Jahon | 14:19 / 14.09.2024
24896
12 daqiqa o‘qiladi

150 metrdan 9 ming kilometrgacha - dunyoning eng uzun va qisqa chegaralari

Dunyoda 200 dan oshiq mustaqil davlat bor. Ularning hududi xilma-xil: birining hududi Yer kurrasidagi quruqlikning 15 foizini tashkil etsa, yana birining hududi bor-yo‘g‘i 1 kilometr kvadratga teng. Ular orasidagi chegaralar ham shunga mos.

Rossiya, Xitoy kabi yirik davlatlar 14-15 ta davlat bilan chegaradosh bo‘lsa, ayrim orol davlatlar quruqlikda biror mamlakat bilan chegaraga ega emas.

Ba’zi davlatlar o‘rtasidagi umumiy chegaralar bir necha ming kilometr bo‘lsa, ayrim davlatlar orasidagi chegara bor-yo‘g‘i 150 metrni tashkil etadi.

Quyida ikki davlat o‘rtasidagi quruqlikdan o‘tgan eng uzun va eng qisqa chegaralar haqida ma’lumotlarni keltiramiz.

Eng uzun chegaralar

10. AQSh – Meksika: 3145 kilometr

Shimoliy Amerikada joylashgan Meksika quruqlikda bor-yo‘g‘i uchta davlat – shimolda AQSh, janubda Beliz va Gvatemala davlatlari bilan chegaradosh.

Meksikaning AQSh bilan chegarasi quruqlikdan o‘tgan eng uzun chegaralar reytingida o‘ninchi o‘rinda joylashgan. U dunyodagi eng tig‘iz chegara hisoblanadi va bir yilda uni bir necha o‘n million odam qonuniy va noqonuniy kesib o‘tadi.

Shuningdek, ushbu chegara nafaqat Markaziy va Janubiy Amerika, balki butun dunyodan AQShga noqonuniy kirmoqchi bo‘lgan odamlar uchun asosiy yo‘lak hisoblanadi.

Bundan tashqari, Lotin Amerikasidan AQSh va Kanadaga olib kiriladigan giyohvand moddalar ham chegara ostida qazilgan tunnellar orqali shu yerdan o‘tadi.

AQSh tomoni bu chegarani nazorat qilishda katta qiyinchiliklarga duch kelgani uchun 2016 yilda Donald Tramp prezident bo‘lib saylangandan so‘ng bu chegaraga balandligi 5 metrli devor qurish ishlari boshlab yuborildi. Tramp prezidentlikdan ketgach, devor qurilishi to‘xtab qoldi.

9. Xitoy – Hindiston: 3380 kilometr

Xitoy quruqlikdan o‘tgan chegaraning uzunligi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallaydi. Bu davlat quruqlikda 22,8 ming km chegaraga ega.

Uning Hindiston bilan bo‘lgan chegarasi dunyodagi eng uzun chegaralaridan biri hisoblanadi.

Xitoy va Hindiston o‘rtasidagi chegaraning asosiy qismi «dunyo tomi» deb ataladigan Himolay tog‘lari ustidan o‘tgan.

8. Braziliya – Boliviya: 3423 kilometr

Braziliya ham dunyoda quruqlikdan o‘tgan chegaralar uzunligi bo‘yicha yuqori o‘rinlarda turadi. Uning quruqlikdan o‘tgan chegarasi umumiy uzunligi 15 ming kilometrga yetadi.

Braziliyaning Boliviya bilan chegarasi 3423 km bo‘lib, u eng uzun chegaralar ro‘yxatida sakkizinchi o‘rinda joylashgan. Har ikki davlat o‘rtasidagi chegara Amazonka o‘rmonlari bo‘ylab o‘tgan.

7. Rossiya – Mo‘g‘uliston: 3543 kilometr

Mo‘g‘uliston juda katta hududga ega bo‘lsa ham u bor-yo‘g‘i ikkita davlat — shimolda Rossiya, janubda Xitoy bilan chegaradosh.

Bu davlatning umumiy chegarasi 8200 kilometrdan oshiq. Shundan Rossiya bilan chegara 3543 kilometr va Xitoy bilan chegara 4709 kilometrni tashkil etadi.

Mo‘g‘ulistonning har ikki chegarasi ham dunyoda ikki davlat o‘rtasidan o‘tgan eng uzun chegaralar reytingida dastlabki o‘nlikka kiradi.

6. Rossiya – Xitoy: 3645 kilometr

Rossiya dunyoda quruqlikdan o‘tgan chegaralar bo‘yicha Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinda turadi va uning quruqlikdan o‘tgan chegaralari umumiy uzunligi 22,1 ming kilometrni tashkil etadi.

