O‘zbekiston | 20:38 / 07.09.2024
19604
17 daqiqa o‘qiladi

Boysundagi ofat, maktabdagi soliqchilar va Seagull'ning rasmiy narxi - hafta dayjesti

Toshkent va Samarqand o‘rtasida pulli avtomagistral qurish shu yildan boshlanishi belgilandi. Shifoxonalar, bog‘lar va madaniyat maskanlari xususiy qo‘llarga topshirilishi mumkin. O‘zbekistonning davlat qarzi 37 mlrd dollar, umumiy qarzlari esa 63 mlrd dollardan oshdi. BYD'ning eng arzon modeli O‘zbekistonda rasman qanchadan sotilishi ma’lum. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.

DXSh loyihalari: Pulli yo‘llar, energetika tarmoqlari va ijtimoiy obektlar

Toshkent–Samarqand pulli yo‘lini qurish ishlari shu yil boshlanadi. Prezident qaroriga ko‘ra, eng yaxshi taklif bergan quruvchi kompaniyani tanlab olish bo‘yicha tanlov sentabr oyida e’lon qilinadi. Yil oxirigacha tanlov natijalarini e’lon qilish, pudratchi bilan shartnoma imzolash va qurilish ishlarini boshlash topshirig‘i berildi.

O‘zbekistondagi birinchi pulli yo‘lni qurish ishlari 2028 yil oxirigacha yakunlanishi ko‘zda tutilgan. Shundan keyin yo‘l davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy operatorga topshiriladi. Loyiha qiymati taxminan 2,2 mlrd dollarga baholanmoqda. Jahon banki mutaxassislarining 2021 yildagi hisob-kitoblariga ko‘ra, bu yo‘l orqali Toshkentdan Samarqandga yoki aksincha yo‘nalishda harakatlanish narxi yengil avtomobillar uchun 5-7 dollar, yuk avtomobillari va avtobuslar uchun 15 dollarga tushishi mumkin.

Jahon banki bilan hamkorlikda Toshkent–Andijon pulli yo‘li qurilishi ham reja qilingan. Qarorga ko‘ra, 4,28 mlrd dollarga baholangan 303 kilometrlik loyihaning konsepsiyasi oktyabr oyida tasdiqlanishi, 2025 yil davomida ikki bosqichli tender o‘tkazilib, 2026 yilda xususiy sherik bilan shartnoma imzolanishi kerak. Bundan tashqari, hujjatda 2027–2030 yillarda Samarqand–Buxoro pulli yo‘li va Taxtaqoracha dovonida pulli tunnel qurilishi ham belgilangan.

Qaror bilan, bir qator sohalarda amalga oshiriladigan davlat-xususiy sheriklik loyihalari ro‘yxati tasdiqlandi. Shuningdek, elektr, gaz, ichimlik suvi va kanalizatsiya ta’minotini xususiy qo‘llarga topshirishning oxirgi muddatlari belgilandi. Unga ko‘ra, 2026-2027 yillarda barcha hududlarda elektr taqsimlash tarmoqlari xususiy operatorlarga topshirilib, ularga energiya yo‘qotishlarini kamida 2 baravarga kamaytirish vazifasi qo‘yiladi. Tabiiy gaz taqsimlash tarmoqlarini ham 2027 yil oxirigacha, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlarini esa 2028 yil yakunigacha xususiy sektor boshqaruviga berish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, qarordagi yana bir yangilik ancha ahamiyatli. Unga ko‘ra, samarasiz foydalanib kelinayotgan respublikadagi yirik shifoxonalar, madaniyat va sport inshootlari, shu jumladan madaniyat saroylari, stadionlar, konsert zallari, istirohat bog‘lari xatlovdan o‘tkazib, xususiy sektorga davlat-xususiy sheriklik asosida berilishi mumkin. Tegishli tashkilotlar yil oxirigacha bu boradagi takliflarni hukumatga kiritishi kerak.

Ijtimoiy obektlarning samarali yoki samarasiz ekaniga qanday baho berilishi ma’lum emas. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi uchta onkologiya shifoxonalari, “Paxtakor” stadioni, Farg‘onadagi “Yoshlar ko‘li” kabi bir qator ijtimoiy maskanlarning sotib yuborilishi jamoatchilik bosimi to‘xtatib qolgan edi. Qolaversa, poytaxtdagi Abdulla Qodiriy va “Do‘stlik” bog‘larining investorga berib yuborilgani ham e’tirozlarga sabab bo‘lgandi. Shulardan kelib chiqib aytish mumkinki, yangi qarorning yuqoridagi bandi yirik shifoxonalar, bog‘lar, madaniyat va sport obektlarini xususiy qo‘llarga seriyali tarzda berib yuborish to‘lqinini yuzaga keltirishi mumkin.

Oshayotgan davlat qarzi va gaz importi xarajatlari

2024 yilning 1 iyul holatiga, O‘zbekistonning davlat qarzi ilk marta 37 mlrd dollardan oshdi. Shundan salkam 31 milliardi – tashqi qarz, 6 mlrd dollar esa – ichki qarzlardan iborat. Davlat qarzi qoldig‘i oxirgi bir yilda salkam 5,5 mlrd dollarga ko‘paygan. Yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushi 33 foizni tashkil etyapti.

Davlat qarzi bilan birga, davlat korxonalari tomonidan hukumat kafolatisiz olinayotgan tashqi qarzlar miqdori ham oshib boryapti. Bu boradagi ma’lumotlar yetarli emas – Markaziy bank xususiy tashqi qarz haqida hisobot berib borishni to‘xtatib qo‘ygan. Xalqaro valuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yakuni bo‘yicha umumiy tashqi qarz miqdori 53 mlrd dollarga yoki YaIMning 60 foiziga yetgan. Bunga qo‘shimcha yana 6 mlrd dollarlik davlat ichki qarzi ham borligi, birinchi yarim yillikda davlat tomonidan 4 mlrd dollardan oshiq tashqi qarz olinganidan kelib chiqilsa, umumiy qarzlar miqdori kamida 63 mlrd dollar ekanini taxmin qilish mumkin.

Davlat tashqi qarzining 42 foizi budjet defitsitini yopishga, yana 19 foizi yoqilg‘i-energetika sohasiga yo‘naltirilgan. Budjet defitsiti tarkibida ham yoqilg‘i-energetika sohasiga berilgan subsidiyalar katta o‘ringa ega. Ma’lum bo‘lishicha, bu subsidiyalarni shu yildan boshlab qisqartiramiz deyilgani bilan, uning o‘rniga boshqa katta xarajat paydo bo‘lgan. Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning so‘zlariga ko‘ra, gaz importining keskin oshishi hisobiga birinchi yarim yillikda 1,3 trillion so‘mlik aksiz solig‘i olinmagan, UzGasTrade kompaniyasiga esa 1 trln so‘m QQS qaytarib berilgan.

Mubin Mirzayev olti oy davomida gaz qazib chiqarish hajmi 1,4 mlrd kub metrga kamaygani hisobiga, 104 mlrd so‘mlik aksiz solig‘i olinmaganini ham qayd etdi. U gazning ming kubasi 160 dollardan import qilinayotganini tasdiqlab, yanvar-iyun oylarida xorijdan 5,2 mlrd kub metr gaz sotib olinganini aytdi. Taqqoslash uchun, 160 dollar – Rossiyaning Xitoy (257 dollar) va Turkiyaga (320 dollar) sotayotgan gazi narxidan sezilarli arzon, qo‘shni Qirg‘iziston esa rus gazi uchun 112 dollardan to‘lov qilmoqda.

