Jahon | 19:17 / 04.09.2024
33744
13 daqiqa o‘qiladi

Pilshchikov va Mes - Ukraina F-16 samolyotlari olishiga yordam bergan do‘stlar. Ularning ikkisi ham halok bo‘ldi

The Wall Street Journal ushbu uchuvchilarning tarixini hikoya qildi.

Oleksiy Mesning dafn marosimi, 29 avgust. Foto: Libkos / Getty Images

«Jus» (Juice) chaqiruv belgili Ondriy Pilshchikov va «Munfish» (Moonfish) laqabi bilan tanilgan Oleksiy Mes — ikki yaqin do‘st, Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari uchuvchilari bo‘lib, Ukraina Rossiyaga qarshi urushda foydalanish uchun Amerikaning F-16 qiruvchilarini qo‘lga kiritishda jonbozlik ko‘rsatishgan. Pilshchikov 2023 yil avgustida, 30 yoshida jangovar topshiriqni bajarish vaqtidagi baxtsiz hodisa tufayli halok bo‘lgandi. Undan bir yosh kichik bo‘lgan Mes ham bir yil o‘tib, F-16 samolyotida Rossiyaning Ukraina hududlari bo‘ylab raketa zarbasini qaytarish chog‘ida halokatga uchradi. The Wall Street Journal nashri ularning tarixini hikoya qildi.

Chapda Pilshchikov, o‘ngda uning o‘limidan roppa-rosa bir yil o‘tib halok bo‘lgan Mes. Foto: Libkos/Getty Images

Oleksiy Mes Ukraina g‘arbidagi Xmelnitskiy oblasti Shepetovka shahrida, Ondriy Pilshchikov — Xarkivda, mamlakat sharqidagi eng yirik megapolisda tug‘ilgan. Ularning ikkisi ham bolalikdan uchuvchi bo‘lishni orzu qilishgan. Oleksiy otasining izidan armiyaga borishni rejalashtirgan. U o‘smirlik chog‘idayoq konkursda g‘olib chiqqan — Kiyevga safar qilish va sinovchi uchuvchi, mustaqil Ukraina tarixidagi ilk kosmonavt Leonid Kadenyuk bilan uchrashuvga yo‘llanma yutib olgan. Ondriy esa o‘smirligida doimo samolyotlarning modellarini yig‘ardi va kamera ko‘tarib Xarkiv aerodromlariga borar, parvozlarni kuzatardi. Ular sovet uchuvchisi Ivan Kojyedub nomidagi Xarkiv milliy havo kuchlari universitetiga o‘qishga kirganidan keyin tanishishgan va do‘st bo‘lib qolishgan. 2016 yilda o‘qishni tamomlab, Mes va Pilshchikov Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari safiga qabul qilingan.

SSSR parchalangach, sovetlarning yuzlab jangovar samolyotlari Ukraina qurolli kuchlari ixtiyoriga o‘tadi — qiruvchilardan tortib strategik bombardimonchilargacha. Havo floti AQSh moliyalashtirgan, sovet respublikalarini qurolsizlantirish dasturi doirasida qisman utilizatsiya qilingan. Texnikalarning qolgan qismi moliyalashtirish yetishmasligi tufayli amalda yaroqsiz holatga kelgan. Urush arafasida Ukrainada sovetlar davridan keyin modernizatsiya qilingan atigi bir necha o‘n jangovar samolyot qolgandi.

2014 yildan, Rossiya Qrimni anneksiya qilib, rossiyaparast ayirmachilar Donbassda harbiy harakatlar boshlaganidan keyin AQSh Ukraina bilan harbiy hamkorlikni faollashtiradi, jumladan, qo‘shma havo mashg‘ulotlari tashkillashtiriladi. 2018 yilda Pilshchikov Kaliforniya Milliy gvardiyasi bilan ukrainlar uchun mashg‘ulotlar tashkil etishda ishtirok etgan. U o‘z chaqiruv belgisi «Jus»ni o‘shanda olgandi — angardagi ziyofatlar vaqtida alkogolli napitkalar o‘rniga doimo sharbat buyurtma qilgani tufayli. «Munfish» laqabining kelib chiqish tarixi esa noma’lum.

Bir yil o‘tib Pilshchikov va Mes almashuv dasturi doirasida Kaliforniyaga borishganida ilk bor Amerikaning F-15 qiruvchilarida uchib ko‘rishadi. Milliy gvardiya pilotlari mashg‘ulot parvozlari chog‘ida ma’lum vaqtga qiruvchilar boshqaruvini ukrainalik hamkasblariga ham topshirishadi. Bu tajriba do‘stlardagi Ukraina havo kuchlarining «shishirilgan va samarasiz» holatidan norozilik holatini yanada kuchaytirgan, deya qayd etgan The Wall Street Journal.

2021 yilda Pilshchikov shartnomasi muddati tugaganida byurokratiya, xizmatdagi yomon sharoitlar va juda past maosh, shuningdek NATO standartlarini joriy qilish siyosati yo‘qligi tufayli armiyadan bo‘shaydi. Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin esa darhol qurolli kuchlar safiga qaytadi. U Oleksiy bilan birgalikda MiG-29 samolyotlarida osmonni qo‘riqlay boshaydi, bu samolyotlar Rossiyaning zamonaviy qiruvchilari bilan solishtirganda juda eskirib qolgandi. Ularning ikkisi ham Ukraina havo flotini modernizatsiya qilish hayot-mamot masalasi ekanini tushunib turardi. Ularning kursdoshlaridan biri, kapitan Oleksandr Korpan urush boshlanganidan bir hafta o‘tmasdan jangovar topshiriqni bajarish chog‘ida halok bo‘ladi.

Do‘stlar Amerika jamoatchiligiga ta’sir ko‘rsatishga urinib ko‘rishga qaror qilishdi. Pilshchikov CNN jurnalistiga bergan intervyusija AQShni Ukrainaga raketalar va radarlar berishga chaqirib, o‘z samolyotini namoyish etadi hamda «bu bolakay» bilan u «rossiyaliklarning qiruvchisi qarshi samarasiz» ekanini ta’kidlaydi. Bu vaqtda eskadrilyaga qo‘mondonlik qila boshlagan Mes esa intervyuda Ukrainadagi tayyor uchuvchilar soni samolyotlar sonidan ko‘proq ekanini aytadi. U havo kuchlarining MiG-29’dan F-16’ga modernizatsiya qilinishini tugmali mobil telefondan iPhone’ga o‘tishga qiyoslaydi.

Amerikalik yozuvchi va harbiy tarixchi Adam Makos pilotlar bilan bog‘lanadi va ularni o‘z pozitsiyalarini himoya qilish uchun AQShga kelishga taklif etadi. 2022 yil iyunida uchuvchilar Vashingtonda amerikalik senatorlar bilan uchrashadi hamda yana bir necha joyda intervyu berib, AQSh hukumatini F-16 samolyotlarini Ukrainaga yetkazib berishga ruxsat berishga chaqiradi.

Pilotlardan omma qarshisidagi chiqishlar va siyosiy bayonotlar berishga ko‘nikish uchun ma’lum vaqt talab qilinadi. Ular ilk televizion intervyudan oldin buning o‘rniga qiruvchi samolyot shturvaliga o‘tirib, Rossiya chegarasiga qadar uchib borishni afzal ko‘rishlarini aytib hazillashishadi, deya hikoya qiladi ukrainalik faol, ularga Amerika safarida hamrohlik qilgan Tatyana Shevchuk. CNN uchun intervyuda pilotlarga Amerikaning Kiyev uchun harbiy yordami uchun lobbist hisoblangan aktyor Shon Penn qo‘shiladi.

Senator Lindsi Grem WSJ nashri bilan suhbatda ukrainalik uchuvchilardagi ehtiros va xarizma unda katta taassurot qoldirganini aytadi. U bu g‘oyani Jo Bayden ma’muriyatiga «olib chiqish» qiyin bo‘lishini tan olsa-da, yordam berishni va’da qiladi. Uchuvchilar bilan uchrashuvdan keyin olti nafar senator AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostinga xat yozib, Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari, raketa qurilmalari, vertolyotlar va zirhli texnikalar yetkazib berishga chaqiradi. Pilshchikov va Mes Vashingtonda ekanida, ularga yana bir kursdoshi, Su-25 uchuvchisi Oleksandr Kukurba xat yozadi. U o‘z shturmoviki uchun Zuni raketalarini so‘ragandi. Uchuvchi bir necha hafta o‘tib jangda halok bo‘ladi. AQShdagilar raketalarni yuborishni ma’qullaydi.

F-16 samolyotlari bo‘yicha qaror esa uzoq kutiladi. Bayden Ukrainaga qiruvchilar yuborilishi Rossiya tomonidan mojaroni keskinlashtirish sifatida qabul qilinishidan cho‘chirdi. Avval ham, Vashington Kiyevga HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari hamda M1 Abrams tanklarini yuborishga ruxsat berishida ham shunday xavotirlanishlar bo‘lgandi. Qolaversa, amerikalik harbiy mulozimlarni ukrainalik uchuvchilarni o‘qitish uchun juda ko‘p vaqt ketishi va qiruvchilarning jang maydonidagi foydasi katta bo‘lmasligidan ham tashvishlanardi.

2023 yil mayida ukrainalik bloger Melaniya Podolyak uchun intervyusida (keyin ular uchrasha boshlaydi, ammo o‘z munosabatlarini sir saqlashadi) Pilshchikov F-16 urushda mehrigiyo bo‘la olmasligi tan oladi, ammo hech bo‘lmaganda Ukrainaning havo hujumidan mudofaasini sezilarli darajada mustahkamlashini aytadi. Iyun oyida jangovar topshiriqni bajarish chog‘ida Pilshchikovning eng yaqin do‘stlaridan biri — Vladislav Savelev halok bo‘ladi. Uning samolyotini Rossiyaning zenit raketasi urib tushirgandi.

Keyingi oyda AQSh nihoyat ittifoqchilarga o‘zlaridagi qiruvchi samolyotlarni Ukrainaga yuborishga va ukrainalik uchuvchilarni tayyorlashga ruxsat beradi. Daniya va Niderlandiya birinchilardan bo‘lib samolyotlarni yuborishini tasdiqlaydi. 20 avgust kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Daniyada F-16 kabinasiga chiqib ko‘radi.

O‘sha kuni Adam Makos Pilshchikovga matnli xabar yuboradi: «U yerdagilardan hech kim buni bilmaydi… ammo biz buni uddaladik!» «Jin ursin, ha!», — deya javob qaytaradi uchuvchi. U yaqin orada F-16 samolyotlarida mashg‘ulotlar o‘tash uchun xorijga jo‘nab ketishi kerak bo‘lgan dastlabki sakkiz pilotdan biri edi.

25 avgust kuni Pilshchikov Jitomir oblastidagi aviahalokat qurboni bo‘ladi. Jangovar topshiriqni bajarish chog‘ida ukrainlarning L-39 rusumli ikki samolyoti to‘qnashib ketadi. Kapitan Pilshchikovdan tashqari, boshqa ikki pilot — mayorlar Vyacheslav Minka va Sergey Prokazin ham halok bo‘ladi.

Oleksiy Mes halok bo‘lgan do‘stisiz mashg‘ulotga jo‘nab ketadi. F-16 da uchish bo‘yicha mashqlar Daniyada va Arizona shtatida o‘tkaziladi. U intervyularidan birida takomillashtirilgan qiruvchida uchishni o‘rganish oson vazifa emasligi, chunki Ukraina havo kuchlari hamon o‘tgan ming yillikdagi texnologiyalardan foydalanishini tan oladi.

11 mamlakatdan iborat g‘arb koalitsiyasi Ukrainaga Amerikaning F-16 samolyotlaridan 80 ga yaqinini yetkazib berishni va’da qiladi. Olti qiruvchidan iborat ilk partiya 2024 yil avgust oyi boshida yetib keladi. Volodimir Zelenskiy 4 avgust kuni Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari kunida samolyotlarni namoyish etadi.

Bu voqea uchuvchilarning jangovar ruhini sezilarli darajada mustahkamlaydi. «Tushunyapsanmi, bu hayotimdagi eng katta ish bo‘lishi mumkin», — deydi Oleksiy Mes Daniyadan qaytganida rafiqasi Yuliyaga. U bir necha kunni uyda o‘tkazadi. «U menga joyida o‘tira olmasligi, chunki ular qachon parvoz qilishini barcha kutayotgani, u esa bu yerda hech narsa qilmasdan o‘tirganini aytdi», — deya hikoya qiladi Yuliya.

Ondriy Pilshchikovning o‘limiga bir kun bo‘lganida Oleksiy Mes uning onasiga yozib, o‘z do‘stini sog‘inayotganini aytadi. «Umid qilamanki, biz uni uyaltirib qo‘ymaymiz», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Uchuvchi bilan vidolashishga yuzlab kishilar — qarindoshlar va do‘stlar, quroldoshlar hamda qo‘mondonlik vakillari kelishdi
Libkos / Getty Images

Keyingi tongda, 26 avgust kuni, u ilk bor F-16 samolyotida havoga ko‘tariladi, Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabida ma’lum qilishlaricha — zenit-raketa qo‘shinlari bo‘linmalari bilan birgalikda RFning Ukraina hududlari bo‘ylab raketa zarbalarini qaytarish uchun. O‘shanda Amerika qiruvchilari pilotlari to‘rtta qanotli raketani urib tushirgan.

Keyinroq samolyotlardan biri halokatga uchragani ma’lum bo‘ldi. Ukraina qurolli kuchlari ilk F-16 yo‘qotilgani va pilot Oleksiy Mes halok bo‘lganini tasdiqlaydi. Hodisa yuzasidan tekshiruv ishlari davom ettirilmoqda. «Amerika ovozi» Ukraina xizmatining Ukraina qurolli kuchlaridagi anonim manbasi tergov halokatning bir necha ehtimoliy versiyalarini ko‘rib chiqayotganini aytgan: bu ukrain havo hujumidan mudofaa kuchlarining adashib yo‘llagan zarbasi, texnik nosozlik va uchuvchi xatosi.

30 avgust kuni Volodimir Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari qo‘mondoni Mikola Oleshchukni iste’foga chiqardi. Ko‘p o‘tmay Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov iste’fo F-16 halokati bilan bog‘liq ekani to‘g‘risidagi xabarlarni rad etib chiqdi. «Men buni rotatsiya deb atagan bo‘lardim. Bu ikkisi alohida masalalar… Ayni vaqtda men ularni bir-biriga bog‘lamagan bo‘lardim», — dedi u.

Oleksiy Mesning o‘g‘li dafn marosimida otasi portreti bilan. Foto: Libkos / Getty Images

Vashingtondagi uchrashuvdan keyin uchuvchilar bilan muloqotni davom ettirgan senator Grem endi F-16 pilotlarini tayyorlash dasturini kengaytirish ustida ishlamoqda va hatto amerikalik hamda NATOning boshqa mamlakatlaridan bo‘lgan iste’fodagi uchuvchilarni Ukrainada jang qilishga chorlamoqda. «Biz halok bo‘lgan yigitlarning xotirasini sharaflash uchun qilishimiz mumkin bo‘lgan eng yaxshi ish — bu shunchaki sa’y-harakatlarni karrasiga oshirish va ularning o‘limi behuda bo‘lmaganiga ishonch hosil qilishdir», — degan u WSJ jurnalistiga.

Mavzuga oid