Rossiyaning Qozog‘iston, Xitoy, Mug‘uliston bilan bo‘lgan chegaralari ikki davlat o‘rtasidagi eng uzun chegaralar reytingida yuqori o‘rinlarni egallaydi.

5. Hindiston – Bangladesh: 4053 kilometr

Hindiston ham quruqlikdan o‘tgan chegaralar uzunligi bo‘yicha dunyoda yuqori o‘rinlarda turadi. Bu davlat quruqlikda 15,2 ming km chegaraga ega.

Hindiston va Bangladesh bir paytlar bitta davlat tarkibida bo‘lgan. 1949 yilda mamlakat Britaniya mustamlakasidan ozod bo‘lgach uning musulmonlar yashaydigan qismi alohida bo‘ladi va Pokiston deb ataladi.

Keyinchalik Bangladesh Pokiston tarkibidan ajralib chiqadi va mustaqil davlatga aylanadi. Shu tariqa bu davlat Hindiston bilan uzun chegaraga ega bo‘ladi.

Bangladesh quruqlikda faqat ikkita davlat, Hindiston va Myanma bilan chegaradosh.

4. Xitoy – Mo‘g‘uliston: 4677 kilometr

Xitoy quruqlikda jami 14 davlat bilan chegaradosh. Uning eng uzun chegarasi Mo‘g‘uliston bilan bo‘lgan chegarasi hisoblanadi.

Mo‘g‘uliston esa bor-yo‘g‘i ikkita davlat bilan chegaradosh. Ulardan biri Xitoy, ikkinchisi Rossiya.

3. Argentina – Chili: 5308 kilometr

Chili hududi shimoldan janubga qarab 6 500 kilometrga cho‘zilgan. Mamlakat kengligi o‘rtacha 175 kilometrni tashkil etadi. Chili faqat uch davlat – Peru, Boliviya va Argentina bilan chegaradosh.

Janubiy Amerika qit’asida joylashgan Argentina va Chili o‘rtasidagi chegara 5 308 kilometr bo‘lib, u dunyodagi eng uzun chegaralar reytingida uchinchi o‘rinni egallaydi.

2. Rossiya – Qozog‘iston: 7598,8 kilometr

Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi chegara eng uzun chegaralar reytingida AQSh-Kanada chegarasidan so‘ng ikkinchi o‘rinni egallaydi.

Biroq AQSh-Kanada chegarasi ikki qismdan iborat. Birinchi qismi Kanada janubi va AQSh shimolidagi chegara. Ikkinchi qismi Kanadaning Alyaska bilan chegarasi.

Shu sababli Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi chegara yaxlit chegaralar reytingida u birinchi o‘rinda joylashgan.

Qozog‘istonning umumiy chegarasi 13200 km bo‘lib, u dunyo okeaniga chiqmaydigan davlatlar orasida hududining kattaligi jihatdan birinchi o‘rinda turadi.

Qozog‘iston va Rossiya chegarasi hududida bu ikki mamlakatning biridan ikkinchisiga oqib o‘tadigan daryolar shunchalik ko‘pki, chegaraning 5936,1 kilometri quruqlikdan, 1516,7 kilometri daryolardan, 60 kilometri esa ko‘l ustidan o‘tadi.

1. AQSh – Kanada: 8893 kilometr

Dunyo xaritasidan bilamiz, Shimoliy Amerika qit’asida asosan ikki yirik davlat – AQSh va Kanada joylashgan. Qit’aning o‘rtasidan uzun chegara o‘tadi va u AQSh hamda Kanadani o‘zaro ajratib turadi.

Shuningdek, qit’aning shimoliy qismida AQShning Alyaska shtati joylashgan va u yerda ham Kanada bilan uzun chegara bor.

AQSh va Kanada o‘rtasidagi chegara ikki davlat o‘rtasidagi eng uzun chegara reytingida birinchi o‘rinda joylashgan. Biroq u uzluksiz chegaralar reytingida Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi chegaradan so‘ng ikkinchi o‘rinda joylashgan.

Eng uzun chegaralar reytingda kuchli yigirmatalikda O‘zbekistonning ham chegarasi bor. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi 2 203 kilometrlik chegara reytingda o‘n yettinchi o‘rinni egallaydi.

Eng qisqa chegaralar, Top-10ligi

1. Botsvana – Zambiya: 150 metr

Botsvana va Zambiya o‘rtasidan o‘tgan 150 metrli chegara dunyodagi ikki davlat o‘rtasidan o‘tgan eng qisqa chegara hisoblanadi. Ushbu chegara Zambezi daryosi bo‘ylab o‘tgan.

Aynan shu joyda dunyodagi eng ajabtovur chegara joylashgan. Bir tomondan Namibiya, ikkinchi tomondan Zimbabve davlati yerlari kirib kelgan joyda Botsvana va Zambiya o‘rtasidagi 150 metrlik chegara yuqoridagi ikki davlatning tutashuvini kesib qo‘ygan.

2. Giblartar – Ispaniya: 1200 metr

Pireney yarimorolining janubiy qismida joylashgan Giblartar Britaniyaning dengizorti hududi hisoblanadi. Giblartar yarimorolida joylashgan bu davlat o‘z puli, bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega.

Uzoq yillardan buyon Ispaniya Giblartar o‘ziga tegishi kerakligini aytib keladi. Biroq bu davlat fuqarolari Ispaniya tarkibiga o‘tishga qarshi. Giblartar va Ispapiyani 1200 ming metrli chegara ajratib turadi. Giblartarning boshqa tomonlarini O‘rtayer dengizi suvlari o‘rab turadi.

3. Daniya – Kanada: 1200 metr

Daniya va Kanada o‘rtasidagi chegara Grenlandiya shimolida joylashgan mittigina Hans orolidan o‘tgan. Uzoq yillar davomida bu orol ikki mamlakat o‘rtasida bahsli bo‘lib keldi.

2022 yilda tomonlar kelishuvga erishdi va orolni ikkiga bo‘lib oldi. Shu tariqa Shimoliy Amerikada joylashgan Kanada va Yevropada joylashgan Daniya quruqlikda o‘zaro chegaraga ega bo‘ldi.

4. Vatikan – Italiya: 3200 metr

Vatikan dunyodagi eng mitti davlat hisoblanadi va u Italiya poytaxti Rim shahrining markazida joylashgan. Har ikki davlat o‘rtasidagi chegara bor-yo‘g‘i 3200 metrni tashkil etadi.

5. Monako – Fransiya: 5469 metr

Monako ham Vatikanga o‘xshab dunyodagi eng mitti davlatlardan biri hisoblanadi. Fransiyaning janubiy-sharqiy qismi bilan chegaradosh bo‘lgan bu davlatning bir qismini O‘rtayer dengizi suvlari yuvib turadi. Qolgan 5469 metr qismi Fransiya bilan chegaradosh.

6. Ozarboyjon – Turkiya: 13-15 km

Ozarboyjon davlatining Naxichevan muxtor respublikasi deb ataladigan qismini Armaniston, Eron va Turkiya hududi o‘rab turadi.

Naxichevonda Ozarboyjon va Turkiya o‘rtasidagi chegara 13-15 km atrofida. Ozarboyjon bu chegarani 15 km deb hisoblasa, Turkiya 13 km hisoblaydi.

7. Niderlandiya – Fransiya: 10,2 km

Yevropada Niderlandiya va Fransiya chegaradosh emas. Biroq Karib havzasida ularning quruqlikdan o‘tgan chegarasi bor. Gap shundaki Karib havzasidagi Sen-Marten oroli ikkiga bo‘lingan va uning yarmi Niderlandiyaga, qolgan qismi Fransiyaga qaraydi. Shu yerda ikki davlat 10,2 km joyda chegaradosh.

8. Ispaniya – Marokash: 15,9 km

Ispaniya Yevropada, Marokash Afrika qit’asida joylashgan va ularni O‘rtayer dengizi ajratib turadi. Biroq Marokash shimolida Ispaniyaning ikkita mitti hududi bor.

Sabta va Malilya deb ataluvchi bu hududlarda Ispaniya va Marokash quruqlikdan o‘tgan chegaralarga ega. Bu chegaralarning umumiy uzunligi 15,9 km.

Marokash har ikki hududni uzoq yillardan buyon Ispaniyadan qaytarib berishni so‘raydi. Biroq ispanlar Afrika shimolidagi muhim nuqtalarda joylashgan bu hududlarni qaytarib bermoqchi emas.

9. Rossiya – Shimoliy Koreya, 17 km

Uzoq Sharqda Koreya yarimorolining shimoliy qismida joylashgan Shimoliy Koreya bor-yo‘g‘i uchta davlat – Janubiy Koreya, Xitoy va Rossiya bilan chegaradosh.

Bu davlatning Rossiya bilan chegarasi Tumannaya deb ataluvchi daryo bo‘ylab o‘tadi va uning uzunligi 17 km atrofida. Daryo ustidan o‘tgan ko‘prik har ikki davlatni temiryo‘l orqali bog‘laydi.

10. Xorvatiya – Qoratog‘ (Chernogoriya), 25 km

Bolqon yarimorolida joylashgan bu ikki davlat Adriatika dengizi qirg‘oqlarida 25 kilometrlik masofada o‘zaro chegaradosh hisoblanadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid