Jahon | 13:52 / 03.09.2024
2671
12 daqiqa o‘qiladi

G‘arbiy sohildagi reydlar, Isroildagi yirik namoyishlar va AES qurilishi bo‘yicha referendum belgilagan To‘qayev - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Falastindagi vaziyat

Isroil G‘azoda yana majburan ko‘chirilgan falastinliklar jon saqlayotgan maktabga aviazarba bergan. Hujum natijasida kamida 11 kishi, jumladan yosh bolalar halok bo‘lgani aytilmoqda. Yaradorlar «Al-Ahliy» baptistlar shifoxonasiga yetkazilgan.

Isroil BMT Xavfsizlik Kengashining o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini nazar-pisad qilmasdan, maktablar, shifoxonalar va ibodat maskanlari kabi fuqarolik obektlariga tizimli ravishda zarbalar berib kelmoqda.

O‘tgan oyda G‘azo shahrida ko‘chirilgan 6 ming kishi jon saqlayotgan at-Tabain maktabiga berilgan zarba oqibatida kamida 100 kishi halok bo‘lgan edi.

Endi Isroil armiyasi G‘azo bilan cheklanib qolmasdan G‘arbiy sohilni ham vayron qilishga kirishdi. 7 oktyabrdan buyon Falastinning bu qismida Isroil yetkazgan zarar 135,2 mln dollarga baholanmoqda.

G‘arbiy sohildagi Jyenin shahrida Isroil harbiylari o‘zlaridan vayronalar qoldirishmoqda. Mahalliy hokimiyat yetkazilgan zararni zilzila oqibatlariga o‘xshatmoqda.

Isroil armiyasi buldozerlar vositasida yo‘llar, suv o‘tkazish quvurlari va transformator nimstansiyalarini yo‘q qilmoqda.

Ana shunday harbiy reydlardan birida Jyenin shahri kasalxonasiga boruvchi suv quvuri uzib tashlangan. Bu 2002 yildan buyon okkupatsiya ostidagi G‘arbiy sohildagi eng yirik reyd, deb baholanmoqda.

Shifoxona direktorining aytishicha, cheklovlar dializ bo‘yicha xizmat ko‘rsatishning to‘xtashiga olib kelishi mumkin. 27 avgustdan buyon Isroil qo‘shinlari G‘arbiy sohilning shimolidagi Tulkarim, Jyenin va Tubas shaharlaridagi asosan infratuzilma obektlariga zarba berib kelmoqda.

G‘arbiy sohilda Isroil o‘z qilmishlarini tasvirga olayotgan jurnalistlarga qarata ham o‘t ochgan. Bu haqda TRT World muxbiri Faten Alvan xabar bergan. Buldozer shuningdek, ayol o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan chog‘da uni bosmoqchi ham bo‘lgan.

Falastindagi genotsidning 332-kuniga kelib, G‘azo sektorida o‘lganlar soni 40 ming 786 kishiga yetgan. Yaradorlar soni 94 ming 224 kishi. Birgina so‘nggi sutka ichida 48 kishi halok bo‘lgan va 70 kishi yaralangan.

Isroildagi ommaviy namoyishlar

Yuzlab namoyishchilar G‘azoda ushlab turilgan garovdagilarni ozod qilishni bosh vazir Binyamin Netanyahudan talab qilib, tel Avivning markaziy ko‘chalarini to‘sib qo‘ygan.

Namoyishchilar butun mamlakatdagi shosselarni to‘sishgan, namoyishga Isroilning bosh aeroporti Ben-Gurion ham qo‘shilgan.

Namoyishni Isroildagi eng yirik kasaba uyushmasi «Gistadrut» chorlovi boshlab bergan. Ko‘zlangan maqsad — hukumatga bosim o‘tkazish va G‘azoda tinchlikka erishish bo‘yicha kelishuv ustida faolroq ishlashni talab qilish. Namoyishlarga sabab 1 sentabr kuni G‘azoda 6 nafar garovdagilarning o‘ligi topilishi bo‘lgan.

«Gistadrut» yetakchisi Arnon Bar-Davidning bayonot berishicha, namoyishni Isroilning yirik ishlab chiqaruvchilari, tadbirkorlari qo‘llab-quvvatlagan.

«Biz (garovda ushlab turilgan tirik) odamlarimizni qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishishimiz kerak. Kelishuv barcha narsadan afzal. Lekin kelishuv o‘rniga jasad solingan qoplarga ega bo‘lmoqdamiz», — degan Bar-David matbuot anjumanida.

