Jahon | 14:20 / 16.09.2024
2804
2 daqiqa o‘qiladi

Polaris Dawn kosmik missiyasi ekipaji Yerga qaytib keldi

Polaris Dawn professional bo‘lmagan astronavtlar tomonidan birinchi marta ochiq kosmosga chiqishni muvaffaqiyatli yakunladi. Missiya Yer yaqinidagi orbitada 1400 km balandlikka ko‘tarilib, rekord o‘rnatdi.

Foto: SpaceX

Polaris Dawn xususiy kosmik missiyasi ekipaji professional bo‘lmagan astronavtlar tomonidan birinchi marta ochiq kosmosga chiqishni yakunlab, yerga qaytib keldi. 15 sentabr, yakshanba kuni to‘rt kishilik ekipaj bilan Dragon kapsulasi AQShning Florida shtati qirg‘oqlari yaqinida dengizga qo‘ndi.

Birinchi tijoriy tadqiqot missiyasi Polaris Dawn 10 sentabrda start oldi. Crew Dragon kemasi Florida shtatidagi Kanaveral burunidan uchirilgan. Ekipaj tarkibiga SpaceX bilan Polaris missiyasini moliyalashtirgan milliarder Jared Ayzekman, AQSh harbiy-havo kuchlarining iste’fodagi podpolkovnigi Skott Potit, shuningdek, SpaceX ikki xodimi – kosmik operatsiyalar bo‘yicha yetakchi muhandis Anna Menon va astronavtlarni tayyorlash bo‘yicha muhandis Sara Jillis kirdi.

Balandlik rekordi

11 sentabr kuni Polaris Dawn missiyasi Yer yaqinidagi orbitada 1400 km balandlikka ko‘tarilib, rekord o‘rnatgani ma’lum bo‘ldi. Orbita apogeyidagi oldingi rekord - 1373 km - boshqariladigan Gemini-11 kosmik kemasiga tegishli bo‘lib, 1966 yildan beri saqlanib kelayotgandi (odamlar Yerdan faqat oyga ekspeditsiyalar paytida uzoqroq uchishgan). Polaris Dawn, shuningdek, Apollo'ning 1972 yilda so‘nggi parvozidan buyon eng uzoq missiya va ayol kishining kosmosga qilgan eng uzoq safari bo‘ldi.

Kelgusi yillarda Jared Ayzekman va SpaceX bosh direktori Ilon Mask Polaris dasturi doirasida yana ikkita missiyani, jumladan, hali ishlab chiqilayotgan yangi Starship raketasi birinchi boshqariladigan parvozini rejalashtirmoqda. Ushbu dasturning narxi haqida xabar berilmagan.

Mavzuga oid