G‘arbiy sohildagi bosqin: borgan sari ko‘proq falastinlik haydab chiqarilmoqda
Xalqaro hamjamiyatning e’tibori ko‘proq G‘azoga qaratilgan bir vaqtda, ko‘chmanchi yahudiylar G‘arbiy sohilni noqonuniy egallashda davom etmoqda. Surishtiruvlarga ko‘ra, falastinliklarni yerlaridan quvib chiqarish o‘tgan yilning 7 oktyabridan keyin tezlashgan. Kun.uz studiyasida – Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert Shavkat Ikromov sharhi.
Iordan daryosining g‘arbiy sohili, garchi mediadagi aksariyat xaritalarda 1967 yilgi chegaralar asosida ko‘rsatilsa-da, aslida bunday yaxlitlikka ega emas.
90-yillardagi Oslo kelishuvlari asosida, G‘arbiy sohildagi hududlar boshqaruvi bo‘yicha uch guruhga bo‘lingan:
- A hudud: Falastin milliy ma’muriyatining to‘liq fuqarolik va xavfsizlik nazoratida (asosan yirik shaharlar);
- B hudud: Falastin milliy ma’muriyati fuqarolik ishlari bo‘yicha nazoratni amalga oshiradi, xavfsizlik masalalarida Isroil va Falastin qo‘shma nazorat olib boradi;
- S hudud: to‘liqligicha Isroil nazoratidagi hududlar.
G‘arbiy sohilning katta qismi (60 foiz) aynan S hududga to‘g‘ri keladi. Bu hududlarda yahudiy qishloqlari va harbiy postlar joylashgan.
Yahudiy jamoalarining falastinliklar yashayotgan G‘arbiy sohil yerlarini egallab olishi uzoq yillardan beri davom etib keladi. BBC va “Al-Jazira” kabi xalqaro medialar olib borgan surishtiruvlarga ko‘ra, o‘tgan yilning 7 oktyabridan keyin bu jarayon tezlashgan.
“Isroil hukumati G‘arbiy sohil bilan chegaradagi 8 metrlik devorni avvaliga o‘z hududida qurishini ta’kidlagan, lekin amalda, devor qurib bitkaziligan keyin uning 85 foizi G‘arbiy sohil hududida qurilganini ko‘rish mumkin. Sekinlik bilan Iordaniya va Livan hududlariga qarab siljish ham rejalashtirilgan. Isroil G‘azo bilan butun dunyojamiyatini chalg‘itish va G‘arbiy sohilni egallashni rejalashtirgan. Bu bilan Falastin davlati tuzilishiga yo‘l qo‘ymaslik va chegaralarni Iordaniya, Livanga yaqinlashtirish maqsad qilingan”, deydi Shavkat Ikromov.
G‘azodagi urush G‘arbiy sohilga o‘tishi ehtimoli qanchalik mavjud? Tahlilchining so‘zlariga ko‘ra, agar Isroil G‘arbiy sohilga keng ko‘lamli armiya kiritsa, u yerda xalqaro tan olingan Mahmud Abbos boshchiligidagi Falastin hukumatining qarshiligiga uchraydi. Bu esa AQSh, Yevropa singari davlatlarning ritorik bayonotlari emas, amaliy sanksiyalariga sabab bo‘lishi mumkin.
“Shunday bo‘lsa-da, Isroilning hozirgacha bo‘lgan jinoiy protokollari ham ko‘payib bormoqda va bu vaziyatni ancha chigallashtiradi. Isroil xalqaro bosimdan qochish uchun ham G‘arbiy sohilni ko‘chmanchilar qo‘li bilan egallashni tobora kuchaytirmoqda. Bir necha kun oldin Ramallohdagi to‘qnashuvda amerikalik o‘smirning o‘limi shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Vaholanki, bir yil ichida 40 ming falastinlik halok bo‘lgandi”, deydi Ikromov.
NormuhammadAli suhbatlashdi.
Mavzuga oid
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
17:37 / 21.11.2024
Xalqaro jinoyat sudi Netanyahuni hibsga olishga order berdi
10:31 / 21.11.2024
AQSh Senati Isroilga qurol yetkazib berishni bloklashni rad etdi
23:12 / 19.11.2024