Isroil politsiyasi Tel Avivda namoyishchilarga qarata chaqnash va shovqin chiqaruvchi granatalardan foydalangan. Politsiya bilan to‘qnashuvlar ham ro‘y bergan.

Isroil OAVlari xabarlariga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab 500 ming kishi hukumatga e’tiroz bildirib namoyishlarga chiqqan.

Isroil hukumati a’zosi, moliya vaziri, ultrao‘ng millatchi Betsalel Smotrich namoyishchilar isroillik ishchilar emas, HAMASning manfaatlarini ko‘zlayotganini ta’kidlagan.

«Biz namoyishda ishtirok etayotganlarning maoshlarini qirqamiz. «Gistadrut» kasaba uyushmasi Yahyo Sinvarning orzusini ro‘yobga chiqarayotganidan juda taassufdaman», degan Smotrich.

Vazirlari kelishmayotgan Isroil

Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant Binyamin Netanyahu qo‘ygan shartlardan voz kechishga chaqirdi.

Yoav Gallant 1 sentabr kuni Xavfsizlik kengashini zudlik bilan chaqirish va Netanyahuning Filadelfiya yo‘lagida Isroil kuchlarini saqlab turish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilishga chorladi.

Filadelfiya yo‘lagi — G‘azo va Misr o‘rtasidagi chegara zonasida joylashgan torgina yer. Isroil uni may oyida Rafah shahrini shturm qilish chog‘ida egallab olgan va yo‘lakka o‘z harbiylarini joylashtirgan, garchi bu Misr va Isroil o‘rtasida 1978 yilda imzolangan Kemp-Djvid kelishuvlariga zid bo‘lsa ham.

Gallantning aniqlik kiritishicha, «Isroil Xavfsizlik kengashi zudlik bilan to‘planishi va o‘tgan payshanba kuni qabul qilingan qarorni bekor qilishi kerak. Garchi bu sovuqqonlik bilan o‘ldirilgan garovdagilar uchun juda kech bo‘lsa-da, biz hamon G‘azoda qolayotganlarni qaytarishimiz kerak», degan vazir.

Bunga javoban ultrao‘ng moliya vaziri Betsalel Smotrich «vazirlar mahkamasi Isroilning xavfsizligini tahdid ostiga qo‘yuvchi taslim bo‘lish to‘g‘risidagi kelishuvlarga yo‘l qo‘yib bera olmaydi», degan.

Smotrichning qo‘shimcha qilishicha, «vazirlar mahkamasi toki barcha garovda ushlab turilganlar qaytarilmaguncha HAMASni qimmat to‘lov qilish uchun armiyaga harbiy harakatlarni kuchaytirish topshirig‘ini beradi».

29 avgust kuni Isroil xavfsizlik kengashi armiyaning Filadelfiya yo‘lagida qolaverishini ma’qullagan edi.

Rossiya-Ukraina urushi

Kiyev 2 sentabr kechasi Rossiya tomonidan navbatdagi raketa hujumiga tutildi. Kiyev shahar harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Popkoning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina poytaxti havo hududida o‘ndan ortiq qanotli raketalar va o‘nga yaqin ballistik raketalar, shuningdek, hujumkor uchuvchisiz uchoq yo‘q qilingan.

Popkoning so‘zlariga ko‘ra, qanotli raketalar tungi soat uchlarda Saratov viloyatidan Tu-95MS strategik bombardimonchi samolyotlaridan uchirilgan. «Poytaxtga yaqinlashayotgan qanotli raketalar bilan bir vaqtda dushman KN-24/«Iskander-M» ballistik raketalarini Kiyev va uning chekka hududlariga qarata uchirdi», - degan Popko.

Kiyev meri Vitaliy Klichko «ikki nafar yoshi katta shaxs shifokorlarga yordam so‘rab murojaat qilishgan — ulardan biri kasalxonaga yotqizilgan».

Svyatoshin rayonida bo‘laklar tushgan maydonlardan birida 4 ta mashina yonib ketgan va ikki qavatli noturar joy binosida yong‘in sodir bo‘lgan. «Goloseyev tumanida qozonxona binosi zarar ko‘rdi, Shevchenko tumanidagi korxonalardan birida yong‘in sodir bo‘ldi», deyiladi poytaxt meri xabarida.

