Jahon | 13:52 / 10.09.2024
1779
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azo sektoridagi gumanitar hududga havodan zarbalar berdi

Isroil «yuqori martabali terrorchilar» yo‘q qilingani haqida xabar berdi. Shu bilan birga, falastinliklar gumanitar hududda jangchilar yo‘qligini, 40 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgani, yana 60 nafari yaralanganini bildirdi.

Foto: Hani Alshaer/Anadolu/picture alliance

Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi gumanitar hududga havo hujumlari uyushtirilgani, falastinliklar esa, o‘nlab odamlarning halok bo‘lgani haqida xabar berdi. Isroil armiyasining 10 sentabr, seshanbaga o‘tar kechasi xabar berishicha, Falastinning Hamas harakati qo‘mondonlik markazi o‘qqa tutilishi natijasida «yuqori martabali terrorchilar» yo‘q qilindi.

Shu bilan birga, Falastin qutqaruv xizmatlari vakili AFP agentligiga bergan intervyusida G‘azo sektori janubidagi Xon-Yunusda «Al-Mavozi» gumanitar zonasiga berilgan zarbada kamida 40 kishi halok bo‘lganini, yana 60 kishi yaralanganini ma’lum qildi, ular yaqin atrofdagi kasalxonalarga yotqizilgan. Hujumda «ko‘chirilgan odamlarning chodirlari» nishonga olingani qayd etildi. «Guruhlarimiz hali ham bedarak yo‘qolgan 15 kishini qutqarishga harakat qilmoqda», dedi u.

Falastin fuqarolik mudofaasining boshqa ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil zarbasi oqibatida ulkan chuqurliklar yuzaga kelgan. «Jasadlari qum vayronalari ostida va chuqur teshiklarda qolib ketgan «Al-Mavozi» qirg‘inida butun oilalar qurbon bo‘ldi», dedi ular.

O‘zaro ayblovlar

Isroil armiyasi «G‘azo sektoridagi terrorchilik guruhlari»ni «gumanitar infratuzilma obektlaridan, jumladan, chegaralangan gumanitar zonadan tizimli ravishda Isroil davlati va Isroil armiyasiga qarshi terrorchilik faoliyati uchun foydalanishda» aybladi.

Hamas Isroil havo hujumiga uchragan hududda hech qanday jangchi bildirdi va Isroilning bu versiyasini «ochiq yolg‘on» deb atadi.

Yaqin Sharqdagi keskinlashuv

2023 yil 7 oktyabr kuni ertalab Hamasning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

Hamasning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida Hamasga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 41 mingga yaqin falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid