«Talonchilik bilan aynan harbiylar shug‘ullanayotganidan xabaringiz yo‘qmi?» Kurskliklar nega o‘z uylarini tark etishdan qo‘rqmoqda
Kursk oblastining chegara hududdagi shaharlari va qishloqlari aholisi nisbatan xavfsizroq joylarga evakuatsiya bo‘lishni istamayapti, ular jumladan o‘z uylari rossiyalik harbiy xizmatchilar tomonidan talanishidan ham xavfsiramoqda. Odamlar armiyani obro‘sizlantirishda ayblanishdan qo‘rqib, front hududidagi talonchiliklar haqida o‘ta ehtiyotkorlik bilan shikoyat qilishmoqda. BBC rus xizmati jabrlanuvchilardan bir nechasi bilan gaplashgan.
Moskvalik Andreyning (ismi xavfsizlik nuqtayi nazaridan o‘zgartirilgan) qaynonasi Kursk oblasti Glushkovo rayonida yashagan, uning o‘limidan keyin u yerda rafiqasining akasi qolgan. «Men 18 avgust kuni allaqachon „Haymars“ ilma-teshik qilgan ko‘prik orqali o‘tdim. Harbiylardan qaytib ketish uchun qancha vaqtim borligini so‘radim. Ular menga ajablanib qaradi va umuman keta olmasligim mumkinligini ham aytishdi», — deya hikoya qiladi u.
Ukrain armiyasi Sudjani egallab, aviatsiya esa Seym daryosidan o‘tgan ko‘priklarni vayron qilgach, Glushkovo rayoni amalda Rossiyaning asosiy hududidan uzilib qoldi. Ushbu hudud Ukraina qurolli kuchlari tomonidan egallanishi xavfi saqlanib turibdi. Shunga qaramay, mahalliy aholi nisbatan xavfsiz joylarga evakuatsiya bo‘lishga shoshilmayapti, deydi Andrey.
«Men butun posyolkani aylanib chiqdim. Odam juda ko‘p. Itlar hurmoqda, och tovuqlar qoqolab yuribdi. Do‘konlarning oynalari singan. Hech qanday evakuatsiya bo‘lmagan! Bu yerdan birinchi navbatda butun rahbariyat surib qolgan», — deya posyolkadagi vaziyatni tasvirlaydi u.
Rasmiylar o‘z uylarini tark etganlar to‘g‘risida turlicha ma’lumot berishgan: vitse-premer Denis Manturov Kursk oblastining xavfli hududlaridan 115 ming kishi olib chiqilganini aytgan, gubernator vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov esa prezident Putin bilan yig‘ilish vaqtida 133 ming kishi evakuatsiya qilingani haqida ma’lumot bergandi.
Mahalliy aholi o‘z xo‘jaliklari va mulklarini tashlab ketishni xohlamaydi, Andreyning rafiqasining akasi ham barcha narsani talonchilarga qoldirmaslik uchun Glushkovoni tark etishni rejalashtirmagan. Harbiylar nima uchun talonchilikka qarshi kurashmayotgani to‘g‘risidagi savolga Andrey shunday javob qaytaradi: «Yaxshi savol. Aynan harbiylar talonchilik bilan mashg‘ul ekanidan xabaringiz yo‘qmi?» Keyin aniqlik kiritadi: «Men hech qachon ukrain propagandasini targ‘ib qilmayman. Ammo harbiylar talagan o‘sha do‘konlar qaysilar ekanini aniq bilaman».
23 avgust kuni «Pepel. Kursk» telegram-kanalida rossiyalik uch nafar harbiy xizmatchi Glushkovo rayoni Zvannoye qishlog‘ida Wildberries omborxonasini tunayotgani aks etgan videoyozuv tarqaldi. Undan bir necha kun oldinroq esa Checheniston Respublikasidan bo‘lgan ikki harbiy Glushkovoning o‘zida «Megafon» uyali telefonlar do‘koniga o‘g‘rilikka tushgandi.
Taniqli z-bloger, yaqinda Kursk oblasti gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnovning maslahatchisi etib tayinlangan Roman Alyoxin o‘shanda aybdorlar tezda topilgani va qo‘lga olinganini xabar qilgan, shuningdek, talonchilik muammosini hal qilish uchun qat’iyroq choralar ko‘rishni taklif qilgandi: «Harbiy libos kiygan va tinch aholi vakillarini, ayniqsa maxsus harbiy amaliyotning ilk kunlaridan harbiylar uchun yegulik tayyorlagan, kiyintirgan, yuvib bergan va tozalagan o‘zimizning chegara hudud aholisini talashni o‘ziga ep ko‘rgan mudaklarga murojaat qilaman: sizlar tamom bo‘lgan axlatsiz va siz uchun yagona chora — bu o‘lim», — deya yozgan u o‘z telegram-kanalida.
Rossiyaning chegara hududlardagi aholi yashash manzillariga oid pabliklarda odatiy postning ko‘rinishi quyidagicha bo‘ladi:
Sharhlovchilar ikki guruhga bo‘lingan: bir tomon talonchilik to‘g‘risidagi postlarning mualliflarini «Ukraina TsIPSO»ga ishlashda (Ukraina qurolli kuchlari Maxsus amaliyot kuchlari 72-markazi — TsIPSO (Axboriy-psixologix operatsiyalar markazi) — rossiyalik harbiy blogerlar orasida mashhur nomga aylangan) ayblaydi. Foydalanuvchilar xabarlar nima uchun anonim ekaniga ham qiziqishmoqda. Boshqalar esa ularga «bizning davrda nimadir yozish hayot uchun xavfli» deya javob berishgan. Pabliklarda aholi qo‘shni qishloqlar — Rjava, Mordok va Visokoye kabi aholi yashash manzillaridagi talonchilik holatlari haqida ham yozishgan. Odamlarning shikoyatiga ko‘ra, ular talonchilik to‘g‘risida politsiyaga murojaat qilishga uringanida, shunday javob olishmoqda: ularning uyi o‘zlari yoki qo‘shnilari tomonidan emas, aynan harbiylar tomonidan ochib kirilganini isbotlab bo‘lmaydi.
Kursk oblasti Korenevo posyolkasida yashovchilardan biri qo‘shnilarning uylari talab ketilgani haqidagi foto va videoguvohliklarni yig‘ishni boshlagan, shundan keyin mol-mulk yo‘qotilgani to‘g‘risida jamoaviy da’vo qo‘zg‘atishga urinib ko‘rmoqchi.
«Talonchilik ro‘y bergan manzillar. Bolshoye Soldatskoye, Korenevo, Glushkovo. Biz bu masalani qandaydir yo‘l bilan hal qilish uchun jiddiy odamlarga chiqishga harakat qilyapmiz», — degan BBC bilan suhbatda u (xavfsizlik nuqtayi nazaridan shaxsi oshkor etilmasligini so‘ragan). Nashr suhbatdoshi armiyani obro‘sizlantirishda ayblanishdan qanchalik qo‘rqish-qo‘rqmasligi so‘ralganida, shunday javob qaytargan: «Mening tushunishimcha, yuqori martabali harbiylar buning barchasini qaytadan tasniflamoqchi. Aytishlaricha, buni qo‘shnilarga to‘nkashadi, xuddiki ular shunday ish bilan shug‘ullanishgan-u, ketishgan. Yoki ukrainlarni ayblashadi. Bu yerda hech qanaqa obro‘sizlantirish yo‘q. Agar kimdir harbiylar bu ish bilan shug‘ullanayotganini foto va videoga olgan bo‘lsa, men shunchaki u yerda bo‘layotgan faktlar haqida xabar bergan bo‘laman».
