Jahon | 21:37 / 16.09.2024
3772
2 daqiqa o‘qiladi

«Tolibon» Afg‘onistonda poliomiyelitga qarshi emlash jarayonlarini to‘xtatib qo‘ydi

Afg‘oniston - potensial o‘limga olib keladigan falajlovchi ushbu kasallik keng tarqalgan ikki mamlakatdan biri hisoblanadi. «Tolibon»ning mazkur qarori mintaqadagi boshqa davlatlarda ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi aytilmoqda.

Foto: AP

BMT «Tolibon» Afg‘onistonda poliomiyelitga qarshi emlash kampaniyasini to‘xtatib qo‘yganini ma’lum qildi, deb xabar beradi Associated Press. Bu poliomiyelitga qarshi kurashda halokatli ortga qadam hisoblanadi, chunki virus dunyodagi eng yuqumli bo‘lib, emlanmagan har qanday bolalarga ziyon yetkazishi mumkin.

Afg‘oniston — potensial o‘limga olib keladigan falajlovchi ushbu kasallik keng tarqalgan ikki mamlakatdan biri hisoblanadi. Ikkinchisi — Pokiston. «Tolibon»ning mazkur qarori mintaqadagi boshqa davlatlarda ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi aytilmoqda.

Emlash to‘xtatilgani haqidagi xabar emlash kampaniyasi boshlanishi arafasida BMT agentliklariga yetkazilgan. Qayd etilishicha, emlashni to‘xtatib turish uchun hech qanday sabab keltirilmagan, «Tolibon» rasmiylari esa holat yuzasidan izoh bermagan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) yuqori martabali amaldorlari tashkilot uyma-uy yurib hamda masjid kabi joylarda emlashni to‘xtatish bo‘yicha muhokamalar olib borilganidan xabardor ekanini bildirdi.

JSST joriy yilda Afg‘onistonda poliomiyelit bilan kasallanishga oid 18 ta holat qayd etilganini tasdiqladi. Bu 2023 yilga nisbatan oltita holatga ko‘p.

«Tolibon» avvalroq ba’zi viloyatlarda emlovchi ayollardan erkak mahram bo‘lishini talab qilgan, boshqa viloyatlarda esa ayollarni kampaniyadan chetlatgan. JSST Afg‘onistondagi emlash kampaniyalarida ayollarning ishtiroki 20 foiz atrofida qolayotganini aytgandi.

Mavzuga oid