Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
9 sentabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Paralimpichilarning muvaffaqiyatli ishtiroki, vazirliklardagi biznesmen amaldorlar, rekord darajaga yetgan oltin-valuta zaxiralari — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Paralimpiadada ham 13-o‘rin
2024 yilgi Paralimpiya o‘yinlari 8 sentabr, yakshanba oqshomida Parijdagi tantanali marosim bilan yakunlandi. Shouni Parijning Sen-Deni chekkasidagi «Stad de Frans» stadioni tribunalarida 64 ming tomoshabin kuzatib bordi.
XVII Paralimpiya o‘yinlari 28 avgustdan 8 sentabrgacha bo‘lib o‘tdi. Parij Paralimpiya o‘yinlarida 22 sport turi bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazildi.
O‘zbekistonlik sportchilar umumiy medallar hisobida 10 ta oltin, 9 ta kumush va 7 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, 13-o‘rinni egalladi. Bu o‘zbek sportchilarining tarixiy rekord natijasidir.
O‘zbekiston paralimpiyachilari Osiyo qit’asida 3-o‘rin, possovet davlatlar ichida 2-o‘rin va turk dunyosi va islom dunyosi davlatlari ichida olimpiyachilarimiz singari 1-o‘rinni egalladi.
Xitoylik sportchilar yana eng ko‘p medallarni qo‘lga kiritdi — 220 ta, ulardan 94 tasi oltin medal.
Vazirliklardagi biznesmen amaldorlar
Uchta vazirlikning qariyb 400 nafar boshqaruv xodimi tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelgani ma’lum bo‘ldi.
Aksilkorrupsiya matbuot xizmatiga ko‘ra, o‘rganishlarda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirliklari va ularning tizim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan 398 nafar boshqaruv xodimi 449 ta tadbirkorlik sub’yektida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelayotgani aniqlandi. Jumladan:
- Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 93 nafar boshqaruv xodimi 112 ta tadbirkorlik sub’yektida;
- Suv xo‘jaligi vazirligining 26 nafar boshqaruv xodimi 35 ta tadbirkorlik sub’yektida;
- Qishloq xo‘jaligi vazirligining 279 nafar boshqaruv xodimi 302 ta tadbirkorlik sub’yektida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelgan.
Eng ko‘p taqsimot va ruxsat berish vakolatiga ega vazirliklarda amaldorlarning biznes bilan mashg‘ulligi hayratlanarli albatta.
Agentlikka ko‘ra, yuqoridagi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha vazirliklarga taqdimnomalar kiritilib, qayd etilgan qonunbuzilishi holatlariga chek qo‘yilgan.
O‘zbekistonga mashhur brend kirmoqda
Belgiyaning mashhur Le Pain Quotidien xalqaro restoranlar tarmog‘i va O‘zbekistonning "RestofFoods" kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Hujjatga ko‘ra, Le Pain Quotidien restoranlar tarmog‘i yaqin vaqt ichida O‘zbekistonda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.
Dunyoga mashhur brendning kirib kelishi O‘zbekiston fuqarolari va mehmonlari uchun mamlakat jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Mualliflik retsepti asosida tayyorlanadigan mahsulotlar, jumladan non, turli xil salatlar, sendvichlar, ichimliklar, tartaletka va tartinlari bilan mushhur Le Pain Quotidien xalqaro restoranlar tarmog‘i 1990 yilda Bryussel shahrida Alen Kumon tomonidan tashkil etilgan. Ushbu tarmoqning 260 dan ortiq restoranlari dunyoning 20 dan ortiq davlatlarida mavjud.
Gidrosikllar va suv skuterlariga ruxsat beriladi
Hukumatning suv havzalarida motorli (ichki yonuv dvigatelli) va elektromotorli suv transporti vositalaridan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2025 yil 1 maydan boshlab tabiiy va sun’iy suv havzalarida faqat tezlikni avtomatik pasaytirish uskunasi bilan jihozlangan, GPS uskunasi o‘rnatilgan hamda milliy GPS monitoring va navigatsiya tizimiga ulangan motorli va elektromotorli suv transport vositalaridan foydalanishga ruxsat etiladi.
Bunga suv havzalarida turizm xizmatlarini rivojlantirish, shuningdek, fuqarolar hayoti, sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlash hamda suv resurslari ifloslanishining oldini olish, ulardan oqilona foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida qaror qilindi
Suv transport vositalarining ruxsat etilgan harakatlanish maksimal tezligi 40 kilometr/soat, kemalar to‘xtash joylari hamda aholi turar joylari chegaralarida — 20 kilometr/soat, plyajlar va aholining ommaviy dam olish joylari chegaralarida esa — 5 kilometr/soat etib belgilanadi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab elektr motorli suv transportlaridan tashqari suv transporti vositalaridan foydalanish natijasida atrof-muhit ifloslantirilgani uchun yillik kompensatsiya to‘lovlari ham undiriladi.
Eksportchilar uchun QQSni qoplash tartibi soddalashtirildi
Endilikda eksport operatsiyalari bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) summasi o‘rnini qoplash osonlashadi. Bu haqda biznes-ombudsman xabar qildi.
Prezident farmoniga ko‘ra, soliq to‘lovchilardan tovarlarning eksport qilinganini tasdiqlovchi bojxona hujjatlarini soliq organlariga taqdim etish talab qilinmaydi.
Bojxona organlari tomonidan elektron tarzda taqdim etilgan ma’lumotlar eksportni tasdiqlash uchun yetarli hisoblanadi.
Ushbu yangi tartib farmon kuchga kirgunga qadar bo‘lgan davrdagi QQSni qoplash uchun berilgan arizalarga ham tatbiq etiladi.
Oltin-valuta zaxiralarimiz rekord darajaga yetdi
O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 39 mlrd dollarga yetdi. Bu – rekord ko‘rsatkich. Yil boshidan buyon zaxiralar qiymati 4,6 mlrd dollarga yoki 13,3 foizga oshgan.
Oltin-valuta zaxiralarining joriy qiymati – ma’lumotlar ochiqlana boshlagan 2018 yildan keyingi davrdagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib turibdi.
Avgust oyida xalqaro aktivlar qiymati 1,75 mlrd dollarga yoki taxminan 4,7 foizga oshgan. Iyuldagi o‘sish 1,06 mlrd dollarga teng bo‘lgandi.
Ammo tashqi qarz ham rekord daraja — 61,1 mlrd dollarga yetgan. Buning ichida davlat qarzi 37 mlrd dollarni tashkil etadi.
Mavzuga oid
20:53 / 27.05.2025
27 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
22:14 / 26.05.2025
26 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
22:24 / 23.05.2025
23 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
22:49 / 22.05.2025