Xarkiv shahri ham Rossiya qurolli kuchlari tomonidan o‘qqa tutilgan. Shahed tipidagi dronlardan biri «ta’lim muassasasi yaqinidagi» xususiy turar joy binosiga urilgan. 1 sentabr kuni Rossiya armiyasi Xarkivga jami 10 ga yaqin zarba bergan. Zelenskiy shaharga qilingan hujum natijasida jabrlanganlar soni qariyb 50 kishiga yetganini aytgan edi.

Moskva metrosidagi yollash punktlari

Moskva metropolitenining kamida ikkita bekatida shartnoma asosida urushga yollash punktlari ochilgan.

Iyul oyida mer Sergey Sobyanin Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolaganlik uchun bir martalik to‘lov miqdorini 1,9 mln rublgacha ko‘targan edi.

To‘lov miqdorining oshirilishiga sabab urushga borishni istovchilar soni qisqargani bilan bog‘liq. Masalan, 2023 yilning avgustida Moskva shahrida urushda ishtirok etishga istak bildirganlar soni 3 mingdan oshgan bo‘lsa, 2024 yilning iyuniga kelib bundaylar soni atigi ming kishi atrofida bo‘lgan.

To‘lovlarning 1 avgustdan boshlab oshirilishi tanlovda o‘zining ijobiy ta’sirini o‘tkazgan — urushish istagida bo‘lganlar soni birdaniga uch barobarga oshgan.

Moskva frontga yetkazib berayotgan shartnomachilarning 70 foizi Rossiyaning boshqa hududlaridan poytaxtga kelganlardir. Moskvaliklar 20 foizni ham tashkil etmaydi.

Shuningdek, shartnoma imzolayotganlarning 10 foizi chet davlat fuqarolaridir. Bu yerda xitoyliklar, serblar, braziliyaliklar, misrliklarni ham uchratish mumkin, lekin eng ko‘pi O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolaridir.

Markaziy Osiyo yangiliklari

Emomali Rahmon bolalar va o‘qituvchilarni o‘zini kutib olish tadbirlariga chaqirishni taqiqladi.

Shuningdek, maktablarda pul yig‘ish, bolalar va o‘qituvchilarning darsga kelmasligiga e’tibor bermaslikni qoraladi.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 1 sentabr kuni «Bilimlar kuni» munosabati bilan qilgan nutqida mamlakat ta’lim tizimidagi boshqa bir qator jiddiy muammolardan ham keskin noroziligini bildirdi.

Prezident maktab o‘quvchilari, talabalar va o‘qituvchilarni davlat amaldorlari, jumladan, o‘zini kutib olishga chiqarish amaliyotini qoraladi.

«Men buni taqiqladim. Tashrif buyurgan amaldor mehmon emas, bu uning mamlakati. Kelsin, ko‘rib, o‘z sohasidagi kamchiliklarni tuzatsin. Mehmon degani boshqa davlatdan kelgan odamdir», dedi Rahmon.

Rahmonga ko‘ra, bolalarni rasmiylar bilan uchrashuvlarga olib borish o‘quvchilar uchun jazo hisoblanadi, chunki ular yomon ob-havo, jazirama va shamolda soatlab ko‘chada turishga majbur bo‘ladi, bu esa mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev parlamentning qo‘shma yig‘ilishida mamlakat xalqiga murojaatnoma yo‘lladi.

«Ichki ishlar vazirligi barcha turdagi huquqbuzarliklar uchun qat’iy chora ko‘rishga majbur. Huquqiy davlatda jinoyatchilikka o‘rin yo‘q. Shu sababli banditizm tag-tubi bilan yo‘q qilinishi kerak. Bu ekstremistlar, shu jumladan, diniy radikallarning vayronkor faoliyatiga ham taalluqli», dedi To‘qayev.

Kelgusi yildan Qozog‘istonda tumanlar va viloyat miqyosidagi shaharlar hokimlari faqat to‘g‘ridan to‘g‘ri saylovlar orqali saylanadi.

«Siyosiy islohotlar — bir martalik kampaniya emas. Agar mamlakatning rivoj topishi uchun bu zarur bo‘lsa, bunday islohotlar doimiy ravishda o‘tkaziladi», degan Qozog‘iston prezidenti.

To‘qayevning qayd etishicha, mamlakat aholisi va iqtisodiyotni tabiiy gaz bilan ta’minlash — hukumat oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalardan biridir.

Qozog‘iston prezidenti «Atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha» umumxalq referendumi o‘tkazilishini, u 6 oktyabr, yakshanba kuniga belgilangan»ini e’lon qildi.

Mavzuga oid