O‘zbekiston | 10:36 / 06.09.2024
19793
10 daqiqa o‘qiladi

«Har bir xodimga kuniga 20 tagacha protokol» – Toshkent viloyatida YHXX xodimlariga majburiy «plan» qo‘yilmoqda

Kun.uzʼga murojaat qilgan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimi qo‘pol qoidabuzarliklarni aniqlab, jarima yozish bo‘yicha xodimlarga majburiy «plan» qo‘yilayotganini bildirdi. YHXX xodimi jarimalar hisobidan ustamalar berish tizimi ham o‘zgarganini ta’kidlagan. Holatga izoh bergan vazirlik rasmiylari eski tizimdan voz kechilib, ma’muriy bayonnoma tuzish bo‘yicha xodimlarga majburiyat belgilash amaliyoti bekor bo‘lganini ta’kidladi.

Foto: Kun.uz

Kun.uz nashriga Toshkent viloyatida xizmat o‘tayotgan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimi tomonidan shikoyat kelib tushdi. Uning ma’lum qilishicha, so‘nggi vaqtlarda xodimlarga jarima yozish bo‘yicha majburiy “plan” qo‘yilmoqda, jarimalar hisobidan beriladigan ustamalar miqdori 10 barobargacha kamaygan, choraklik mukofot pullari esa berilmayapti. Ismi sir qolishini so‘ragan xodim, da’volarining isboti sifatida Toshkent viloyatida xizmat o‘tayotgan JXX YHXB xodimlariga Telegram messenjeri orqali berilgan topshiriqlarni taqdim qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, xodimlarga avgust oyida – qo‘pol qoidabuzarlik, ya’ni mast holda yoki tegishli hujjatlarsiz avtomobil boshqarish, ruxsatsiz old oynalar tusini o‘zgartirish, sirenadan foydalanish, rulda telefondan foydalanish kabi qoidabuzarliklar uchun kuniga 10 tadan bayonnoma yozish topshirilgan.

Telegram guruhda berilgan topshiriqda xar bir xodimga kuniga 20 tadan, ularning 10 tasi qo‘pol qoidabuzarliklarni qayd etish, shuningdek 2 ta avtomobilni jarima maydonchasiga olib kirish bo‘yicha ham topshiriqlar berilmoqda.

Bundan tashqari «Toshkent vil IIBB YHXB ADX» profilidan «Otryad komandirlari va YXXB boshliklariga!» deya yuborilgan topshiriqda umumiy va qo‘pol qoidabuzarliklar 2023 yilga nisbatan 25 mingtagacha kamayib ketganiga «rahbariyat e’tiroz bildirgani» aytiladi.

«Shu sababli har bir xodim ish natijalarini nazoratga olib, asosan qo‘pol qoidabuzarliklarni aniqlash ishlari kuchaytirilsin. Xodimlar ish natijalarini har 4 soatda so‘rovni qilib turish talab etiladi.

Ish natijalarini ko‘tarish bo‘yicha 601 chi ham shaxsan xar biringiz bilan gaplashdi. Oldinda tadbirlar ko‘pligini inobatga olib, 5-6 kun davomida ish natijalari kuchaytirilsin», deyiladi «rahbariyat» topshirig‘ida.

YPX xodimining ta’kidlashicha, kun davomida “plan”lar berib, ularni bajarishni qattiq nazorat qilayotgan rasmiy shaxs – Toshkent viloyati IIBB JXX YHXB boshlig‘i 1-o‘rinbosari Sirojiddin Nazirxanov bo‘ladi. Telegram orqali yuborilayotgan shunday topshiriqlar ham aynan «S.N.Nazirxanov» profilidan uzatilayotganini ko‘rish mumkin.

