik bozori ochildi. O‘z nomi bilan o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining do‘stlik aloqalarini ifodalovchi bozor Sohibkor mahallasidagi O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegara nazorat-o‘tkazish punkti hududida joylashgan.

Obektning ochilish marosimida qo‘shni Qirg‘iziston fuqarolari ham qatnashgan.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi
Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi
Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

Mazkur savdo majmuasida savdo-sotiq bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar uchun 410 ta savdo rastasi va 60 ta yopiq do‘konlar tashkil etilgan.

Qariyb 150 mlrd so‘mlik ip-yigiruv fabrikasi

Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida paxta-to‘qimachilik klasterining ip-kalava ishlab chiqarish korxonasi faoliyat boshladi. Loyiha qiymati 147 mlrd so‘m bo‘lgan fabrika yiliga 6,5 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi
Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi
Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi

Qayd etilishicha, mahsulotning 90 foizi eksportga yo‘naltiriladi. Fabrikada 200 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan.

Fabrikaning ochilish marosimida viloyat hokimi Murotjon Azimov ishtirok etib, korxonaning ishga tushirilishi nafaqat Muborak tumani, balki viloyatning iqtisodiy jihatdan yanada rivojlanishida katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan.

Sariosiyoliklar uchun kichik GES

Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida «Zarchob-1A» kichik GES ishga tushdi. Loyiha qiymati 3,3 mln dollarga teng. GES quvvati 3 MVt’ga teng, yiliga o‘rtacha 13,3 mln KW•h elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Foto: «O‘zbekgidroenergo»
Foto: «O‘zbekgidroenergo»
Foto: «O‘zbekgidroenergo»

GESni qurish ishlari Gidro Texnik MChJ tomonidan bajarildi. Unga frensis turidagi 1 ta vertikal gidroagregat o‘rnatilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, «Zarchob-1A» ishlab chiqaradigan elektr energiyasi 4750 ta xonadonni ta’minlaydi.

Yangi korxona va 200 ish o‘rni

Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida trikotaj va tikuv mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi foydalanishga topshirildi.

Umumiy qiymati 8,8 mlrd so‘m bo‘lgan korxonaga Xitoy, Turkiya, Yaponiya, Germaniya davlatlaridan uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Korxonada 201 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Yil yakuniga qadar qo‘shimcha 400 ta doimiy ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Foto: Savdo-sanoat palatasi
Foto: Savdo-sanoat palatasi
Foto: Savdo-sanoat palatasi

Korxona tomonidan yiliga 25,5 ming dona trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi.

3 mln dollarlik zavod

Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida neftni qayta ishlash kichik zavodi ish boshladi.

Ma’lum qilinishicha, loyihaning umumiy qiymati 3 mln dollarni tashkil etadi. Zavod yiliga 50 ming tonna neft mahsulotlarini qayta ishlash quvvatiga ega. Ishlab chiqariladigan mahsulot qiymati yiliga 405 mlrd so‘m deya baholanayotgan loyihaning birinchi bosqichi ishga tushishi natijasida 35 ta yangi ish o‘rni ham yaratilgan.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi
Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi
Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

Qayd etilishicha, ishlab chiqarilgan neft mahsulotlari birja orqali ichki bozorda sotilishi bilan birgalikda, dastlabki bosqichda qo‘shni Afg‘oniston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlatlariga eksportga ham yo‘naltiriladi. Ayni kunlarda korxonada parallel ravishda loyihaning ikkinchi bosqichini ham ishga tushirish borasidagi amaliy tadbirlar davom etmoqda.

Bir vaqtda 33 ta sport obekti ish boshladi

Navoiy viloyatida mustaqillikning 33 yilligiga bag‘ishlab bir vaqtning o‘zida 33 ta sport obekti foydalanishga topshirilgan. Tadbirda viloyat hokimi Normat Tursunov ishtirok etib, majmualar faoliyatiga start beruvchi ramziy tugmani bosgan.

Foto: Navoiy viloyati hokimligi
Foto: Navoiy viloyati hokimligi
Foto: Navoiy viloyati hokimligi

Jumladan, Navoiy olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida jamoaviy sport turlari uchun 18x42 o‘lchamdagi sportzal hamda 11x25 o‘lchamdagi yopiq turdagi suzish havzasi ish boshlagan. Shuningdek, viloyatning turli hududlarida bir vaqtning o‘zida 21 ta universal, 8 ta stritbol-vorkaut sport maydonchalari foydalanishga topshirilgan.

Bulardan tashqari, hududlarda yuzlab maktab va bog‘chalar, mahallalar hamda boshqa ijtimoiy soha obektlari bayram arafasida yangi binoda ish boshlagan.

Mavzuga oid