Isroil muxolifati umumiy ish tashlashga chaqirdi
Muxolifat Netanyahu va uning vazirlar mahkamasini hamaschilar tomonidan garovga olingan isroilliklarni qutqarishni istamayotganlikda aybladi. Mamlakatda 2 sentabrdan umumiy ish tashlash boshlanishi mumkin.
G‘azo sektorida garovga olingan olti nafar isroillikning jasadi topilishi ortidan Isroil muxolifati yetakchisi Yair Lapid Binyamin Netanyahu hukumatiga qarshi norozilik namoyishlari va umumiy ish tashlashga chaqirdi. «Netanyahu va o‘lim kabineti garovga olinganlarni qutqarmaslikka qaror qilishdi, - deb yozdi Lapid 1 sentabr, yakshanba kuni X platformasida. - Ular o‘limlar uchun javobgardir». Lapid «bugun ertalab yuragi ezilgan har bir fuqaroni» Tel-Avivdagi namoyishda ishtirok etishga chaqirdi. U kasaba uyushmalari, ish beruvchilar va mahalliy hokimiyat organlarini ish tashlashga chaqirdi.
Shu kuni Isroilning eng yirik kasaba uyushmalari federatsiyasi hukumatga bosimni kuchaytirish maqsadida umumiy ish tashlash e’lon qildi. G‘azo sektoridagi garovga olinganlarni endi «yolg‘iz qoldirish» mumkin emas, dedi Gistadrut kasaba uyushmasi rahbari Arnon Bar-David. «Men faqat bizning aralashuvimiz uyg‘onishga muhtojlarni uyg‘otishi mumkin degan xulosaga keldim», dedi Bar-David bosh vazir Binyamin Netanyahu hukumatiga qarata. 2 sentabr kuni ertalab soat 6 dan boshlab «butun Isroil iqtisodiyoti keng ko‘lamli ish tashlashga kirishadi», deb yozgan kasaba uyushmasi rahbari.
Garovga olinganlarning jasadida o‘q izlari topilgan
Bir kun avval TsAHAL Rafah aholi punkti yaqinida yahudiy davlatiga hujum chog‘ida hamaschilar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan olti nafar garovga olingan shaxs jasadini topdi. Jasadlar yerosti tunnelidan chiqarilib, Isroilga olib ketilgan. Ynet Isroil nashrining sud-tibbiy ekspertiza xulosalariga tayanib yozishicha, garovga olinganlar so‘nggi 48 soat ichida o‘ldirilgan.
Hozirda 97 kishi falastinliklar qo‘lida garovda qolmoqda, biroq Isroil razvedka xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, ulardan 33 nafari halok bo‘lgan.
Yaqin Sharqdagi keskinlashuv
2023 yil 7 oktyabr kuni ertalab Hamasning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
Hamasning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida Hamasga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 40,5 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Mavzuga oid
09:17
Isroil Bayrutga zarba berdi. Kamida 20 kishi halok bo‘lgan
10:30 / 23.11.2024
Xalqaro sud qarori: Netanyahu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
14:54 / 22.11.2024