Foto: Toshkent viloyati YHXB boshlig‘i 1-o‘rinbosari Sirojiddin Nazirxanov

Sirojiddin Nazirxanov profilidan yuborilgan yana bir topshiriqda «AVTO PATRUL» reyd tadbiri bo‘lishiga qaramay mast haydovchilar aniqlanmayotgani, skuterlar va velosipedlar, yo‘lni kesib o‘tayotgan yoki bordyurdan sakrayotgan piyoda bo‘yicha jarayonlar yuborilishi kerakligi haqida so‘z boradi.

Shuningdek, IIV JXD YHXXdan rahbarlarga kelgan «topshiriq»da esa xodimlar qo‘pol qoidabuzarliklarni aniqlash bilan bir qatorda – muddati o‘tgan qarzdorliklarni undirish va ularni vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirish kerakligi aytilgan.

YHXX xodimlari uchun kelgan navbatdagi topshiriqda esa 5 va undan ortiq qoidabuzarlik sodir qilgan haydovchilar bilan yig‘ilishlar tashkil qilish buyurilgan.

«Bugundan har bir YPX inspektori 5 nafar qoidabuzar haydovchini «mahalla yettiligi» bilan hamkorlikda muhokama yig‘ilishlarini tashkil etib, mahalla muhri tushirilgan bayonnoma rasmiylashtirib, ulardan kelgusida YTHning oldini olish maqsadida tilxat olish choralari ko‘rilsin. Amalga oshirilgan ishlar va tegishli hujjatlar kech soat 20:00 ga qadar 9*-***-02-02 telefon raqamiga (pdf variantda) Telegram orqali tashlab berilishi lozim», deyiladi topshiriqda.

Xabarda mazkur topshiriq ijrosini bajarmagan rahbar va kuratorlarga qattiq intizomiy ta’sir choralari qo‘llanishi ta’kidlangan.

YHXB o‘rinbosari talab qilayotgan yana bir “plan” bu – yo‘lning chap qatorida harakatlangan yuk mashinalari va eski transport vositalari bo‘yicha qoidabuzarliklarni rasmiylashtirish. Topshiriqda, agar YHXX xodimi xizmat olib borayotgan hududda shu kabi qoidabuzarliklar qayd etilmayotgan bo‘lsa, o‘zlari qidirib yurishini, «1 tadan rezultat berilganida ham, 20-40 atrofida» protokol bo‘lishi aytilgan.

Kun.uz’ga murojaat qilgan YHXX xodimining yana bir shikoyati inspektorlarga ish haqiga qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanmayotgani va ish vaqti belgilangan me’yoridan oshib ketayotgani bilan bog‘liq.

«Doim ko‘chada turib xizmat qilamiz, «serjant» unvoniga ega shunday inspektorlarning oyligi 7,3 million so‘m. Oldinlari har bir yozilgan protokolimizdan 10 foiz qismi bizga berilardi, shu bilan oylikka 4-5 million so‘m qo‘shilgan. Bu xodimlar yaxshi oylik olib, pora olmasligi uchun qilingan edi. Lekin, 1 yildan oshdi, qo‘shimcha pulni yozgan protokolimizga emas, balki umumiy summa qilib qo‘ydi. Endi oylikka qo‘shimcha 300 mingdan 500 ming so‘mgacha olyapmiz. Bundan tashqari, 2022 yil 3-chorakdan buyon «kvartalniy» pulimiz ham berilmayapti. U [choraklik mukofot puli – tahr.] taxminan 1,8 million so‘m atrofida edi.

Biz kun bo‘yi – issiqda ham, sovuqda ham ko‘chalarda xizmat qilamiz, lekin yozgan protokol pullarining bir qismi endi «kabinetniy otdel»ga ketyapti. Majburiy shuncha qoidabuzar topasan, degan topshiriqlar ham juda ko‘p. Masalan, mastlarni aniqlaysan, qayerdan bo‘lsa ham top, deydi. Ko‘chada mast haydovchi bo‘lmasa, biz nima qilamiz?» – deydi ismi sir qolishini so‘ragan xodim.

Bundan tashqari, xodim yetarli dam olish uchun sharoitlar yo‘qligi sababli oilasi va bolalariga vaqt ajrata olmayotganini aytdi.

«Dam olish grafiklari mavjud emas. Oila va bolalarimizga vaqt ajratish uchun hech qanday sharoit berilmaydi. Toshkent viloyati 1-mintaqaviy hudud YPX otryadi komandiri podpolkovnik J.Mirzabekov har kuni majburiy 15-20 tadan ish natija so‘raydi. Yozmagan xodimdan ish joyini bo‘shatib qo‘yishni talab qilmoqda, do‘q-po‘pisa bilan».

Qonunchilik nima deydi?

2018 yil 9 iyuldan Vazirlar Mahkamasining Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga doir qarori kuchga kirgan. Dastlab ushbu qaror bilan Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini rag‘batlantirish va mukofotlash jamg‘armasi tashkil qilingan. Jamg‘armaning mablag‘lari asosan jarimalar summasining 10 foizi hisobidan shakllantiriladi. Bunga maxsus avtomatlashtirilgan foto va videofiksatsiya texnika vositalarida (radarlar orqali) qayd etilib, yozilgan jarimalar kirmaydi.

Hukumat qarori qabul qilingan paytdagi tahrirda «Jamg‘arma mablag‘laridan faqat DYHXX xodimlarini har oy pul bilan mukofotlash uchun foydalaniladi», – degan band bo‘lgan.

Shundan so‘ng, 2019 yil avgust oyida qarorga kiritilgan o‘zgarishga muvofiq, jamg‘armaning nomi «Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, xodimlarini rag‘batlantirish va mukofotlash jamg‘armasi»ga o‘zgartiriladi.

Shuningdek, jamg‘armani shakllantirish manbalari qatoriga jarima summalarining 10 foizidan tashqari, «avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berishdan tushadigan mablag‘lar» ham qo‘shiladi. Aniq necha foizi yozilmaganidan xulosa qilish mumkinki, «tonirovka ruxsatnomasi» uchun to‘lovlarning 100 foizi shu jamg‘armaga ketmoqda.

«Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonunning 30-moddasiga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlari ish vaqtining davomiyligi haftasiga qirq soatdan oshishi mumkin emas. Bu degani 6 ish kunlik haftada, kuniga o‘rtacha 7 soatdan, to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, qonunda, zarur bo‘lgan hollarda ichki ishlar organlari xodimlari xizmatni o‘tashga kuchaytirilgan yoki sutkalik rejimda jalb qilinishi, ushbu rejimda xodimlar kuniga ish vaqtidan tashqari davomiyligi to‘rt soatdan oshmaydigan ishlarga jalb qilinishi mumkinligi belgilangan.

Biz holatga izoh olish uchun IIV JXD YHXXga xodim shikoyat qilgan masalalar bo‘yicha savollar bilan murojaat qildik.

Mas’ullarning qisqa javobida “bugungi kunda eski tizimdan voz kechilib, ma’muriy bayonnoma tuzish bo‘yicha xodimlarga majburiyat (plan) belgilash amaliyoti bekor qilingani” aytiladi.

Ma’lum qilinishicha, IIVning tegishli buyrug‘iga asosan YHXX xodimlariga mahallalar kesimidagi mas’ullik hududi biriktirilgan. Mazkur buyruqqa asosan xodimlar mahalla raisi va boshqa faollari bilan hamkorlikda takroriy qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazishi belgilangan.

YHXX xodimlarning belgilangan ish vaqti va moliyaviy masalalar qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilishini bildirdi.

Agar xodim huquqi poymol qilingan deb hisoblasa o‘rnatilgan tartibda yuqori turuvchi rahbarlarga murojaat qilishlari mumkin”, - deyiladi IIV JXD YHXX tomonidan berilgan izohda.

Mavzuga oid