Qatar o‘zbekistonlik talabalar uchun ta’lim grantlari sonini ko‘paytirishi mumkin
Shu yilning 9-11 sentabr kunlari O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov boshchiligidagi mamlakat bir qator yetakchi oliy o‘quv yurtlari vakillaridan iborat delegatsiya amaliy tashrif bilan Qatarda bo‘ldi.
Qatar ta’lim va oliy ta’lim vaziri Busaina bint Ali Al Jabr Al Nuaymi bilan kechgan uchrashuvda universitetlararo hamkorlikni kengaytirish, ushbu mamlakatning yetakchi universitetlarida o‘zbekistonlik talabalarni tahsil olish uchun ajratiladigan ta’lim grantlari sonini ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi. Ilmiy sohadagi hamkorlikni chuqurlashtirish, ekologiya, suvni tejash, cho‘llanishga qarshi kurashish kabi dolzarb yo‘nalishlarda qo‘shma ilmiy loyiha va ishlanmalarni amalga oshirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi vakillaridan iborat delegatsiya innovatsion startaplarning akseleratori va inkubatori vazifasini bajaruvchi Qatar fan va texnologiyalar parki faoliyati bilan ham tanishdi.
O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida mamlakat universitetlari rahbarlarining Qatar oliy ta’lim muassasalari, jumladan, Hamad bin Xalifa universiteti, Lusayl universiteti, Doxa fan va texnologiya universiteti prezidentlari bilan muzokaralari tashkil etildi.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijasida Buxoro muhandislik-texnologiya instituti bilan Hamad bin Xalifa universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Lusayl universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Doxa fan va texnologiya universiteti o‘rtasida o‘rtasida akademik almashinuv va ikki tomonlama diplom berish dasturlarini hayotga tatbiq etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Qatar "Ta’lim hammadan ustun" jamg‘armasi o‘rtasida qo‘shma ta’lim loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.
Mavzuga oid
14:33
Nega o‘zbek ota-onalari bolasini rus sinflariga beradi?
11:43 / 20.11.2024
2025 yilda 252 ta yangi bog‘cha barpo etiladi
19:01 / 19.11.2024
Qatar Tashqi ishlar vazirligi HAMAS yetakchilari Dohada emasligini ma’lum qildi
15:13 / 18.11.2024