Fan-texnika | 16:20 / 17.10.2024
3659
2 daqiqa o‘qiladi

Parij avtosalonida “pufak”ka o‘xshash mini elektromobil namoyish etildi

U sayyohlar uchun juda qulay, deb ta’kidlamoqda ishlab chiqaruvchilar.

Foto: Micro

Shvetsariyaning Micro kompaniyasi sayyohlarga mo‘ljallangan Spiaggina nomli butunlay yangi modelni taqdim etdi. Mashina old tomondagi yagona eshigi, elektr yuritgich va kichkina o‘lchamlari bilan ajralib turadi.

Spiaggina yengil elektromobillar toifasiga mansub bo‘lib, 12,5 kilovattli dvigatel yordamida soatiga 90 kilometrgacha tezlikka chiqa oladi. Biroq mitti mashinada uzoqqa borib bo‘lmaydi, chunki 10,5 kVt/soat sig‘imli First Edition akkumulyatori bor-yo‘g‘i 177 kilometr masofaga mo‘ljallangan. O‘lchamlarga kelsak, uzunligi 2519 millimetr, kengligi 1473 millimetr va balandligi 1501 millimetrni tashkil qiladi.

Ikki yo‘lovchiga mo‘ljallangan pufaksimon elektromobilning kuzovi po‘lat va alyuminiydan tayyorlangan, shuningdek, brezentli ochiladigan tomga ega. Avtomobil saloni ko‘k/oq yoki kulrang/jigarrang sun’iy charm bilan qoplangan va namlikka nihoyatda chidamli qilib ishlangan. Bundan tashqari, har bir model funksiyalarini haydovchiga moslashtirish imkonini beradigan Custom Program opsiyasi ham mavjudligi aytilmoqda.

Avtomobil sotuvi qachon boshlanishi va narxlari ma’lum qilindi. Spiaggina’ning birinchi seriyasi 2025 yilda Yevropa bozoriga kirib keladi va uning boshlang‘ich narxi 24 990 yevroni tashkil etadi. Shuningdek, talabgorlar hoziroq onlayn navbat ro‘yxatiga ismini kiritishi mumkin.

Mavzuga oid