Kun.uz o‘rgangan rasmiy ma’lumotlardan kelib chiqilsa, 2010-2023 yillar oralig‘ida gaz qazib chiqarish hajmi salkam 30 foizga tushib ketgan. Agar qazib chiqarish ko‘rsatkichi 2021 yil darajasida saqlanib qolganida ham, hozir Rossiya gaziga muhtojlik bo‘lmagan bo‘lardi.

M25 konida avariya

O‘zbekistondagi hali o‘zlashtirilmagan eng yirik gaz konida avariya ro‘y berdi. 1 sentabr kuni Surxondaryoning Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” konidan atmosferaga oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqa boshladi. Internetda tarqalgan videolarda yuzlab odamlar evakuatsiya bo‘layotganini ko‘rish mumkin. Atrofdagi qishloqlar aholisi Boysun shahriga ko‘chirilgan, lekin zaharli gaz kondan 15 km masofadagi shaharga ham yetib borgan. Achimsiq, badbo‘y hid odamlarda bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va lanjlikni keltirib chiqargan, imkoni bor boysunliklar bundan qochib, vaqtincha boshqa joyga yashash uchun ketishgan.

Rasmiy xabar berilmayotganiga qaraganda, kondan gaz chiqishi haligacha davom etayotganini taxmin qilish mumkin. Umuman, rasmiylar voqea bo‘yicha dushanba kungi dastlabki rasmiy xabarlardan keyin butun hafta davomida hech qanday qo‘shimcha ma’lumot berishgani yo‘q. Bu xabarlarda aytilishicha, kondagi 604-sonli quduqda burg‘ilash ishlari olib borilayotgan vaqtda texnologik jarayon buzilgan. Hodisa joyiga bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligidagi amaldorlar yetib borgan, tezkor shtab tashkil etilgan. “Fuqarolarning jarohat olish va halok bo‘lish holatlari qayd etilmagan”, deyiladi rasmiy axborotda.

“Mustaqillikning 25 yilligi” koni 60-yillarda aniqlangan, birinchi quduq 70-yillarda burg‘ilangan bo‘lsa ham, joylashuvi va tuzilishi murakkabligi sabab uzoq yillar uni o‘zlashtirishning imkoni bo‘lmay kelgan. Navbatdagi urinish 2017 yili Moskvada imzolangan shartnoma asosida boshlangan. Shartnomaga asosan, kon yaqinida gazni qayta ishlash zavodi va gaz-kimyo majmuasi qurilishi ham ko‘zda tutilgan. Loyihada O‘zbekiston hukumatidan tashqari, investor sifatida rossiyalik Andrey Filatov va o‘zbekistonlik Baxtiyor Fozilovning kompaniyalari ishtirok etyapti. Pudrat ishlari Fozilovga tegishli Eriell va Enter Engineering kompaniyalariga topshirilgan. Hozirgacha bu ikki kompaniya, shuningdek, Hongkongda ro‘yxatdan o‘tgan loyiha operatori kondagi texnogen ofat yuzasidan izoh bermadi. Shuningdek, prokuratura ham holatga munosabat bildirmadi. Bu avariya loyihaning keyingi taqdiriga qanday ta’sir qilishi noma’lum bo‘lib qolmoqda.

BYD Seagull'ning dilerlik tarmog‘idagi narxi – 16 400 dollar

BYD'ning eng arzon modeli bo‘lmish Seagull'ning O‘zbekistondagi rasmiy sotuvlari boshlandi. Dilerlik tarmoqlarida bu avtomobilning narxi 208 mln 300 ming so‘m yoki hozirgi kursda 16 400 dollar deb e’lon qilindi. Bu – dilerlik tarmog‘idan tashqaridagi narxlardan 2000 dollarga qimmatroq. Dilerlar yuqoriroq narx evaziga 6 yillik yoki 150 ming kilometr masofagacha rasmiy kafolat va boshqa ayrim qulayliklarni taklif etadi.

Seagull'ning to‘liq zaryad bilan bosib o‘tadigan masofasi avvalroq taqdim etilgan e2 modeli bilan bir xil: 405 km. e2 ham bozordagi narxidan taxminan 2,5 ming dollar qimmat – 18 600 dollardan sotuvga chiqarilgan edi. Yana ham hayratlanarlisi, anchagina yuqori narx belgilagan BYD bu modellar importi uchun bojxona boji va utilizatsiya yig‘imini to‘lamayotgan bo‘lishi mumkin. Chunki har ikkala modelni mahalliylashtirish reja qilingan. 2022 yildagi qarorga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilarga elektromobillar va gibrid avtomobillarni to‘liq siklda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygunga qadar, vaqtincha bojsiz va utilizatsiya yig‘imisiz olib kirish huquqi berilgan.

BYD'ni ana shunday shartlar bilan O‘zbekistonga olib kirgan, Jizzaxdagi zavodda o‘zi asosiy hissadorga aylangan “O‘zavtosanoat”ga taalluqli yana boshqa yangilik ham bor. Kun.uz'ning aniqlashicha, Chevrolet Onix avtomobili Qozog‘istonda O‘zbekistondagi chegirmali narxidan ham arzonroq sotilyapti. Qozog‘iston avtomobil uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Onix iyul oyida bu mamlakatda eng ko‘p sotilgan beshinchi avtomobil bo‘lgan. Boshqa bir manbadagi ma’lumot bunday xaridorgirlikning sababini izohlashi mumkin: unga ko‘ra, Qozog‘istonda Onix narxlari 12 400 dollardan boshlanadi. Bu – xuddi shu komplektatsiyadagi avtomobilning O‘zbekistondagi chegirmali narxidan 700 dollarga arzonroq demakdir. Agar chegirmasiz narxi hisoblansa, o‘rtadagi farq 1900 dollarga yetib qoladi.

Ta’til tugashini poylagan soliqchilar

Maktablarda birinchi qo‘ng‘iroq chalinib, 700 mingdan ortiq bola 1-sinfga qadam qo‘ydi. Ma’lum bo‘lishicha, ta’til tugashini ota-onalar bilan birga, qashqadaryolik soliqchilar ham intiqib kutgan. Ular maktabning birinchi kunida Nishon tumanidagi maktablarning birida 2-sinf o‘quvchilarining darsiga kirib, soliq xabarnomasini tarqatdi.

Hammalaring ota-onalaringga olib borasizlar, yashab turgan uy-joylaringning mol-mulk va yer soliqlarini soliq inspeksiyasiga borib, yoki telefondan “Soliq” ilovasidan foydalanib to‘lash kerak. Hozir tarqatib chiqadi. Uy kimning nomida bo‘lsa, borib soliqqa hisoblab to‘laydi. Bir yilda soliq ikkiga bo‘lib to‘lanadigan bo‘lsa, bir qismi 15 aprel, qolgan yarmi 15 oktyabrga qadar [to‘lanishi kerak] deb aytib o‘tilgan. Shu oydan soliqlarni hisoblatib, to‘lab kelish talab etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasida fuqarolar qonun bilan belgilangan soliq va yig‘imlarni to‘lashi shart deb aytilgan, tushundinglarmi? Iltimos sizlardan”, – degan soliq xodimi.

Voqea videosi internetda tarqalgach, shov-shuv va memlarga sabab bo‘ldi. HabiKatura loyihasi chizgan karikaturada kredit tashkiloti xodimi, nasiyaga savdo qiluvchi do‘kondor va “Tashabbusli budjet”da ovoz yig‘moqchi bo‘lgan odam 2-“A” sinf xonasi eshigi oldida soliqchilar chiqishini kutib turgani aks etgan.

Soliq qo‘mitasi voqeani keskin qoralab, xodimlarga nisbatan tekshiruv tayinlangani, barcha hududiy boshqarmalarga ogohlantirish berilganini ma’lum qildi. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova soliqchilarning darsga kirib borib, bolalarga noqonuniy talab qo‘yishga haqqi yo‘qligini ta’kidlab, mas’ullarga chora ko‘rishga chaqirdi. Bu voqeadan keyin ko‘pchilik o‘tgan yili Toshkentdagi bog‘chalarning biriga ichki ishlar xodimlari borib, 3-4 yoshli bolalarga “oq bilan qorani ajratib olishni” o‘rgatganini yodga oldi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

O‘zbekiston paralimpiadadagi medallar sifati bo‘yicha eng yaxshi natijasini yangiladi. Juma kungi bahslardan keyin jamg‘armamizdagi medallar soni 20 taga yetdi. Ulardan 9 tasi oltin, 6 tasi kumush, 5 tasi bronza. Bu – O‘zbekiston tarixidagi eng yaxshi natija. Umumjamoa hisobida O‘zbekiston 11-o‘rinni egallab turibdi. Hafta davomida yadro uloqtirish bahslarida qatnashgan Husniddin Norbekov 3 karra paralimpiya o‘yinlari chempioni bo‘lgan ilk o‘zbekistonlik sportchiga aylandi. Shuningdek, para dzyudoda Sherzod Namozov ikki karra paralimpiada chempioni maqomini qo‘lga kiritdi.

Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov ustidan sud ishi boshlandi. Ikkita jinoyat ishi biriktirilgan sud protsessida jami 50 kishi sudlanmoqda. Ulardan 29 nafari hibsda. Sudlanuvchilarga Jinoyat kodeksining korrupsiyaga doxil qator moddalari bilan ayblov e’lon qilingan. Ular orasida sobiq qishloq xo‘jaligi vaziridan tashqari, vazirlik huzuridagi Qishloq xo‘jaligi xizmatlari agentligining sobiq direktori Husniddin Karimov ham bor. Ilk sud majlisida bir necha advokat sud ishiga jurnalistlarni qo‘ymaslikni so‘radi, sudya sud majlislaridan audio-video materiallar olishni taqiqladi.

Toshkent viloyatida YPX xodimlariga majburiy “plan” qo‘yilyapti. Kun.uz'ga murojaat qilgan xodimning so‘zlariga ko‘ra, har bir xodimga qo‘pol qoidabuzarliklar bo‘yicha kuniga 20 tagacha protokol tuzish topshirig‘i berilgan. Bundan tashqari, jarimalar hisobidan xodimlarga beriladigan ustamalar miqdori 10 barobargacha kamaygani, choraklik mukofot pullari esa berilmayotgani aytilmoqda. Ichki ishlar vazirligi “plan” borligini rad etib, bunaqa amaliyotdan voz kechilganini bildirdi, moliyaviy masalalar bo‘yicha esa batafsil izoh bermadi.

Samarqandda SSSRni qayta tiklash bo‘yicha targ‘ibot olib borgan pensioner javobgarlikka tortildi. Samarqand shahrida yashovchi erkak pensiyaga chiqquncha O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotida ishlagan. U o‘tgan yili Moskvaga borib, SSSRni qayta tuzmoqchi bo‘layotgan va buning uchun tarafdorlar yig‘ayotgan shaxslar bilan uchrashgan. Keyin ortga qaytib, O‘zbekistonda sobiq ittifoqni qayta tiklashni targ‘ib qila boshlagan. Sud uni 3 yil muddatga ozodlik cheklash jazosiga hukm qildi.

Rossiyaning Nijyegorodsk oblastidagi avtohalokatda 7 o‘zbekistonlik halok bo‘ldi. Ularni olib ketayotgan mikroavtobus Samara-Moskva trassasida yengil avtomobil bilan to‘qnashib ketgan. Natijada 8 kishi halok bo‘lgan, shundan 7 nafari o‘zbekistonliklar ekani tasdiqlandi. Mikroavtobus ichida bo‘lgan o‘zbekistonliklardan 3 nafari omon qolib, jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi marhumlarning jasadlari vatanga olib kelinishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid