Jahon | 15:33 / 15.09.2024
13104
3 daqiqa o‘qiladi

Z‑blogerlar qo‘mondonlikni tanqid qilgan ikki rossiyalik harbiy halok bo‘lganini xabar qilishdi

RF mudofaa vaziri «vaziyatni o‘rganish»ga topshiriq bergan.

Foto: Videodan kadr

RF mudofaa vaziri Andrey Belousov RF qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimovga FXX aksilrazvedka bo‘limi bilan birgalikda «Janubiy harbiy okrugning 87-alohida o‘qchi polkining Ernest va Gudvin chaqiruv belgili harbiy xizmatchilari o‘limi haqidagi xabarlar bog‘liq vaziyatni o‘rganish»ni buyurgan. TASS RF mudofaa vazirligi bayonotidan iqtibos keltirgan holda xabar berishicha, Belousov bu ishni shaxsan o‘z nazoratiga olgan.

13 sentabr kuni Z-blogerlar 87-alohida polk harbiylari, dron operatorlarining razvedka otryadi komandirlari Dmitriy Lisakov (laqabi Gudvin) va Sergey Gritsay (laqabi Ernest) halok bo‘lgani haqida xabar tarqatdi. Lisakov va Gritsay qo‘mondonlikni tanqid qilishgani uchun ularning guruhlari tarqatib yuborilgani va o‘zlari shturmchi bo‘linmaga qo‘shilgani haqida aytishgandi.

Harbiylar tomonidan yozilgan videomurojaat ularning o‘limidan keyin e’lon qilingan, deb xabar beradi «Mediazona». Lisakov va Gritsay 87-polk komandiri Igor Puzik giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanishi hamda g‘arb razvedkasiga ishlashi — go‘yoki dron operatorlari razvedka otryadlari tomonidan qo‘lga kiritilgan ma’lumotlardan foydalanishga xalal berishi haqida aytishgan, shuningdek uni «shaxsiy adovat» tufayli qotillik qilishda ayblashgan. Ularning tasdiqlashicha, polk komandiri ularni muqarrar o‘limga yuborishga qaror qilgan, ular esa «qasamyod qilishgani, Vatan uchun, burchi bo‘lgani» tufayli rozi bo‘lishgan.

Astra nashri yozishicha, Lisakov va Gritsayning o‘limidan keyin e’lon qilinishiga kelishilgan videoda «hech kimga hech qachon RF armiyasida xizmat qilmaslik» maslahat berilgan va «rahbariyatning jinoyatlari», shuningdek, komandirlar qanday qilib «har kuni aldashi» haqida aytilgan.

Gritsayning so‘zlaridan murojaat Donetsk oblastidagi Memrik aholi yashash manzilida turib yozilgan, rossiyalik harbiylar ushbu qishloq egallangani to‘g‘risida 9 sentabr kuni e’lon qilgandi. Lisakov esa murojaatida bu xabar yolg‘on ekani va bunday yolg‘onlar har kuni e’lon qilinishini aytgan.

Mavzuga oid