Harbiylar ustidan shikoyatlar aynan shunday oqibatlarga olib kelishidan xavotirlanuvchi jabrlanuvchilar ham bor: «Men vatanparvarman, hech kimga hech narsa demoqchimasman», — deya yozgan avvalroq shahardagi pabliklardan birida uning uyini yo‘qligida buzib kirilgani haqida yozgan ayollardan biri BBC’ga javoban.
Kursk oblasti Kolichevka qishlog‘ida yashovchi ayol esa shunday javob bergan: «Barchasini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rish uchun keling. Men izoh bermayman».
Rossiya armiyasi urushning ilk oylarida Ukraina shaharlari va qishloqlarida xuddi shunday talonchilik bilan shug‘ullanganida va o‘g‘irlangan maishiy texnikalarni o‘z uylariga yuborishganida Rossiya hukumati buni feyk deb atagan va hech qanday izoh bermagandi.
Mahalliy rasmiylar Kursk oblasti aholisining shikoyatlarini ham izohlamayapti, qolaversa, shu kunlarda bu regionda navbatdan tashqari gubernator saylovlari o‘tkazilmoqda, uning yakunlariga ko‘ra Aleksey Smirnov «vaqtincha vazifa bajaruvchi» qo‘shimchasidan xalos bo‘lishi kerak. Bir hafta oldin Smirnov propagandachi Vladimir Solovyov dasturi efirida Kursk oblastida go‘yoki «talonchilar yo‘qligi»ni aytgandi.
«RIA Novosti» davlat agentligi esa mahalliy aholiga tayanib, Kursk oblastining Ukraina qurolli kuchlari nazoratiga o‘tmagan aholi yashash manzillarida ukrainalik askarlar rus askarlari libosini kiyib olgan holda talonchilik bilan shug‘ullanayotganini da’vo qilgan.
Talonchilik uchun hukmlar yo‘q
2022 yil sentabrida, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan yarim yil o‘tib, Davlat dumasi deputatlari Rossiya Jinoyat kodeksini 356.1-modda («Talonchilik») bilan to‘ldirgandi. Jinoyatning yangi tarkibini kiritgan tuzatishni qonunchilar ikkinchi o‘qishda butunlay boshqa qonun loyihasiga qo‘shishgan va muhokamasiz qabul qilingandi. Talonchilik moddasi bo‘yicha 15 yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.
RF JKga ko‘ra, talonchilik harbiy davrda o‘zganing mulkini noqonuniy qo‘lga kiritish yoki foydalanish deb hisoblanadi — agar bu «majburiy zarurat» bilan bog‘liq bo‘lmagan bo‘lsa. Modda shunday tuzilganki, o‘lja qilib olingan mahsulotlar mashinada tashib ketilmasligi kerak, ammo, masalan, do‘kondan yoki aholi uylaridan oziq-ovqat o‘g‘irlanishi «majburiy zarurat» deb baholanishi mumkin, deydi BBC bilan suhbatda «Grajdanin. Armiya. Pravo» huquq himoyachilari guruhi direktori Sergey Krivenko. Uning fikricha, «talonchilik» to‘g‘risidagi modda paydo bo‘lishi bu Rossiya armiyasida keng tarqalgan hodisa ekanini ko‘rsatadi va hukumat buni to‘xtatishga qaror qilgan.
Ammo, «Rossiyadagi jinoiy ishlarning holati to‘g‘risida»gi rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 va 2023 yillarda 356.1 («Talonchilik») moddasi bo‘yicha biror kishi sudlanmagan. 2024 yil bo‘yicha statistika hali e’lon qilinmagan, ammo sud hukmlari bazasida ham talonchilik uchun qamalganlar haqida ma’lumot yo‘q.
Shu bilan birga, yil boshidan buyon Rossiyadagi sudlar internetda talonchilik, xususan, Buchadagi shunday holatlar haqida bildirilgan tanqidiy fikrlar yuzasidan yuzga yaqin ishlarni ko‘rib chiqqan.
Biroq, Rossiyada baribir JKning 356.1-moddasi bo‘yicha ishlar qo‘zg‘atilgan va hatto sudga oshirilgan. Rostov garnizoni harbiy sudi hozirda 2024 yil may va iyun oylarida kelib tushgan, yetti nafar harbiy xizmatchiga nisbatan ikkita ishni ko‘rib chiqmoqda, ammo sud ma’lumotlari bazasida ularning familiyalari yashirib qo‘yilgan. «Mediazona» ma’lumotiga ko‘ra, iyun oyida sud saytida ayblanuvchilarning familiyalari ko‘rsatilgandi: Anton Murin, Vladimir Azarenko, Maksim Aliyev, Daniil Vederchik, Yevgeniy Veyning, Sergey Leonov va Vadim Xrenov.
Xuddi shu sudga 2023 yil oktyabrida yana bir shunday ish kelib tushgandi, bu Rossiyada talonchilik bo‘yicha ilk ish bo‘lib — unga ko‘ra Ruslan Kachlavov ayblangandi. «Mediazona» ismi, sharifi va familiyasi uniki bilan bir xil bo‘lgan harbiy haqida ma’lumotlarga ega, shuningdek ijtimoiy tarmoqlardagi postlarga tayangan holda, yirik miqdordagi talonchilik sodir etishda ayblanib qo‘lga olingan bu harbiy Ukrainada jang qilgan va Putin tomonidan Jukov medali bilan taqdirlangan, Vladikavkazdan bo‘lgan podpolkovnik Ruslan Kachlavov bo‘lishi mumkinligi haqida yozgan. Ish sudda ro‘yxatga olinganidan keyin «Mediazona» sudlanuvchi Kachlavov uy qamog‘ida ekanidan xabar topgan. Hozirda Rostov garnizon sudi bazasida bu ish bo‘yicha ayblanuvchining familiyasi yashirib qo‘yilgan, shu bilan birga, ish boshqa sudga yuborilgani ko‘rsatilgan. Vladikavkaz garnizon sudi saytida esa Kachlavov va talonchilik bo‘yicha boshqa ishlar haqida ma’lumot yo‘q.
Harbiylar tomonidan talonchilik qilingani bo‘yicha ishlar sud hukmi chiqarilishi va ijro etilishiga qadar yetib borishi imkoniyati juda kam. 2023 yil yozida Rossiya davlat dumasi harbiy xizmatchilarning jinoyatlarini tergov qilishni ularning komandirlari iltimosiga binoan to‘xtatib turishga imkon beruvchi qonunni qabul qildi. Agar maroder frontda mukofot olgudek bo‘lsa, shuningdek yaralanganidan keyin xizmatdan bo‘shaganidan keyin yoki urush yakunlangach, unga qarshi jinoiy ish tugatiladi. Rasman bu ishi allaqachon sudga oshirilganlar uchun taalluqli bo‘lmaydi — ular hukm kuchga kirganidan keyingina frontga yuborilishi mumkin. Ammo bu cheklovni bekor qiluvchi qonun loyihasi ham allaqachon Davlat dumasiga kiritilgan, amalda esa unga hozirning o‘zida ham amal qilinmayapti.
Rossiyaning chegara hududlarida yashovchilar ham kvartiralari o‘qqa tutilishi tufayli evakuatsiya bo‘lgan hamqishloqlarining uylarini tunaganidan keyin Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzish va frontga yo‘l olish orqali javobgarlikdan qutulib qolishi mumkin. Bundan tashqari, sudlar mahalliy maroderlar Ukraina qurolli kuchlari zarbalaridan aziyat chekayotganini inobatga olishi mumkin. Ammo, BBC o‘rgangan sud hukmlariga ko‘ra, undaylar tutib olinganida, ularga nisbatan talonchilik moddasi emas, balki oddiy o‘g‘rilik moddasi qo‘llanmoqda.
Ukraina qurolli kuchlari 2022 yildan buyon o‘qqa tutib kelayotgan Kursk oblastining Glushkovo rayonida yashovchi pensioner Ivan Bikovga sud shunday hukm chiqargan. 2022 yil noyabrida pensioner odam yashamayotgan kvartiraning eshigini buzib kirgan va u yerdan suv isitgich, gaz qozoni, isitish radiatorlari va mikrto‘lqinli pech olib chiqqan. Sud uning qaramog‘ida bo‘lgan rafiqasi «Ukraina qurolli kuchlari uning uyini o‘qqa tutishi oqibatida tanasining 40 foiz qismi kuygani va eshitish qobiliyatini to‘liq yo‘qotgani», sudlanuvchining o‘zi ham «Ukraina tomonidan o‘qqa tutish» oqibatida yaralangani faktlarini yengillashtiruvchi holatlar deb topgan. Pensioner 160 soatlik majburiy mehnatga hukm qilingan. Sud hukmida talonchilik haqida so‘z ketmagan.
BBC urush davridagi chinakam talonchilik bo‘yicha sud jarayoni haqidagi ochiq ma’lumotni Belgorod oblasti Shebekino sudi tomonidan 2024 yil fevralda sudlanuvchi Sergey Grebenkovga chiqarilgan hukmda uchratgan. 2023 yil iyunida, Shebekino aholisi otishmalar tufayli yoppasiga evakuatsiya qilinganida Grebenkov shishadoshi bilan yashovchilari tark etgan uy derazasini sindirib, u yerdan televizor, changyutkich va dazmolni olib chiqqan — Grebenkovning o‘zi aytishicha, u bu buyumlarni bir bankadagi qo‘lbola araqqa almashtirgan.
Davlat ayblovchisi Ivan Bogachev sudda bu talonchilik ekanini aytgan. Ammo Grebenkovga bu modda bo‘yicha ayblov qo‘yilmagan — u o‘g‘irlik uchun bir yarim yil muddatga axloq tuzatish ishlariga jalb etilgan. Uning shishadoshi esa o‘g‘irlikdan ko‘p vaqt o‘tmay vafot etgandi.
Ukrainaning Rossiya tomonidan egallab olingan regionlaridagi talonchiliklar haqida Rossiya sudlarida nimalar deyilgan?
BBC Xerson oblastining okkupatsiya qilingan qismida Rossiya sudining talonchilik tilga olingan hukmini uchratgan, ammo bunga butunlay boshqa jinoyat sodir etilgani sabab bo‘lgan. Sud hukmi Novaya Zburevka qishlog‘ida yashovchi fuqaroni o‘ldirgan Rossiya armiyasi askari uchun chiqarilgan. Qotil sudda go‘yoki uy egasini talonchilikda gumonlaganini aytgan. Rossiya hukumati Xerson oblastining okkupatsiya qilingan qismida tashkil etgan garnizon sudi askarni 9 yilga qamagan.
2023 yil 9 may kuni mast holatdagi oddiy askarlar Denis Chernov va Igor Turko 59 yoshli Oleksandr Maksimenkoning uyi oldida Kalashnikov avtomatlaridan «bayram salyuti» uyushtirishgan, keyin esa «spirtli ichimliklar olish uchun» uyga kirishgan. Chernov uyda «ko‘p miqdorda maishiy texnika buyumlari»ni ko‘rgan, uning ko‘rsatmasiga ko‘ra, uy egasiga u «mazkur mulklarni talonchilik natijasida qo‘lga kiritganini aytib da’vo qila boshlagan». Uy egasi bunga e’tiroz bildirganidan keyin Chernov avtomatdan uning boshiga va ko‘ksiga o‘q uzgan. Voqea Janubiy harbiy okrug sudining 2024 yil aprelida chiqarilgan hukmida voqea shunday tavsiflangan.
Maksimenko o‘ldirilishining boshqa versiyasi 2024 yil yanvarida Ukraina bosh prokurori ofisi tomonidan keltirilgan. Xerson oblastidagi harbiy jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi Chernovga ham, Turkoga ham qarshi ish ochgan. Hujjatda ko‘rsatilishicha, ular Harbiy-dengiz floti sohil qo‘riqlash qo‘shinlari 22-armiya korpusi tarkibidagi 12676-harbiy qismda xizmat qilishgan. Ukrainalik tergovchilar versiyasiga ko‘ra, 2023 yil 9 mayda ikki harbiy avvaliga Maksimenkoni uning uyi oldida kaltaklashgan (uning o‘g‘lini Ukraina qurolli kuchlarida xizmat qilishda gumon qilishgani uchun), keyin esa uning ortidan uyiga bostirib kirishgan va otib tashlashgan.
Ukrainada Chernov va Turko tinch aholi vakillariga nisbatan shafqatsizlik va qasddan qotillik qilishda gumonlanadi. Xalqaro normalarga ko‘ra, bu harbiy jinoyat hisoblanadi. RF JKda ham urush olib borishning bunday metodlarini qo‘llashni taqiqlash to‘g‘risidagi 356-modda mavjud, ammo Rossiya sudlari uni rossiyalik harbiylarga nisbatan qo‘llamaydi.
Rossiya sudida qurbonini go‘yoki talonchilik qilgani uchun o‘ldirgani haqida Donbassdagi qotillik uchun sudlangan Ukraina fuqarosi Mixaylo Balaban ham aytib o‘tgan. Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan hududdagi «DXR» oliy sudi Balabanni granata portlatgani uchun 18 yilga ozodlikdan mahrum etgan — sud hukmiga ko‘ra, u portlovchi qurilmani o‘z tanishlari o‘tirgan avtomobil saloniga uloqtirgan (yakunda ulardan biri vafot etgan). Granatalarni Balaban urushga qadar o‘zi ishlagan va DXR harbiylari joylashgan kompaniya hududidan olib ketgan bo‘lgan.
Balaban sudda harbiy harakatlar yaqinidagi hududda yashagan jabrlanuvchilar go‘yoki «pulemyot, granatalar bilan qurollanib, talonchilik qilgani», jumladan, «halok bo‘lganlarning qimmatli buyumlari, qurollari va o‘q-dorilarni yig‘ishtirish» bilan shug‘ullanganini da’vo qilgan. Moskvadagi birinchi apellyatsiya sudi uning gaplarini asossiz deb topgan.
Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan «DXR» hududidagi talonchilik holatlari haqida urushdan qochgan va majburan ko‘chirilganlar maqomiga erishmoqchi bo‘lganlar (IIV va sud ularga rad javobi bergan) ham xabar berishgan, BBC buni Bryanskdagi Kengash sudi qarorlarida uchratgan: «Shaharda harbiylar tomonidan ommaviy talonchilik va qonunsizlik bo‘lgandi». Shu bilan birga, «tinch aholi har kuni ukrainalik harbiylar tomonidan o‘qqa tutilardi». Sud Roman Safronov va Raisa Moskalenkoning deyarli bir xil shakldagi shikoyatlaridan iqtibos keltirgan.
E’lon qilingan qaror matnida da’vogarlarning so‘zlaridagi «ommaviy talonchilik» qayerda va qaysi armiya harbiylari tomonidan sodir etilgani yashirilgan. Ammo sodir etilgan voqea tavsifidan xulosa qilish mumkinki, gap o‘sha vaqtda Ukraina qurolli kuchlari tomonidan o‘qqa tutilgan Mariupol shahri haqida boradi. Binobarin, shaharning o‘zida o‘sha vaqtda rossiyalik harbiylar bor edi.
Mavzuga oid
20:14
Rossiya armiyasining «Janub» qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni lavozimidan chetlatildi
19:21
FT: Rossiya yuzlab yamanliklarni Ukrainaga qarshi urushga yolladi. Ular shartnoma imzolashga majburlanmoqda
15:06
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi - Reuters
14:22