Jahon | 11:55 / 05.09.2024
2006
4 daqiqa o‘qiladi

AEXA rahbari Grossi: Zaporijjya AES sovitish minorasi kelajakda buzib tashlanishi kerak

ZAES sovitish minorasini ichkaridan shaxsan o‘rganib chiqib, Rafael Grossi kelajakda undan foydalanishning iloji yo‘q degan xulosaga keldi.

Foto: Getty Images

Zaporijjya atom elektr stansiyasining sovitish minorasi 11 avgust kuni u yerda sodir bo‘lgan yong‘in natijasida shu qadar shikastlanganki, kelajakda uni buzishga to‘g‘ri keladi. Bunday bahoni Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) rahbari Rafael Grossi shaxsan minorani ko‘zdan kechirganidan so‘ng bildirdi. U 5 sentabr, payshanbaga o‘tar kechasi X ijtimoiy tarmog‘ida Zaporijjya AESga safar haqidagi videoreportajini joylashtirdi. 

Grossi videosiga ko‘ra, uning Zaporijjya atom elektr stansiyasiga safari eng muhim maqsadlaridan biri avgust oyida sodir bo‘lgan jiddiy yong‘indan keyin 1-sovitish minorasiga yetkazilgan zararni baholash edi. Sovitish minorasini ziyorat qilib, alanga keltirgan zararni kuzatgach, AEXA rahbari shunday dedi: «Ushbu yirik inshoot kelajakda yaroqsiz bo‘ladi, shuning uchun u qachondir buzib tashlanadi». 

Zaporijjya AESdagi yong‘in 

11 avgust kuni hamon Rossiya qo‘shinlari nazoratida bo‘lgan Zaporijjya atom elektr stansiyasining sovitish minorasida yong‘in sodir bo‘ldi. Zaporijjya viloyatining egallab olingan qismiga Kreml tomonidan tayinlangan «gubernator» Yevgeniy Balitskiy voqeada Kiyevni aybladi. 

«Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan Energodar shahrini o‘qqa tutish natijasida ZAES sovitish tizimlari inshootida yong‘in sodir bo‘ldi», — deb yozdi u. Aniqlik kiritilishicha, AESning barcha 6 ta energobloklari hamon sovuq to‘xtash rejimida va «bug‘ning portlashi yoki boshqa oqibatlar xavfi yo‘q», shuningdek, Zaporijjya AES va Energodar shahri atrofidagi radiatsiyaviy fon normal darajada.

Ukrainaning «Energoatom» shirkati rasmiy kanali ham mintaqada radiatsiya ko‘rsatkichlari normal ekanligini tasdiqladi. «Biz Nikopoldan rossiyaliklar Zaporijjya atom elektr stansiyasi hududida yong‘in boshlaganini tasdiqlaymiz», — deyiladi kompaniya bayonotida. Ularning aniqlik kiritishicha, Rossiya «Zaporijjya atom elektr stansiyasi egallab olingan birinchi kundanoq undan Ukrainani, butun Yevropa va dunyoni shantaj qilish uchun foydalanmoqda» va Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikdan munosabat kutmoqda.

Nikopol tumani harbiy ma’muriyati boshlig‘i Yevgeniy Yevtushenkoning aytishicha, stansiyadagi yong‘in «provokatsiya yoki Dnipro o‘ng qirg‘og‘idagi aholi punktlarida vahima qo‘zg‘ashga urinish»dir. Unga ko‘ra, rossiyalik harbiylar atom elektr stansiyasining sovitish minoralaridan birida avtomobil shinalariga o‘t qo‘ygan bo‘lishi mumkin.

BMT Bosh assambleyasi Ukrainadagi atom inshootlari, jumladan, Zaporijjya atom elektr stansiyasining texnik va jismoniy xavfsizligi bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjatni 99 davlat qo‘llab-quvvatladi, 9 delegatsiya qarshi ovoz berdi, 60 tasi esa betaraf qoldi, deb xabar qilingan 11 iyul kuni Bosh assambleya saytida. Hujjatda Rossiya Federatsiyasiga Zaporijjya AESdan zudlik bilan harbiy xizmatchilarni va boshqa xodimlarni olib chiqib ketish, stansiyani zudlik bilan Ukrainaning to‘liq nazorati ostiga qaytarish talablari alohida o‘rin olgan.

Mavzuga oid